Paxta hosiliga hosil qoʻshib, yigʻim-terim mavsumini uyushqoqlik bilan oʻtkazaylik!
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Rayosati aʼzolarining fermerlarga
MUROJAATI
Qadrli vatandoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha xodimlari!
Bu yilgi tabiat qiyinchiliklariga qaramasdan, biz fermer va dehqonlar tomonidan respublika boʻyicha 1 million gektardan ortiq maydonlarda chigit qadab, mashaqqatli mehnatimiz evaziga paxtadan moʻl hosil yigʻishtirib olish pallasida turibmiz.
Barchamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi oʻta murakkab iqlim sharoitida koʻplab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, yerdan moʻl hosil yetishtirish – bu chinakam jasorat va matonat namunasidir.
Xalqimiz Sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi va irrigatorlar, oʻz ishining haqiqiy ustasi boʻlgan mexanizator va agronomlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni koʻradi va el-yurt dasturxonini toʻkin qilish yoʻlidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi.
Aslida buning zamirida Siz va bizning fidoyiligimiz orqali mamlakatimizning iqtisodiyotiga hissa qoʻshishdir. Shu muqaddas zaminda tavallud va tarbiya topgan, oʻzini aynan shu yurt farzandi deb bilguvchi inson oʻz davlati, xalqi oldidagi, uni umidlar bilan tarbiyalagan, voyaga yetkazgan jamiyat oldidagi burchini ado etishi kerakdir.
Himmati baland mirishkor fermerlar!
Avgust oyida bajariladigan agrotexnik tadbirlarning ahamiyati paxta hosildorligini oshirishda nihoyatda muhim. Negaki, hosilning ertagi, sifatli va moʻl boʻlishi ayni shu oydagi mehnat natijasi bilan oʻlchanadi. Zero, gʻoʻza agrotexnikasi talablarga muvofiq bajarilsa, rivoji tezlashib, koʻsaklarga koʻsak qoʻshiladi, erta pishib yetiladi, hosilga baraka kiradi.
Yuqoridagidan kelib chiqib, paxtadan yuqori hosil olish uchun avgust oyining keyingi 15 kunligida yana biz fermerlar tomonidan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish zarur boʻlayotganligini hamda ortiqcha yetishtirilgan har bir kilogramm paxta uchun qoʻshimcha daromad olishingizni yurakdan his etib, quyidagi tadbirlarni har qachongidan ham masʼuliyat bilan yondashib amalga oshiraylik!
birinchidan, barcha dehqonlarning oʻrni dalada boʻlishi, ayniqsa suvchi, mexanizator, entomologlar oʻz ishiga oʻta jiddiy yondashmogʻi darkor;
ikkinchidan, gʻoʻzani yana bir marta sharbat usulida qondirib sugʻorish, buning uchun suvchilarga barcha shart-sharoit yaratib, tungi sugʻorishni yoʻlga qoʻying;
uchinchidan, zararkunanda hasharotlar – koʻsak qurti, oʻrgimchakkana, beda qandalasi, qora shira xurujidan himoya qilishni kuchaytiring, uygʻunlashgan kurash choralarini keng qoʻllang;
toʻrtinchidan, avgustda bajariladigan yumushlarning yana bir nozik jihati shundaki, bu paytga kelib, gʻoʻza qator oralarida shoʻra, it uzum, qoʻy pechak, gʻumay, suv oʻti kabi begona oʻtlar ham zoʻr berib oʻsadi.
Gʻoʻzadan baland boʻlib, hasharotlarni oʻziga jalb etish bilan birga, turli zararli mikroorganizmlar koʻpayib, pastki yarusdagi koʻsaklarni chirishiga, makrosparioz va boshqa chirish kasalliklari koʻpayishiga olib keladi hamda gʻoʻzaga berilgan oʻgʻitni asosiy qismini oʻzlashtiradi.
Shu sababli har bir dala yana bir marta koʻzdan kechirilib, begona oʻtlarni suvdan keyin qoʻlda yulib olish va barcha paykallar begona oʻtlardan tozalanishiga jiddiy eʼtibor qarating.
beshinchidan, rivoji kechroq boʻlgan gʻoʻza dalalarda chilpish ishlarini yakuniga yetkazing;
oltinchidan, biologik stimulyatorlar bilan qoʻshimcha ishlov bering gʻoʻza rivoji kechki boʻlgan dalalarda ham paxtani erta pishib yetilishiga va hosili barakali boʻlishiga erishing;
yettinchidan, avgust oyida gʻoʻza qator oralari tutashib-birlashib ketmagan dalalarda 1–2-marta mayin kultivatsiya qiling.
Lekin, qator orasida kultivatsiya shunday oʻtkazilishi kerakki, bunda, gʻoʻza tuplariga ziyon yetkazmasin, koʻsaklarni toʻkmasin, gʻoʻza poyalarini payhon qilmang. Shuning uchun, kultivatorlarni ishchi organlarini “Baliq sirti” qilib oʻrang;
sakkizinchidan, koʻchat soni qalin boʻlgan, oʻsib ketgan va gʻovlagan gʻoʻza maydonlarni pastki koʻsaklarning chirishini oldini olish uchun varaqalash ishlarini amalga oshiring;
toʻqqizinchidan, har bir fermer xoʻjaligi rahbari paxtachilik klaster korxonalari bilan hamkorlikda yanada ishlarni jadallashtirib, yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirib bu yil paxta hosilini oʻtgan yilgidan 4-5 sentnerga oshirib, yuqori daromad olishga erishing.
Paxtachilikdagi bunday yuqori natijalar, avvalo, dehqon va fermerlar, paxta klasterlari hamda soha fidoiylari tomonidan tunu kun qilingan mashaqqatli mehnatining, shuningdek, puxta oʻylangan islohotlar va ilmiy yondashuvlarning munosib samarasi demakdir.
Xabaringiz bor, keyingi yillarda qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarimizda asosiy eʼtiborni suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish, xoʻjalik va korxonalarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, eng muhimi, dehqon va fermerlarning ogʻirini yengil qilishga qaratmoqdamiz.
Hurmatli klaster korxonalari rahbarlari!
Sizlarning eʼtirofga arzigulik darajadagi biznes rejalaringiz asosida, bir necha yillar faqat xom-ashyo sifatida sotilgan tolalarimiz, bugungi kunda qayta ishlanib, tayyor mahsulot boʻlib milliy iqtisodiyotimiz oʻsishiga va eksport salohiyatimiz mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Qolaversa, Sizlarning rejalaringizni omili ham yetishtirilgan hosilni oʻz vaqtida sifatli yigʻib olinishga bogʻliqdir.
Shuning uchun quyidagi tadbirlarni ogʻishmay amalga oshiring!
birinchidan, paxta qabul qilish maskanlarini fermerlar xoʻjaliklar tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosini qabul qilish mavsumiga tayyorlang;
ikkinchidan, fermer xoʻjaliklari bilan birgalikda paxtani yigʻib-terib olish uchun koʻngilli terimchilarga shart — sharoitlar yarating.
Hurmatli fermer va dehqonlar!
Barcha imkoniyatlarni ishga solib mashaqqatli mehnat evaziga yetishtirilgan hosilingizni nes-nobud qilmasdan, yigʻib-terib olishda ishchilaringiz hamda koʻngilli terimchilarga shart-sharoitlar yarating.
2024-yil hosilini qisqa fursatlarda va sifatli yigʻib olish ishlarini tashkillashda butun masʼuliyat Sizning zimmangizda ekanligini unutmang!
Aziz fermer va dehqonlar!
Paxta yigʻim-terimi mavsumida shunday mehnat koʻtarinkiligini tashkil qilaylikki, toki har bir Oʻzbekistonlikman, degan inson oʻzini dehqondek his etsin. Bobodehqon yelkasidagi yukni koʻtarishga kamarbasta boʻlish, el-yurt tashvishiga sheriklik qilish, dehqonning zafarlaridan faxrlanish uchun kurashish hissi yuragingizda joʻsh ursin!
Barchangizni mazkur ezgu ishda ishtirok etishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga, ona yurtimiz yanada obod boʻlishi uchun munosib hissangizni qoʻshishga hamda 15 kun mobaynida paxta dalalariga yanada ishlov berishga va paxta yigʻim-terimi mavsumida faol qatnashishga daʼvat etamiz!
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Rayosat aʼzolari |
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sharqda hammasi tinch emas: Xitoy va AQSH Tinch okeanida faollashgani aytilmoqda
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Rasman Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov lavozimdan ketdi. Uning vazifasini bajaruvchi ham tayinlangan
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring