Ozon qatlamini muhofaza qilishga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi

10:08 16 Sentyabr 2025 Siyosat
51 0

Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi tomonidan 16-sentyabr Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuni munosabati bilan seminar oʻtkazildi.

Seminarda senatorlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, doimiy komissiya raislari, Qoʻmita Ekspertlar kengashi aʼzolari, tegishli idoralar masʼullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, 1985-yilda Ozon qatlamini himoya qilish toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi qabul qilinishi bilan ozon muammosini hal etish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarning aniq mexanizmi yaratildi.

Mazkur Konvensiya doirasida ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazishda xalqaro hamkorlik, ozon qatlamini tizimli monitoring qilish, ozonni yemiruvchi moddalar – xlorftoruglerodli birikmalarning ishlab chiqarilishi monitoringi va axborot almashinuvi koʻzlangan.

Seminarda mutaxassislar tomonidan ozon qatlamining yemirilishi insoniyatda teri kuyishlari, pigmentatsiya buzilishlari va teri saratoni (melanoma) xavfini oshirish, ultrabinafsha nurlarining ortishi natijasida katarakta (koʻz gavharining xiralashishi), toʻr parda shikastlanishi va boshqa koʻz kasalliklari kelib chiqishiga, shuningdek, inson immun tizimini zaiflashiga olib kelishi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi 1993-yildan buyon Ozon qatlamini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi va Ozon qatlamini buzuvchi moddalar boʻyicha Monreal protokoli ishtirokchisi hisoblanadi.

Seminarda Oʻzbekiston Monreal protokoliga kiritilgan beshta tuzatishdan toʻrttasiga qoʻshilgani va ushbu xalqaro shartnomalar asosida ozon qatlamini yemiruvchi moddalar isteʼmoli talablarini toʻliq bajarib kelayotgani qayd etildi.

Bugungi kunda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida Monreal bayonnomasi Kigali tuzatmasiga qoʻshilishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan oʻrganishlar olib borilayotganligi keltirib oʻtildi.

Shu bilan birga, ozon qatlamini yemiruvchi moddalar boʻyicha Monreal bayonnomasi talablarini taʼminlash yuzasidan olib borilgan ishlar holati, shuningdek, mazkur bayonnoma talablarini amalga oshirish mexanizmi va atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish masalalarini muhokama qilindi.

Seminarda mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari aʼzolari oʻz fikr va takliflarini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер