Ozoda Nursaidovaning klipidagi fojia. IIBB 4 oydan soʻng rasmiy maʼlumot berdi

12:49 12 Mart 2025 Jamiyat
296 0

Videodan kadr

Kecha, 11-mart kuni koʻplab OAVlar Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ozoda Nursaidovaning qoʻshigʻi uchun klip suratga olish jarayonida aktrisa Sabrina Jabborovani avtomobil bosib ketgani haqida yozdi. Toshkent shahar IIBB bundan roppa-rosa 4 oy muqaddam — 2024-yilning 7-noyabrida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasi haqida negadir kecha rasmiy maʼlumot berdi.

Bildirilishicha, hodisa oʻtgan yilning 7-noyabr kuni soat taxminan 13:00 larda Mirzo Ulugʻbek tumani Yangi Oʻzbekiston koʻchasida joylashgan avtoturargohlarning birida sodir boʻlgan. Voyaga yetmagan haydovchi — 2008-yilda tugʻilgan S.P. “Mercedes-Benz” rusumli avtomashinada harakatlanib, 2 nafar piyodani (2003-yilda tugʻilgan J.S. va 2006-yilda tugʻilgan Sh.E.) urib yuborgan.

Jabrlanuvchilar shifoxonaga olib borilgan. Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasiga koʻra, fuqaro Sh.E.ning holati ogʻirlik darajasi boʻyicha yengil tan jarohati, fuqaro J.S. esa “ogʻir” tan jarohati deb baholangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

“Hozirda dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, tegishli tartibda sudga yuborish chorasi koʻrilmoqda”, deyiladi xabarda.

Mazkur YTHda oʻta ogʻir tan jarohati olib, nogironlar aravachasiga mixlanib qolgan aktrisa Sabrina Jabborova Instagram sahifasida yordam soʻrab, murojaat yoʻlladi.

Aktrisaning yozishicha, klipda suratga tushayotgan boshqa bir voyaga yetmagan qiz rejissyorning koʻrsatmasi bilan Mercedes-Benz avtomobilini haydab, boshqaruvini yoʻqotgan. Oqibatda Sabrina mashina gʻildiraklari ostida qolib, ogʻir darajadagi tan jarohatlari olgan.

Jabrlanuvchiga birinchi yordam vaqtida koʻrsatilmagani oqibatida u koʻp qon yoʻqotgan. Keyin uni 4-sonli kasalxonaga olib borishgan, 9 soatlik operatsiyadan soʻng bemorning hayoti saqlab qolingan. Biroq, jarrohlik amaliyoti notoʻgʻri bajarilgani tufayli qizning chap oyogʻi oʻngidan 7 sm uzunroq boʻlib, nogiron boʻlib qolgan.

Bildirilishicha, ayni vaqtda shifokorlar qizning salomatligini tiklash uchun uning tos suyagini sindirib, suyaklarni toʻgʻrilash kerakligi, bunday operatsiyalar kamdan kam holatlarda muvaffaqiyatli oʻtishini aytgan.

Shuningdek, murojaatda keltirilishicha, suratga olish tashkilotchilari va boshqa aybdor shaxslar jabrlanuvchiga yetarlicha yordam koʻrsatmagan. Faqatgina 4 oy davomida “filmni suratga olishda texnik qoidalarni buzganligi” uchun jarima sifatida 500 dollar toʻlab turgan.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu hodisa boʻyicha ish sudga oshirilgan, lekin hali sud jarayoni hali boshlanmagan. Sabrina tergovchi unga ish materiallarini taqdim qilmaganini aytgan.

Murojaatda aktrisa normal yurish qobiliyatini tiklash uchun chet elda takroriy operatsiya oʻtkazishi kerakligini aytgan va jamoatchilikdan yordam soʻragan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?