Ozoda Nursaidovaning klipida jiddiy jarohat olgan Sabrina Jabborova Turkiyada operatsiya qilinadigan boʻldi

Oʻzbekistonlik yosh aktrisa Sabrina Jabborova Turkiyada jarrohlik amaliyotidan oʻtadigan boʻldi. U xonanda Ozoda Nursaidovaning “Dilbarim” qoʻshigʻiga klip suratga olish jarayonida avtomobil urib ketishi oqibatida jiddiy jarohat olgan edi. Aktrisaning ijtimoiy tarmoqlarda joylangan videosida u Oʻzbekiston xalqi tomonidan bildirilgan qoʻllab-quvvatlash va moddiy yordam uchun minnatdorchilik bildirdi.
Sabrinaning soʻzlariga koʻra, xalq tomonidan unga yordam sifatida kartasiga mablagʻ oʻtkazilmoqda va aynan shu mablagʻ evaziga Turkiyada operatsiya qilinadi. U onasi bilan Turkiyaga uchib ketayotgani va u yerdagi professor tomonidan koʻrikdan oʻtishi rejalashtirilganini aytib oʻtdi. Shuningdek, operatsiyaning aniq xarajatlari shifokorlar tekshiruvlaridan soʻng maʼlum boʻlishini taʼkidladi.
Shu paytgacha voqeaga bevosita aloqador boʻlgan xonanda Ozoda Nursaidova oʻzining koʻplab tafsilotlardan bexabar boʻlganini aytib, Sabrina oldida uzr soʻradi. Uning soʻzlariga koʻra, u Jabborovaning holati va operatsiya natijasida oyogʻi 7 santimetrga kalta boʻlib qolganini ijtimoiy tarmoqlarda video chiqishi bilan bilgan. U shu vaqtgacha aktrisaning reabilitatsiya jarayonidan oʻtayotganini oʻylaganini aytib, vaziyatdan toʻliq xabardor boʻlmagani uchun afsusdaligini bildirdi.
“Endilikda Sabrinaga 2-3 bosqichli murakkab operatsiya qilish kerak ekan. Shu sabab, uni sogʻligʻiga befarq boʻlmagan barcha insonlarga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. Oʻylaymanki, ushbu jarrohlik amaliyotidan keyin Sabrina sogʻligʻini tiklab, oldingi hayotiga qaytadi”, — deya izoh berdi xonanda.
Xonanda Munisa Rizayeva esa Sabrina uchun Turkiyadan shifokor izlash jarayonida faol ishtirok etganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, Turkiyada koʻplab shifokorlar bunday murakkab operatsiyani amalga oshirishga rozi boʻlmagan. Biroq, oxir-oqibat bitta professor operatsiyani oʻz zimmasiga olishga rozi boʻldi.
“Shundan soʻng, biz Sabrinaning karta raqamini oʻz sahifalarimizda tarqatdik. Juda koʻp insonlar unga yordam berish uchun mablagʻ oʻtkazmoqda. Kartada hozir yetarlicha summa yigʻildi. Bu pullar evaziga biz Sabrinaga Istanbulga aviachiptalar oldik, u yerdan uy ijaraga oldik, shifokorlar bilan kelishib oldik”, — dedi Munisa Rizayeva.
Shuningdek, Rizayeva yana kimdir Sabrinaga homiylik qilishni istasa, bu juda katta yordam boʻlishini taʼkidladi. Ayni paytda aktrisaning sogʻligʻini tiklash va operatsiya xarajatlarini qoplash uchun jamgʻarma ishlashda davom etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring