OʻzLiDeP va “Milliy tiklanish” partiyalari prezidenti saylovi uchun oʻz vakolatli vakillarini roʻyxatga olishni soʻrab murojaat qilgan — MSK

13:38 27 Iyul 2021 Siyosat
1264 0

23-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti saylovi boʻyicha saylov kampaniyasiga start berilgan edi.

Bu, oʻz navbatida, Markaziy saylov komissiyasi va siyosiy partiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha kalendar rejadagi tadbirlarni oʻz vaqtida hamda bosqichma-bosqich amalga oshirib borishlari zarurligini anglatadi.  Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmatining xabar berishicha, siyosiy partiyalar oʻz vakolatli vakillarini roʻyxatga olishni soʻrab murojaat qilishmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 34-moddasida «Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.

Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, siyosiy partiya tomonidan berilgan hujjatni va tegishli saylov komissiyasining mandatini oʻz yonida olib yurishi shart», deb koʻrsatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 11-sentyabrdagi 935-sonli qarori bilan Siyosiy partiyaning vakolatli vakili toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlangan. Mazkur Nizomga muvofiq esa «Markaziy saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda ishtirok etish uchun siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman eʼlon qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda oʻz vakolatli vakilini tayinlaydi hamda uni roʻyxatdan oʻtkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni (murojaatnoma, nomzodning pasport nusxasi, 2 dona 3x4 hajmdagi fotosurat) taqdim etadi.

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiya tomonidan tavsiya etilgan vakolatli vakil nomzodiga tegishli hujjatlarni koʻrib chiqib, uch kunlik muddatda uni roʻyxatga oladi va unga belgilangan shaklda mandat beradi».

Yuqoridagi talablarga asosan, siyosiy partiyalarning oʻz vakolatli vakillarini tayinlaganligi hamda ularni oʻrnatilgan tartibda roʻyxatga olish va belgilangan namunadagi mandatni berish haqidagi murojaatlari Markaziy saylov komissiyasiga kelib tusha boshladi.

Xususan, 26-iyul kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan ana shunday murojaatlar kelib tushdi.

Taʼkidlash joizki, saylov kampaniyasida Markaziy saylov komissiyasi va siyosiy partiya oʻrtasida muloqot olib borish, talab etilgan hujjatlarni taqdim qilishni tashkiliy ravishda tartibga solish uchun Vakolatli vakil faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Vakolatli vakil, birinchi navbatda, saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyaning manfaatini ifodalaydi va uning saylov jarayonidagi ishtirokiga oid masalalarni hal qilib boradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер