OʻzLiDeP deputatlari va faollari ishtirokida Samarqandda uchrashuvlar tashkil etilmoqda

10:58 18 Aprel 2024 Jamiyat
100 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/«Xalq soʻzi». Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati Navroʻz Rizayev, OʻzLiDeP Samarqand viloyat Kengashi rahbari Ilhom Botirov va boshqa faollar ishtirokida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbirda OʻzLiDeP partiyasining siyosiy platformasi va kelgusi rejalari haqida keng maʼlumot berish bilan bir qatorda, Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yilida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida soʻz yuritilib, yurtimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar, qonunchilikdagi yangiliklar haqida batafsil toʻxtalib oʻtildi. Xususan, huquqiy asoslarni mustahkamlashga maqsadida 2023-yilda Qonunchilik palatasi tomonidan 100 ta qonun qabul qilingani va Senatga yuborilgani, 20-marta hukumat aʼzolari va davlat organlari rahbarlarining axboroti eshitilgani, mansabdor shaxslarga 15 ta parlament soʻrovi, 134 ta deputat soʻrovi yuborilgani taʼkidlandi.

Muloqotda bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkor va xususiy sektor vakillari tomonidan tashkil etilayotgan oliygohlar soni koʻpayayotgani qayd etildi. Misol uchun, bundan olti yil avval yurtimizda 60 ga yaqin OTM faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan bu raqam xususiy sektor misolida koʻpayib, 200 dan oshdi. Bu ham OʻzLiDePning siyosiy harakatlar dasturidan keng oʻrin olganligi bilan ahamiyatlidir.

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida 15 ta yoʻnalishda agrar soha uchun zamonaviy mutaxassislar tayyorlanmoqda. Yil yakuniga qadar institutning 200 dan ortiq talabalari hamda ular bilan birga tyutor vazifasini bajarish uchun 5 nafar yosh oʻqituvchilarni haq toʻlanadigan xorijiy amaliyotlarga va stajirovkalarga yuborish rejalashtirilgan. Institutda Yaponiya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (JICA) tomonidan moliyalashtirilayotgan qiymati 100 ming AQSH dollar boʻlgan hamda Janubiy Koreyaning qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligi (MAFRA)ning mablagʻlari hisobidan qiymati 4,3 mln. AQSH dollari boʻlgan loyihalar doirasida In-vitro laboratoriyasi va issiqxonalar qurilishi ishlari amalga oshirilmoqda.

Talabalar uchun oʻquv auditoriyalar sigʻimini oshirish uchun institutning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan boʻsh turgan tomat sexi binosining bir qismida jami sigʻimi 160 oʻrinli 4 ta oʻquv auditoriyasi hamda 2 ta oʻqituvchilar xonasini taʼmirlash ishlari yakunlandi.

Tadbirda institut oʻqituvchi va talabalari tomonidan OʻzLiDeP safiga kirish takliflari bildirildi, ishtirokchilarning taklif va mulohazalari eshitildi.

Oliy Majlis deputati Navroʻz Rizayev va OʻzLiDeP masʼullari «Suvchilar maktabi» faoliyati bilan tanishdi. Xabaringiz bor, 2023-yil 18-aprel kuni muhtaram Prezidentimiz huzurida suv xoʻjaligi sohasini isloh qilish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida «Suvchilar maktabi» tashkil etish boʻyicha topshiriq berilgan edi. Mazkur topshiriq ijrosi doirasida Suv xoʻjaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Milliy Tadqiqot Universiteti hamda «Agrobank» OAJ hamkorligida «Suvchilar maktabi» tashkil etildi.

2023-yilda birinchi bosqich oʻquvlari tashkil qilinib, besh oy mobaynida yaʼni may oktyabr oylari davomida respublika boʻyicha 155 ta tumanda 61 mingdan ortiq fermer xoʻjaliklari rahbar va xodimlari qisqa muddatli kurslarda oʻqitildi.

Maktabni tashkil etishda Turkiya, Ispaniya, Xitoy davlatlarining tajribalari oʻrganildi hamda ushbu davlatlardan xorijiy mutaxassislar jalb qilinib, oʻquv dasturlari ishlab chiqildi. Oʻquv jarayoniga 50 nafardan ortiq ilmiy xodimlar, 20 nafar Turkiya, Ispaniya, Xitoy davlatlari ekspertlari jalb qilindi.

Oʻquvlarda ishtirok etgan tinglovchilarning taklif, fikr mulohazalari inobatga olingan holda uzoq muddatli dastur ishlab chiqildi hamda «Suvchilar maktabi»ni ikkinchi bosqichiga start berildi. Bu bosqichda 60 ming nafar fermer xoʻjaliklari rahbarlarini chuqurlashtirilgan holda oʻqitishga moʻljallangan. Shuningdek, maktabda «Loyihachi» hamda «Tashkilotchi» oʻquv kurslari ham tashkil etilmoqda.

Oliy Majlis deputati hamda OʻzLiDeP masʼullari shuningdek, Oqdaryo tumandagi iqtisodiyot sektori vakillari, bank xodimlari, tadbirkor va fermerlar bilan uchrashdi, ularga koʻrsatilayotgan xizmatlar bilan yaqindan tanishishdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan moliya idoralarida roʻy berayotgan yangilanishlar, banklarning ochiq va shaffof, shuning barobarida mijoz uchun kafolatli va xavfsiz xizmat koʻrsatib kelayotgani zamon talabiga mos ekanligini taʼkidlandi.

Muloqotda tadbirkor va fermerlarning savollariga javoblar qaytarildi hamda OʻzLiDePning keyingi besh yildagi dasturi loyihasi hamda uning ustuvor jihatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Oqdaryolik tadbirkor Sherzod Neʼmatov tashkil etgan xususiy tibbiy klinikada bel va oyoq ogʻrigʻi, umurtqa churrasi dardiga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashgan. U 180 bemorga moʻljallangan. Muassasa zamonaviy tibbiyotning ilgʻor uskunalari bilan jihozlangan. Bu yerga Qirgʻiziston va Qozogʻiston kabi qoʻshni mamlakatlardan ham bemorlar shifo umidida kelmoqda.

OʻzLiDeP vakillari va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati N. Rizayev maskan mutaxassislari va davolanayotgan bemorlar bilan muloqotda boʻlib, tibbiyot sohasidagi oʻzgarishlar, davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan yaratilayotgan imkoniyatlar xususida toʻxtalib oʻtdi.

— Bugun mamlakatimizda qaysi sohada boʻlmasin xususiy sektor ulushi yuksalib bormoqda, — deydi shifoxona rahbari Sherzod Neʼmatov. — Bundan 7-yil oldin eski kolxoz idorasining boʻsh yotgan qarovsiz binosini nol qiymatda olib, ish boshlagan edik. Berilgan imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanib, yangi bino qurib, faoliyatimizni kengaytirdik. Ammo bugungi kunda chet mamlakatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy tibbiy uskunalar, ayniqsa MRT apparati narxlarining yuqoriligi bemorlar uchun shu yerning oʻzida tashxis qoʻyish imkoniyatini bermayapti. Bu muammoni hal etishda imtiyozlar yaratilsa maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Shuningdek, muloqotlar davomida OʻzLiDePning keyingi besh yildagi dasturi loyihasi hamda uning ustuvor jihatlari haqida batafsil maʼlumot berilib, ishtirokchilarning taklif va mulohazalari eshitildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер