Oziq-ovqat xavfsizligi boshqaruvi boʻyicha Ozarbayjon tajribasi oʻrganildi

Shu kunlarda zamonaviy oziq-ovqat xavfsizligi boshqaruvi boʻyicha tajriba almashish maqsadida Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi, Sogʻliqni saqlash va Qishloq xoʻjaligi vazirliklari, Veterinariya qoʻmitasi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Hisob palatasi rahbar xodimlaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Ozarbayjonda boʻlib turibdi. Tashrif BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi koʻmagida tashkil etildi.
25-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Atabekov boshchiligidagi delegatsiya Ozarbayjon Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi agentligida qabul qilindi. Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, oʻsimliklarni himoya qilish va veterinariya sohalarida tajriba almashdilar.
Ozarbayjon Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi agentligi raisi oʻrinbosari Zakiya Mustafayevaning taʼkidlashicha, soʻnggi yillarda Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar yuqori darajadagi oʻzaro tashriflar, imzolangan kelishuvlar va qoʻshma tashabbuslar orqali izchil rivojlanib bormoqda.
Oʻzbekiston delegatsiyasiga Ozarbayjonda oziq-ovqat xavfsizligi qonunchiligini takomillashtirish, xavf-xatarlarga asoslangan tekshiruv mexanizmlari, inqirozli vaziyatlarni boshqarish tizimlari va tezkor ogohlantirish mexanizmlarining joriy etilishi haqida batafsil maʼlumot berildi.
Taqdimotlarda, nazorat va inspeksiya tartiblari, jumladan, xavflarni tahlil va nazorat qilishning muhim nuqtalari tizimining qoʻllanilishi, oziq-ovqat mahsulotlarini import va eksport qilish talablari, yangi mahsulot turlari, oziq-ovqat qoʻshimchalari, pestitsidlar, veterinariya dori vositalari va ozuqa qoʻshimchalarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi, milliy raqamli tizim – Avtomatlashtirilgan oziq-ovqat xavfsizligi axborot tizimi faoliyati, jamoatchilik bilan muloqot, ommaviy axborot vositalaridan foydalanish va axborot materiallarini tayyorlash kabi yoʻnalishlarda batafsil maʼlumot berildi.
Tashrif dasturi davomida Ozarbayjon Oziq-ovqat xavfsizligi institutidagi uchrashuvlar, shuningdek, chegara nazorat punktlari va laboratoriyalarga tashriflar boʻlib oʻtdi. Oʻzbekistonlik mutaxassislar oziq-ovqat importi va eksporti nazoratida “yagona darcha” modelining amaliyoti bilan tanishdi. Taʼkidlanishicha, mazkur oʻquv tashrif Oʻzbekistonga sohani isloh qilish, laboratoriyalarni mustahkamlash hamda manfaatdor tomonlarni oziq-ovqat xavfsizligi sohasiga kengroq jalb etish boʻyicha qimmatli tajribalarni oʻrganish imkonini beradi.
Ushbu tashabbus FAO tomonidan Oʻzbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boshqaruvini kuchaytirish va savdoni yengillashtirish yoʻnalishidagi uzluksiz qoʻllab-quvvatlashning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring