Oʻzimning tillagina bolam…
Voy, onang oʻrgilsin sendan, bolaginam! Aytivdinga, “hammasini doʻpposlayman, yigit soʻzi bitta boʻladi” deb. Men esa biror joying lat yemasin, hushyor boʻlgin bolam, deb tun-u kun xavotirda edim. Hech televizor ekraniga qaray olmaganman. Shu safar yuragim dov berib qaradim. Qaradim-u seni qaddi qomatingni, mushtlaringni bir-biriga qattiq urib, chiqib kelishlaringni koʻrib, koʻzlarimga yosh keldi. Nega yosh kelmasin, seni katta qilishning oʻzi boʻlmagan-ku! Men seni musht yeyish uchun tugʻmaganman. Gʻolib boʻlishing, har joydan noningni halollab yeyish uchun dunyoga keltirganman. Shuning uchun televizorga qarashga qoʻrqaman. Bu safar qaradim, bolam.
Boks deganiyam oʻzimizning ota-bobolardan qolgan kurashga oʻxshab ketar ekan. Faqat shu oyoq bilan emas, qoʻl bilan kurashilar ekan. Qarab turibman-u, sening shahd-u shiddatingni koʻrib, quvonayapman. Shu payt, bir voqea roʻy berdi. Sen boyoqish qoragina bolaning jagʻiga shunday tushirdingki, naq ring, ring emas Parijning Eyfel minorasi zirillab ketdi. Undan ham mening yuragim qattiq jizilladi. Bolaning begonasi boʻlmaydi. Oʻsha bolaga juda rahmim keldi. Uyam umid bilan olimpiadaga kelgan. Uning ham onasi, otasi, aka-ukalari bor. Zarb uni esankiratib qoʻygani yaqinlariga qanchalik taʼsir qildi. Ona sifatida men ham juda aziyat chekdim. Bechoragina bola, ishqilib hech narsa qilmagan boʻlsin-da, dedim, yuragimni hovuchlab.
Eslaysanmi, qoʻshni mahalladagi oʻzingdan ancha katta bola seni soʻkkanida unga qanday zarba bergansan. Shov-shuv boʻlib ketuvdi, ota-onasi kelgan, qavm-u qarindoshlar, xullas, tinchitguncha ona sutimiz ogʻzimizdan keluvdi. Seni ringda raqibingga bergan zarbangni koʻrib, shu voqea esimga tushib ketdi. Toʻgʻri, bu sport, lekin bunday zarbalarga onaning yuragi dosh bera olmaydi-da. Meni xursand qilgan narsa shu boʻldiki, sizlar shohsupaga koʻtarilganda, xuddi aka-ukalardek, inoqlashib ketdilaring. Ispan ham bagʻri keng bola ekan, seni quchoqlab, oʻz tilida nimalardir dedi.
Gazetadan oʻqib qoldim, amerikalik olimlar oʻzbek bokschilari qanday qilib, 5 vaznda oltin medal olganining sirini izlashibdi. Buning sabablari haqida oʻzlari bilganicha yozishibdi. Ular bilmaydi-ki, oʻzbek bolalarining, ayniqsa qishloqda oʻsgan oʻgʻlonlarning iligi toʻq. Ular bilmaydiki, qishloqda bola ertalab turganida yangi sogʻilgan sutga tandirdan endi uzilgan nonni boʻktirib yeydi. Yangi soʻyilgan qoʻzichoq goʻshti shoʻrvasini ichadi. Togʻning musaffo havosidan nafas oladi. Mahalla bolalari bir-biri bilan kurashib katta boʻladi. Togʻda ot choptiradi, koʻpkarida uloq ayiradi, davralarda kurash tushadi. Axir oltin medal olgan bokschilarning hammasi oʻzimizning qishloq bolasida. Iligi toʻq, gʻururi baland ularning. Aslida ular medal uchun emas, or uchun ringga chiqishdi. Oʻzbekistonni, oʻzbekning kimligini koʻrsatib qoʻyish uchun kurashishdi. Futbolda oʻxshamagan gʻalabani boksda qoyillatishdi.
Mening tillagina bolam, koʻksini oltin medal bezagan bolam! Sening noming tilga olinganda, meni ham eslashdi. Otasiga, onasiga rahmat, deyishdi. Butun Oʻzbekiston, butun dunyo sizlarni sharafladi. Oʻzbekistonning bu yutugʻi oʻzbek onalarining ham yutugʻi, bolam. Sening koʻksingda yarqirab turgan oltin medal, mening yuragimda aks-sado beryapti. Dunyoni qoyil qilding bolam. Yurtboshi qoʻngʻiroq qilib, “oʻzimning farzandlarim” dedi. Bundan ham ortiq mukofot bormi? Sizlarni el sharafladi, bundan ham yuksak tole bormi? Yurtda roʻy berayotgan yangilanish shabadasi sport orqali dunyo tomonga esdi, Eyfel minorasini silab oʻtdi. Hali gʻalabalar oldinda bolam. Bunga mening ishonchim komil…
Gʻolib bokschi onasi koʻnglidan oʻtgan tuygʻularni
Faxriddin BOZOROV oqqa koʻchirdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Maktablarda yangi o’quv yili boshlandi — Fotoreportaj
- Hotdogdan choʻchqa yogʻigacha: maktab oshxonasida qanday oziq-ovqatlarni sotish taqiqlangan?
- Soliq inspeksiyasi xodimi 2 sinf oʻquvchilaridan nimani xohlaydi (video)?
- Talabalar diqqatiga: ijara pulining bir qismini qoplab berish boʻyicha onlayn ariza berish boshlandi
- Eldor Shomurodov “Roma”ning mavsumdagi debyut golini urdi. Italiyaliklar futbolchini “Oʻzbek Messi”si deb atamoqda (+video)
- Asila Mirzayorova Paralimpiya oʻyinlari rekordini oʻrnatdi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring