OʻzbekistonPrezidenti Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi Rossiya — Oʻzbekiston munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi
19-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrifi boʻlib oʻtdi. Ushbu tashrif Oʻzbekiston rahbarining qayta saylanganidan keyingi birinchi ikki tomonlama sammiti boʻlganligi bilan eʼtiborlidir.
Moskvadagi “jonli” muzokaralar, koronavirus tarqalishining navbatdagi toʻlqiniga qaramasdan, ikki mamlakatning strategik yaqinligi va prezidentlar oʻrtasidagi yuqori darajadagi muloqotning muhim koʻrsatkichi boʻldi. Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin Rossiya — Oʻzbekiston munosabatlarini yanada rivojlantirish, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi keng koʻlamli masalalarni muhokama qildilar. Dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar, jumladan, Afgʻonistondagi vaziyatning rivojlanishi borasida fikr almashdilar.
Tashrif davomida jami 18 ta ikki tomonlama shartnomani oʻz ichiga olgan hujjatlar turkumi, jumladan, 2022-2026-yillarga moʻljallangan keng qamrovli hamkorlik dasturi, xalqaro axborot xavfsizligi sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim va biologik xavfsizlikni taʼminlash toʻgʻrisidagi memorandum, shuningdek taʼlim sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi idoralararo bitim imzolandi.
Davlat rahbarlari “Tolibon” harakatining muvaqqat hukumati kelishi bilan Afgʻoniston va Markaziy Osiyoda rivojlanayotgan vaziyatni atroflicha muhokama qildilar. Ikki tomonlama va koʻp tomonlama asosda birgalikdagi saʼy-harakatlar borasida fikr almashdilar. Xavfsizlik va harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish sohalaridagi hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.
Sh.Mirziyoyevning Rossiyaga ushbu tashrifining bunday keng koʻlamli dasturga ega ekanligi ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning faollashuvi fonida tabiiydir. Oʻzbekiston Prezidenti taʼkidlaganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Rossiya munosabatlarida haqiqiy burilish yuz berdi. Jumladan, 2021-yilning dastlabki toʻqqiz oyida mamlakatlar oʻrtasidagi savdo hajmi 5 milliard dollardan oshdi va yil oxiriga kelib bu koʻrsatkich deyarli 7 milliard dollarga yetishi mumkin.
Soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlashning progressiv oʻsishi kuzatilmoqda. 2017-yildan buyon ikki tomonlama savdo hajmi 22%dan oshdi, bunda Oʻzbekistonning Rossiyaga eksporti 42%ga oʻsdi. Bunday yuqori koʻrsatkichlar ikki davlat 10 milliard dollarlik savdo aylanmasiga erishish uchun tizimli ravishda koʻzlangan maqsad sari harakat qilayotganligini koʻrsatadi.
Rossiya 18% ulushi bilan Toshkentning asosiy tashqi savdo hamkorlari orasida ikkinchi oʻrinni egallaydi. 2020 pandemiya yilida birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli koronavirus cheklovlarining Oʻzbekiston-Rossiya savdo-iqtisodiy hamkorligiga taʼsirini kamaytirishga erishildi. Oʻtgan yili tashqi savdo hajmi 5,6 milliard dollarga yetdi. Prezident Vladimir Putin haqli ravishda taʼkidlaganidek, «bunday qiyin paytlarda ham muvaffaqiyatli hamkorlik qilayotganimiz yaxshi koʻrsatkichdir».
Taʼkidlash joizki, savdo aloqalarining oʻsishi ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining faollashuvi bilan taʼminlanadi. Oʻzbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni soʻnggi uch yil davomida 2 barobarga – 915 dan 2,2 mingtaga koʻpaydi.
Birgina joriy yilning birinchi yarmida Rossiya kapitaliga ega 240 dan ortiq qoʻshma korxona faoliyat koʻrsata boshladi, ulardan 30% sanoat sohasiga, 25% – savdoga va 10% qurilish sohasiga toʻgʻri keladi. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston rezidentlari tomonidan Rossiyada 600 ga yaqin korxona tashkil etildi.
Bugungi kunga kelib qiymati 25 milliard dollardan ortiq boʻlgan 800 ta savdo-investitsion shartnoma va memorandumlari amalga oshirilmoqda. Rossiyalik sarmoyadorlar Oʻzbekistonga katta qiziqish bildirmoqda. Jumladan, 2014-2020 yillarda Rossiyadan jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan ortiqni tashkil etdi, ulardan 2019-yilda – 1,75 milliard dollar, 2020-yilda – 1,57 milliard dollar jalb etildi.
Samarali faoliyat olib borayotgan Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyasining 22-yigʻilishi 2021-yilning oktyabr oyida Buxoro shahrida boʻlib oʻtdi. Sanoat, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi, moliya-bank, soliq va raqamlashtirish sohalaridagi 100 dan ortiq istiqbolli loyihalarni oʻz ichiga olgan 2024-yilgacha moʻljallangan iqtisodiy hamkorlik hukumatlararo dasturi va uni amalga oshirish boʻyicha tadbirlar rejasi amalga oshirilmoqda.
Toshkentda 2021-yilning aprel oyida oʻtkazilgan «Innoprom-2021: Oʻzbekistonda katta sanoat haftaligi» birinchi xalqaro koʻrgazmasi katta muvaffaqiyat keltirdi. Dunyoning 20 mamlakatidan 1100 dan ortiq korxonalar ushbu tadbir ishtirokchisiga aylandilar. Tadbirlar yakunida umumiy qiymati 3,2 milliard dollarlik 301 ta hujjat imzolandi, shu jumladan 2,1 milliard dollarga teng 28 investitsion bitim va 1,1 milliard dollarlik 273 savdo shartnomalari imzolandi. Mazkur tadbirning bu darajadagi yuksak mahsuldorligini hisobga olib, uni yangi «Innoprom – Markaziy Osiyo» mintaqaviy formatida muntazam ravishda oʻtkazishga qaror qilindi.
Muvaffaqiyatli qoʻshma loyihalardan biri yangi mahsulotlarni qulay narxlarda yetkazib berishga yordam beradigan «Agroekspress»ning ishga tushirilishi boʻldi. 15noyabr kuni Rossiyadan Oʻzbekistonga temir yoʻl orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining birinchi partiyasi joʻnatildi. Oy oxirigacha ekspressning yangi oʻzbek mevalari bilan Rossiyaga qaytishi kutilmoqda.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli loyihalarini bunday jadal rivojlanishi ikki tomonlama hamkorlikning noyob mexanizmlari yaratilgani tufayli amalga oshirildi. Xususan, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida uch darajali hamkorlik tizimi yaratilgan: Bosh Vazirlar darajasidagi qoʻshma komissiya, Bosh vazir oʻrinbosarlari boshchiligidagi hukumatlararo komissiya va ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari yetakchiligidagi quyi komissiyalar tashkil yetildi.
Bu borada Oʻzbekiston va Rossiya rahbarlarining shaxsiy tashabbuslari bilan 2019-yilning may oyida Urganch shahrida boʻlib oʻtgan ikki mamlakat hukumat rahbarlari darajasidagi Qoʻshma komissiyaning birinchi yigʻilishi ayniqsa muhimdir.
Ushbu yangi muloqot maydoni siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy va boshqa sohalarda erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarning bajarilishi ustidan har tomonlama nazoratni taʼminlashga moʻljallangan.
Oʻzaro hamkorlikni yuqori sifatli amaliy mazmun bilan toʻldirgan holda, ushbu format keng koʻlamli hamkorlikni rivojlantirishga kuchli turtki berdi. 22-iyun kuni Moskvada Abdulla Aripov va Mixail Mishustin ishtirokida hukumat rahbarlari darajasidagi Qoʻshma komissiyaning ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi va bu amaliy hamkorlikka qoʻshimcha jadallik berdi.
Parlamentlararo muloqot ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashga munosib hissa qoʻshmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashining muvaffaqiyatli hamkorligi Oʻzbekiston-Rossiya har tomonlama hamkorligini, jumladan, nufuzli xalqaro parlament tuzilmalari doirasida yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.
2019yilda imzolangan Parlamentlararo hamkorlik toʻgʻrisidagi tarixiy shartnoma parlamentlar quyi palatalarining tegishli qoʻmitalari oʻrtasida zamonaviy xavf va tahdidlarga qarshi kurashish, oʻzaro tajriba almashish, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro masalalar boʻyicha maslahatlashish boʻyicha hamkorlikning samarali mexanizmini yaratish imkonini berdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida hamkorlikni yanada kengroq amalga oshirish maqsadida Federal Majlisning Davlat Dumasi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruhi tuzildi.
2021-yil aprel oyida Oʻzbekiston tomoni tashabbusi bilan mehnat migratsiyasi sohasida nazorat boʻyicha Memorandumning imzolanishi parlament diplomatiyasi orqali dolzarb muammolarni hal etishdagi muhim qadam boʻldi. Hujjat migratsiya sohasidagi hamkorlikni tashkil etish, ikki davlat qonunchiligini yaqinlashtirish boʻyicha takliflarni shakllantirish va migratsiyani tartibga solish sohasidagi huquqiy bazani takomillashtirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat va biznes darajasida samarali aloqalar oʻrnatildi. Birgina oʻtgan yil davomida Oʻzbekistonning barcha 14 ta mintaqa rahbarlari Rossiyaning 40 dan ortiq mintaqalariga tashrif buyurdilar va hamkor tomonlarning javob ishchi tashriflarini qabul qildilar. Bunday mintaqalararo hamkorlik natijalari umumiy kun tartibini yangi qiziqarli gʻoyalar va hamkorlik loyihalari bilan toʻldirmoqda.
Keng koʻlamli forumlar Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi aloqalarni har tomonlama qamrab oluvchi muntazam amaliyotga aylandi va bu ikki tomonlama kun tartibini yangi aniq mazmun bilan toʻldirish imkonini beradi.
Jumladan, joriy tashrif arafasida 16-noyabr kuni ikkinchi Rossiya-Oʻzbekiston taʼlim forumi boʻlib oʻtdi va unda Rossiyaning 40 ta universiteti va Oʻzbekistonning 23 ta universitetining 100 dan ortiq rektorlari va vakillari, shuningdek, ikki mamlakatning tegishli idoralari rahbarlari va vakillari ishtirok etdilar. Forum doirasida taʼlim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik formatlarini belgilovchi 30 ga yaqin shartnoma va boshqa hujjatlar imzolandi.
Tadbir ishtirokchilariga murojaatida Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev forumni davlat idoralari, oliy oʻquv yurtlari va ekspertlar oʻrtasidagi muloqot uchun ommabop va samarali platforma deb atadi.
Oʻz navbatida, Rossiya Prezidenti V.Putin taʼlim sohasidagi samarali hamkorlikni kengaytirish ikki tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirishga hissa qoʻshishini aytib oʻtdi.
Prezidentlarning murojaatlari shundan dalolat beradiki, ushbu tadbir ularning taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga boʻlgan eʼtibori ostida oʻtkazildi. Soʻnggi 3 yil davomida Oʻzbekistonda Rossiya universitetlarining 11 filiali va Rossiya xalqlar doʻstligi universitetining vakolatxonasi ochildi. Shunday qilib, bugungi kunda Oʻzbekistonda 4,3 ming talaba taʼlim olayotgan 15 ta Rossiya oliy oʻquv yurtlarining filiallari mavjud.
Oʻzbekiston fuqarolarining Rossiya taʼlim dargohlariga taʼlim olishi kvotasi 2021-2022-yillarda Rossiya federal byudjetdan ajratiladigan grantlar hisobidan 220 tadan 460 tagacha oshirildi. Kelgusi 2022-2023 oʻquv yilida kvotalar soni 750 oʻringacha koʻtarilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, 17-noyabr kuni Moskvada Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida mintaqalararo hamkorlikning ikkinchi Forumi boʻlib oʻtdi va unda koronavirus pandemiyasidan keyin turizm sohasini tiklash yoʻllari va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida raqamlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ushbu forumda Rossiya mintaqalaridan 54 nafar va Oʻzbekiston viloyatlaridan 12 nafar vakillar ishtirok yetdi. Forumning yalpi majlisida Sh.Mirziyoyev va V.Putin ham soʻzga chiqdilar.
Tadbir yakunida tomonlar umumiy qiymati 9 milliard dollarga teng 600 ga yaqin ikki tomonlama shartnomalarni imzoladilar. Ular orasida 7,4 milliard dollarlik 141 investitsion shartnoma va 1,6 milliard dollarlik 455 ta eksport shartnomalari mavjud.
Axborot sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash maqsadida oʻz maydonida jurnalistika sohasining obroʻli vakillarini jamlagan ikkinchi Oʻzbekiston-Rossiya Mediaforumi boʻlib oʻtdi. Mediaforum doirasida zamonaviy jurnalistikaning dolzarb masalalariga, jumladan, jurnalistik taʼlimni takomillashtirish zarurligiga katta eʼtibor qaratildi.
Prezident Sh.Mirziyoyevning Rossiyaga rasmiy tashrifining va oʻtkazilgan yirik forumlarning salmoqli natijalari Oʻzbekiston va Rossiya munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi. Bugungi kunda, shubhasiz, ikki tomonlama hamkorlikning ittifoqchilik xarakteri mamlakat rahbarlariga oʻzaro manfaatli yaqinlashuvning ulkan rejalarini belgilab olishga imkon beruvchi tegishli dinamikaga ega boʻldi.
Sanjar VALIYEV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI direktori oʻrinbosari.
MirazizMIRUMAROV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI yetakchi ilmiy xodimi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring