Oʻzbekistonning Shri-Lankadagi elchisi tayinlandi

12:44 24 Iyul 2025 Jamiyat
128 0

Oʻzbekistonning Shri-Lankaga yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Islomobod shahrida joylashgan) Alisher Toʻxtayev mamlakat davlat protokoli rahbari Rohana Ambagollaga ishonch yorligʻi nusxalarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar qildi.

Rohana Ambagolla mazkur qadam ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlash yoʻlidagi muhim siyosiy qaror boʻlib, oʻzaro hamkorlikka yangi surʼat bagʻishlashini taʼkidladi.

“Shri-Lankaning Oʻzbekiston bilan yangi formatdagi hamkorlikka ochiqligi tasdiqlandi hamda prezident Shavkat Mirziyoyevning global Janub bilan yaqinlashish, oziq-ovqat xavfsizligi va mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash boʻyicha tashabbuslari yuqori baholandi”, — deyiladi xabarda.

Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasida iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish masalalari, oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalarning istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ikki tomonlama savdo aylanmasining hozirgi hajmi qoniqarsiz ekani qayd etilib, ushbu koʻrsatkichni yaqin istiqbolda 50 mln dollarga yetkazish uchun aniq choralarni koʻrishga kelishib olindi.

Eksport va import suratlarini oshirish uchun transport va logistika yechimlarini birgalikda ishlab chiqish, axborot texnologiyalaridan unumli foydalangan holda onlayn platforma va dasturlarni ishlab chiqish hamda yoʻlga qoʻyish masalalari xususida fikr almashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер