Oʻzbekistonning Fransiyaga eksporti importidan 470 million AQSH dollarga oshib ketdi
Joriy yilning 11-mart kuni Parij shahrida Fransiya-Oʻzbekiston biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi arafasida tashkil etildi. Forumda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari, shuningdek, 100 ga yaqin yirik kompaniyalar, moliya institutlari va biznes tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov soʻzga chiqib, biznes-forumning ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdagi oʻrnini yuqori baholadi. Uning taʼkidlashicha, forum Fransiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, savdo-sarmoya sohasidagi yangi imkoniyatlarni oʻrganish uchun muhim platforma hisoblanadi.
Soʻnggi yillarda oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. 2024-yil yakunlariga koʻra, ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,1 milliard AQSH dollarga yetdi. Bu esa avvalgi yilga nisbatan 14 foizga koʻpdir. Xususan, Oʻzbekistonning Fransiyaga eksporti qariyb ikki baravarga oshib, 800 million AQSH dollarni tashkil etdi, import esa 330 million dollarni tashkil qildi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda 50 dan ortiq fransuz kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ular orasida Orano, SUEZ, Veolia, Total Energies, Voltalia, EDF, Lactalis, Airbus va MND kabi yirik kompaniyalar bor. Ular energetika, infratuzilma, atrof-muhitni muhofaza qilish, aviatsiya, oziq-ovqat sanoati va turizm sohalarida oʻz tajribalarini joriy etmoqda.
Laziz Kudratov oʻz nutqida hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha bir qator takliflarni ilgari surdi. Jumladan, transport va logistika bogʻliqligini rivojlantirish, savdo yoʻlaklarini diversifikatsiya qilish, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish hamda Oʻzbekiston ehtiyojlariga mos fransuz texnologiyalarini joriy etish masalalari koʻtarildi. U, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotining barqarorligini oshirish va sifat jihatidan oʻzgartirishga xizmat qiladigan qoʻshma tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorlikni bildirdi.
Forum doirasida MEDEF International raisi va “Orano” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Klod Imoven Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuksak baholab, fransuz ishbilarmon doiralarini mamlakat bozoriga faol kirib borishga chaqirdi. Bundan tashqari, B2B va G2B formatidagi uchrashuvlar oʻtkazilib, ishbilarmon doiralarga oʻzaro muloqot qilish va hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini oʻrganish uchun qulay imkoniyat yaratildi.
Forum yakunlari boʻyicha qishloq xoʻjaligi, energetika, yashil iqtisodiyot, shaharsozlik, suv taʼminoti, transport, konchilik, sogʻliqni saqlash va taʼlim kabi sohalarda 20 dan ortiq bitim va shartnomalar imzolandi. Ushbu kelishuvlar ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring