Oʻzbekistonlik yosh tibbiyot xodimlari xalqaro maydonda eʼtirof etilmoqda

19:33 19 Fevral 2024 Jamiyat
148 0

Shu yilning 15-17-fevral kunlari Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtgan X Butunrossiya “Perinatal tibbiyot: pregvarid tayyorlanishdan sogʻlom onalik va bolalikka” mavzusidagi konferens-marafonda Oʻzbekiston vakillari uchta ilmiy maʼruza bilan ishtirok etdi.

Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi maʼlumotiga koʻra, yosh mutaxassislar tanlovini muvaffaqiyatli oʻtagan, ushbu markazning 29 yoshli shifokori Edvard Axmadiyev Sankt-Peterburgdagi konferens-marafonda oʻz ilmiy ishini taqdim etdi.

Uning ilmiy ishi ona va tugʻilajak bolaning sogʻligiga tahdid soluvchi preklampsiya kasalligi paytida aniq tashxis qoʻyishga yoʻnaltirilgan zamonaviy tadqiqotlarga bagʻishlangan. Oʻzbekiston vakilining ushbu maʼruzasi xalqaro anjumanda shifokorlar uchun amaliy yoʻnalish sifatida tan olindi va ishtirokchilarning katta qiziqishiga sabab boʻldi.

Edvard Axmadiyevning aytishicha, konferensiya oʻzining mavqeyi jihatidan hamda keng koʻlamli ilmiy-amaliy innovatsiyalar va ishlanmalar bilan ahamiyatli boʻldi. Anjumanda toʻplangan tajribalarning eng yaxshilari mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimida qoʻllash uchun Respublika ona va bola markazi va uning hududiy filiallari shifokorlari oʻrtasida muhokama etiladi.

Forumda, shuningdek, 5 nafar oʻzbekistonlik mutaxassislar qatnashdi. Bundan tashqari, konferens-marafonda Qozogʻiston, Belarus, Polsha vakillari ishtirok etishdi.

Konferens-marafondan maqsad akusher-ginekologlar, neonatologlar va pediatrlarning ayollar va bolalarga koʻrsatadigan tibbiy yordamni takomillashtirish borasidagi harakatlarni birlashtirishdan iborat. Uch kun davom etgan konferensiya davomida yetakchi rossiyalik soha ekspertlari va boshqa mamlakatlar vakillari perinatal tibbiyot, tugʻruqqa yordam berish hamda ona va bola salomatligini muhofaza qilishning muhim jihatlariga oid mavzular xususida fikr almashdilar.

Joriy anjumanda 274 nafar spiker soʻzga chiqdi, 546 ta maʼruza taqdim etildi, shuningdek, 188 ta seksiyalarda bir qator dolzarb mavzular muhokama qilindi. Konferensiya ishida 2981 kishi bevosita, 5762 nafar mutaxassis esa onlayn formatda ishtirok etdi.

Taʼkidlash kerakki, Respublika ona va bola salomatligi markazi vakillari ushbu keng miqyosli tadbirda muntazam qatnashmoqda. Ilmiy anjuman oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun yangi tibbiy texnologiyalar boʻyicha tajriba almashish, shuningdek, amaliy tibbiyot va kasbiy taʼlim sohasidagi hamkorlikni muhokama qilish maydoni boʻlib xizmat qildi.

Bundan tashqari, Ona va bola markazi Sankt-Peterburgning uchta yetakchi tibbiyot markazlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan. Д.О.Отта nomidagi akusherlik, ginekologiya va reproduktologiya ilmiy tekshirish instituti, В.А.Алмазов nomidagi Milliy tibbiy tadqiqot markazi, Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti shular jumlasidandir. Rossiya tomoni bilan imzolangan hamkorlik memorandumlari doirasida ushbu tibbiyot markazlarida oʻzbekistonlik mutaxassislarning malaka oshirishi, Sankt-Peterburg vakillarining oʻzaro ilmiy va amaliy tajriba almashishi va Toshkent shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga ishchi safarlari tashkil etiladi.

Rossiyaning hamkor tibbiyot markazlari rahbarlari shu yilning 18-19-oktyabr kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Akusherlik va ginekologiyaning dolzarb masalalari” mavzusidagi yubiley konferensiyasiga taklif etildi. Ushbu tadbir Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilganining 50-yilligiga bagʻishlangan boʻlib, uning negizida hozirgi Ona va bola salomatligi tibbiyot markazi tashkil etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?