Oʻzbekistonlik olimlar tomonidan yurtimizda tarqalgan SARS-CoV-2 virusining 32 ta genomi toʻliq oʻqildi

13:25 02 Aprel 2021 Jamiyat
530 0

Innovatsion rivojlanish vazirligi buyurtmasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi olimlari koronavirusning toʻliq genomlari birinchi marta Oʻzbekistonda oʻqildi va bioinformatik tahlil ishlari olib borildi. Natijalar koronavirus genom maʼlumotlari uchun ochiq maʼlumotlar tarmogʻi – GISAID (https://www.gisaid.org) maʼlumotlar bazasiga joylandi va tegishlicha rasmiylashtirildi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston oʻz hududida koronavirusning barcha variantlarini DNK ketma-ketligining toʻliq sekvenlagan 50 ta mamlakat qatoriga kirdi. Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologiya va jamoat sogʻligʻi boshqarmasi hamda Biogen Med xususiy klinikasidagi birlamchi virus yuqtirgani tasdiqlangan fuqarolarining 62 nafaridan namunalar olindi va yangi avlod sekvenatori yordamida ularning 32 ta genomi toʻliq sekvenlash orqali tahlil qilindi yoki boshqacha qilib aytganda, DNK ketma-ketligi oʻqildi. Bu 29 903 nukleotid deganidir.

Shuningdek, olimlar qator bioinformatik tahlillar yordamida (Nextclade) Oʻzbekistonda tarqalgan virus variantlari hozirgacha oʻqilgan koronavirus maʼlumotlar bazasidagi genomlar bilan solishtirdilar. Natijada, Oʻzbekistondagi COVID-19 variantlarining 18 tasi shajaradagi oʻrni aniqlandi. Unga koʻra, Oʻzbekistonda uchrayotgan COVID-19 ning variantlari GR (20V) va S (19V) guruhlariga mansubligi ayon boʻldi. Shajaraning GR (20V) tarmogʻida Oʻzbekiston bilan birgalikda asosan Yevropa, Osiyo, Afrika va Avstraliya qitʼasi vakillari joylashgan boʻlsa, S (19V) guruhida esa Osiyo va Afrikaga xos virus genomlari joylashgan. Bu ushbu ikkita guruh orqali mamlakatimizga kirib kelgan viruslarning manbai bitta emasligini anglatadi.

Taʼkidlash joizki, SARS-CoV-2 virusining genom maʼlumotlari ilk bora 2020-yilning yanvar oyida Xitoyda aniqlangan. Oʻsha paytdan boshlab butun dunyoda tarqalgan koronavirus namunalari olinib, genomlarini sekvenlash ishlari boshlandi. Genomlarni aniqlash mahalliy va global miqyosda epidemiologik tadqiqotlar oʻtkazish uchun zarur boʻlib, virusning evolyutsion tahlilini amalga oshirish, uni qayerda paydo boʻlgani, qanday mutatsiyalarga uchragani va boshqa maʼlumotlarni beradi. Bu maʼlumotlar yordamida esa vaksina yaratiladi. Oʻzbekistonda tarqalgan koronavirus variantlari haqidagi maʼlumotlar aynan yurtimizda tarqalgan shtammlarga qarshi yoʻnaltirilgan milliy vaksinamizni yaratish ishlari uchun oʻta muhimdir.

Oʻzbekistonda tarqalgan COVID-19 variantlaring toʻliq genom DNK ketma-ketliklarining aniqlanishi va dunyo maʼlumotlar bazasi bilan qiyosiy tahlillari virusning Oʻzbekiston sharoitida oʻzgarishini doimiy monitoringini amalga oshirishdagi katta qadam boʻldi. Qolaversa, bu oxirgi yillarda Yangi Oʻzbekistonda ilm-fan va olimlarimizga yaratib berilayotgan katta imkoniyatlarning dastlabki natijalaridan biridir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?