Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Rossiya oʻrtasidagi keng koʻlamli hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini qayd etdi

20:48 09 Oktyabr 2025 Siyosat
127 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-oktyabr kuni Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo — Rossiya“ formatidagi ikkinchi sammitda ishtirok etdi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon raisligida oʻtgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, koʻp tomonlama sheriklikni yanada rivojlantirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga Markaziy Osiyo bilan keng koʻlamli strategik sheriklikni rivojlantirish tarafdori boʻlib kelayotgani uchun minnatdorlik bildirib, uning tabiiy sheriklar boʻlgan mamlakatlarimiz hamkorligiga yangi surʼat berishga qaratilgan tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladi.

— Rossiya biz uchun muhim, ustuvor strategik sherik va ittifoqchi boʻlib kelgan, hozir ham shunday va kelgusida ham shunday boʻlib qolishini taʼkidlayman. Umumiy tarix, koʻp asrlik aloqalar, xalqlarimizning madaniy va dunyoqarash jihatdan yaqinligi, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona va ishonchli munosabatlar bunday hamkorlikning mustahkam va oʻzgarmas asosi hisoblanadi, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Jahon iqtisodiyotidagi tobora kuchayib borayotgan geosiyosiy keskinlik va inqirozli holatlar, shuningdek, yuzaga kelayotgan yangi xavf-xatar va tahdidlar “Markaziy Osiyo — Rossiya“ formatida yanada yaqin muvofiqlashuv va hamkorlikni taqozo etayotgani qayd etildi.

Shu maʼnoda, Oʻzbekiston yetakchisi mintaqa mamlakatlarining Rossiya bilan hamkorligi istiqbollari yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini bayon qildi.

Eng avvalo, tizimli siyosiy muloqotni mustahkamlash va aniq natijaga qaratilgan amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim ekani taʼkidlandi.

Shu bois, Oʻzbekiston Prezidenti har yili oliy darajadagi uchrashuvlarni, hukumatlar, vazirliklar, idoralar va hududlarning muntazam muloqotlarini oʻtkazish muhimligini taʼkidladi.

2027-yilga qadar qoʻshma harakatlar rejasi qabul qilinishini qoʻllab-quvvatlab, davlatimiz rahbari amaliy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan yanada batafsil “yoʻl xaritasi“ni tayyorlashni taklif etdi.

Topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarish, mintaqaviy ahamiyatga molik dastur va loyihalarni tayyorlash hamda jadallashtirish maqsadida hukumat rahbarlari oʻrinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish muhimligi qayd etildi.

Iqtisodiy sheriklikni tubdan kengaytirish mintaqa bilan Rossiya hamkorligining asosiy yoʻnalishi boʻlishi kerak. Oʻzaro savdo koʻrsatkichlarida ijobiy surʼat kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, oʻtgan yil va joriy yilda Oʻzbekistonning Rossiya va mintaqa mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 15 foizgacha oshdi.

Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyati doirasida tovar ayirboshlash hajmini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish taklif qilindi.

Bozorlarga kirishni oʻzaro yengillashtirish, tartib-taomillarni soddalashtirish, “Markaziy Osiyo – Rossiya agroekspressi“ loyihasini ishga tushirish shular jumlasidan.

Davlatimiz rahbari mamlakatlarimiz tranzit-transport salohiyatidan, eng avvalo, “Shimol — Janub“ yoʻlagi doirasida samarali foydalanish gʻoyat muhim ekanini taʼkidladi.

— Biz avtomobil, temir yoʻl va aviatsiya aloqalari sohasida milliy dasturlarni uygʻunlantirish va shu asosda infratuzilmaviy sheriklikning kompleks rejasi – mamlakatlarimiz Transport-logistika konturini ishlab chiqishni taklif etamiz. Tashqi xavf-xatarlarga nisbatan barqaror boʻlgan integratsiyalashgan, oʻzaro bogʻliq mintaqaviy transport infratuzilmasini shakllantirish bizning pirovard maqsadimiz boʻlishi zarur, — dedi Prezident.

Yana bir ustuvor yoʻnalish sifatida barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish belgilandi. Shu maʼnoda, bugungi kunda Oʻzbekiston Rossiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasini faol kengaytirayotgani, gaz-kimyo tarmogʻida yirik strategik loyihalar amalga oshirilayotgani, zamonaviy mis boyitish xabi tashkil etilayotgani taʼkidlandi.

Shu bilan birga, mashinasozlik, aniq asbobsozlik, kimyo, elektrotexnika, togʻ-kon va boshqa tarmoqlarda hamkorlikni klaster asosida kengaytirish uchun ulkan zaxiralar borligi koʻrsatib oʻtildi.

Yetakchi korxonalar va xususiy sektorning innovatsiyalarga yoʻnaltirilgan kooperatsiyasini ragʻbatlantirish maqsadida Buxoro shahrida ilgʻor muhandislik yechimlarini ishlab chiqish, joriy etish va koʻpaytirish uchun noyob texnologik maydon boʻlishi mumkin boʻlgan “Markaziy Osiyo — Rossiya“ sanoat injiniring xabini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Mamlakatimiz yetakchisi Toshkentdagi “Innoprom. Markaziy Osiyo” koʻrgazma-forumi imkoniyatlarini maksimal darajada ishga solish muhimligini taʼkidladi.

Joriy yil aprel oyida oʻtkazilgan beshinchi koʻrgazmada 35 mamlakatdan 10 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi. 5 milliard dollarlik bitimlar tuzildi. Ushbu tadbirga “Markaziy Osiyo — Rossiya“ muloqoti formatidagi bosh industrial va innovatsion maydon maqomini berish taklif qilindi.

Oʻzbekiston rahbari taʼkidlaganidek, Rossiya bilan energetika sohasidagi hamkorlik bundan buyon ham mintaqa barqarorligining omili boʻlib qoladi. Bugungi kunda gaz quvurlari va energetika infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha strategik loyihalar amalga oshirilmoqda.

— Shu kunlarda tarixiy bir voqea boʻlib oʻtadi – Oʻzbekistonda barpo etiladigan atom elektr stansiyasining birinchi reaktori va koʻptarmoqli yadro tibbiyoti markazi qurilishi boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga start beriladi, — dedi Prezident.

Ushbu yoʻnalishda keng ilmiy-amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish — Oʻzbekistonda Atom energetikasi boʻyicha mintaqaviy kompetensiyalar markazini taʼsis etish, shuningdek, Moskva muhandislik-fizika institutining Toshkent filiali negizida Kadrlar tayyorlash dasturini qabul qilish taklif qilindi.

Uglevodorodlarni izlash va qayta ishlash, elektr energetikasini modernizatsiya qilish, energiya tejamkor yechimlarni joriy etish borasidagi hamkorlikni kengaytirish niyati bildirildi.

Ilgʻor bilim va texnologiyalar transferi, qoʻshma loyihalarni tayyorlash va ilgari surish maqsadida “Markaziy Osiyo — Rossiya energetika sherikligi“ kompleks dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi koʻrsatib oʻtildi.

Innovatsiyalar sohasida “Skolkovo“ markazining mintaqa mamlakatlarida filiallarini ochish taklif etildi.

Shuningdek, yetakchi markazlar, tashkilotlar va IT kompaniyalar darajasida saʼy-harakatlarni birlashtirish va loyihaviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini beruvchi Sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar boʻyicha mintaqaviy ekspert kengashini taʼsis etish zarurligi qayd etildi.

Gumanitar hamkorlikni kengaytirish maqsadida har yili Etnomadaniyat forumi — Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlari madaniyati, sanʼati va ijodi festivalini oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi.

Bundan tashqari, dual va professional taʼlim tizimini joriy etish, fundamental ilmiy ishlanmalarni amalga oshirish uchun yetakchi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tuzilmalarining salohiyatini birlashtirishga qaratilgan “Kelajak muhandislari“ ilmiy-taʼlim konsorsiumini ishga tushirish taklif qilindi. Mintaqa mamlakatlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan Rossiya universitetlarining filiallari Konsorsiumning intellektual bazasi boʻlishi mumkinligi taʼkidlandi. Oʻzbekistonda ularning soni 15 tani tashkil etadi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo va Rossiyaning yosh tadqiqotchi va olimlari uchun maxsus grant dasturini taʼsis etish taklif qilindi.

Har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun bolalar va onalar salomatligini muhofaza qilish, mehnat migratsiyasi sohasida ijtimoiy moslashuvga koʻmaklashish, shuningdek, mintaqaviy yoʻnalishlar asosida sayyohlar oqimini kengaytirish boʻyicha dasturlar qabul qilish dolzarbligi koʻrsatib oʻtildi.

Oʻzbekiston Prezidenti mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash masalalariga alohida toʻxtaldi.

— Terrorizm, ekstremizm, radikalizm, uyushgan jinoyatchilik, odam savdosi va narkotrafiklarga qarshi kurashda maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yaqin hamkorligini yanada kengaytirish muhim, deb hisoblaymiz. Yangi kibertahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish boʻyicha birgalikda chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif etamiz, — dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Hamkorlikni kengaytirish va Afgʻonistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga koʻmaklashish borasidagi yondashuvlarni muvofiqlashtirish maqsadida oliy darajadagi maslahatlashuvlar oʻtkazish imkoniyatini koʻrib chiqish taklif qilindi. Ushbu uchrashuvlar kun tartibidan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, ushbu mamlakat barqarorligi va taraqqiyotini taʼminlashga qaratilgan iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish masalalari oʻrin olishi mumkin.

Soʻzining yakunida Oʻzbekiston Prezidenti mintaqaning barcha mamlakatlari xavfsizligi, barqaror taraqqiyoti va ravnaqini taʼminlash yoʻlida Rossiya bilan koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga intilishi qatʼiy ekanini yana bir bor taʼkidladi.

Sammit davomida boshqa davlatlar rahbarlari ham soʻzga chiqdi.

Tadbir yakunida Qoʻshma kommyunike va ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha 2025 — 2027-yillarga moʻljallangan Qoʻshma harakatlar rejasi qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер