Oʻzbekistonlik legioner Oston Urunovning haqiqiy yoshi nechada?

18:24 16 Dekabr 2020 Sport
1567 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya premyer ligasi «Spartak» klubining yarim himoyachisi Oston Urunovning haqiqiy yoshi nechada, degan masala atrofida qizgʻin bahs munozaralar bormoqda. Bunga “SKA-Xabarovsk” jamoasi bosh murabbiysi Sergey Yuranning Oston Urunov hujjatlardagi yoshiga nisbatan “toʻrt-besh yosh katta”, degan iddaosi sabab boʻldi.

Mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida biz Oston birinchi sinfga borgan Navoiy shahridagi 2- umumiy oʻrta taʼlim maktabida boʻlib, uning birinchi oʻqituvchisi Sanobar Safarova bilan suhbatlashdik.

— Ostonni 2006-yil, hali yetti yoshga toʻlmagan(u 19-dekabrda tugʻilgan) paytda birinchi sinfga qabul qilganman, — deydi S. Safarova. — Harakatchan bola edi. Boʻyi, jussasi ham tengqurlarinikidan deyarli farq qilmasdi. Agar u hujjatlardagidan toʻrt-besh yosh katta boʻlsa, tasavvur qiling, 10-11 yoshli bolaning birinchi sinfga kelishini, shu sabab bu boʻhtondan boʻlak narsa emas.

Ostonning futboldagi birinchi murabbiysi Abduxalil Inoyatov bizga uning futbol maktabiga qabul qilinishidagi hujjatlarini taqdim etdi.

— Oʻn ikki yoshiga qadar, yaʼni u “Paxtakor” futbol maktabiga taklif etilgunicha Oston bilan shugʻullanganman, — deydi “Qizilqum” Bolalar va oʻsmirlar futbol maktabi murabbiysi A. Inoyatov. — Unda jismoniy koʻrsatkichlar bilan birga, vaziyatdan kelib chiqib tezda bir qarorga kelish va dribling xususiyatlari kuchli. Bu kamdan-kam bolalarga nasib etadigan qobiliyat. Uning yoshi masalasidagi gap-soʻzlarga kelsak, ruslarda bir gap bor "chuj sobachya", degan. Kechirasiz, qoʻpollik uchun, boshqa soʻz topolmadim.

Biz esa Oston "Spartak"ka oʻtgunga qadar oʻynagan “Ufa” klubi direktorlar kengashi raisi Rostislav Murzagulovning Sergey Yuranga yoʻllagan soʻzlaridan xulosa sifatida foydalanmoqchimiz.

— Sergey Nikolayevich — futbol olamida soʻzsiz avtoritetga ega, lekin gerontologiyada (organizm keksayishi oʻrganuvchi fan — izoh tahririyatniki) salohiyatli mutaxassislar bor, — deydi Murzagulov “Sport ekspress” nashriga bergan intervyusida. — Ostonga hatto sirtdan qarab ham uning nihoyatda yoshligini bilish mumkin. U hali buyuk futbolchi boʻlmaganligining sababi ham aynan shunda. Yuran bergan yoshga yetganida esa u haqiqatan mashhur futbolchi boʻladi. Sergey Nikolayevichga esa hozirgi klubi oʻyinlarida muvaffaqiyatlar tilayman!

Temur ESHBOYEV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?