Oʻzbekistondagi pulli yoʻllarda 150 km/soat tezlikkacha harakatlanishga ruxsat beriladi

11:09 11 Oktyabr 2025 Jamiyat
241 0

Oʻzbekistonda qurilayotgan pulli yoʻllarda soatiga 150 kilometrgacha tezlikda harakatlanishga ruxsat etilishi koʻzda tutilmoqda. Bu haqda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi bosh yuriskonsulti Hasan Umarov maʼlum qildi.

Uning taʼkidicha, “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahririda pulli yoʻllar faqat bepul yoʻlga muqobil trassa sifatida qurilishi belgilanmoqda. Yaʼni har bir fuqaro tanlov imkoniyatiga ega boʻladi — xohlasa, davlat tomonidan qurilgan umumiy yoʻldan bepul harakatlanishi yoki vaqtini tejash maqsadida pulli yoʻl orqali yurishni tanlashi mumkin.

Hasan Umarovning soʻzlariga koʻra, pulli yoʻllardagi harakat tezligi 150 km/soatgacha oshirilishi mumkin boʻladi. Shu bilan birga, yoʻldan foydalanish toʻlovi miqdori hukumat tomonidan tasdiqlanadigan maxsus metodika asosida hisoblanadi.

“Hozirgi xomchoʻtlarga koʻra, 200 km masofadagi pulli yoʻl uchun toʻlov taxminan 100 ming soʻm atrofida boʻladi. Bu hisob-kitoblar hali oʻzgarishi mumkin”, — dedi Umarov.

Qonunga koʻra, pulli yoʻllardan tushgan mablagʻlar avvalo yoʻllarni saqlash, taʼmirlash va sifatini oshirish ishlariga yoʻnaltiriladi. Agar yoʻllar davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan boʻlsa, qolgan daromad investor ulushi sifatida hisoblanadi.

Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Farhod Zayniyev taʼkidlashicha, pulli yoʻllar faqat yangi, muqobil yoʻl sifatida barpo etiladi va mavjud yoʻllar pulliga aylantirilmaydi.

Shuningdek, qonunda favqulodda holatlarda pulli yoʻllardan bepul foydalanish imkoniyati ham nazarda tutilgan. Tez yordam, ichki ishlar organlari va boshqa maxsus xizmatlar avtotransportlari uchun esa pulli yoʻldan foydalanish mutlaqo bepul boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер