Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar BMT Bosh Assambleyasida yuksak baholandi
Birlashgan Milatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyalari mamlakatlar rahbarlari mintaqa va xalqaro hayotning eng muhim muammolarini bayon etishlari uchun muhim maydon hisoblanadi. Bosh Assambleyaning 78-sessiyasi ham xalqaro munosabatlar tizimida fundamental oʻzgarishlar yuz berayotgan bir sharoitda oʻtdi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Tashkilot bilan hamkorligi yangi bosqichga koʻtarildi. Davlatimiz rahbari odatda mazkur nufuzli tuzilma minbaridan turib soʻzlagan nutqlarida jahon hamjamiyati eʻtiborini sayyoramiz aholisi uchun oʻta muhim masalalarga qaratadi, bu boʻyicha qator muhim takliflarni ilgari suradi.
Ushbu tashabbuslar jahon hamjamiyati tomonidan eʻtirof etilib, BMTning rasmiy hujjatlarida aks etmoqda. Prezidentimiz Bosh Assambleyaning 78-sessiyasidagi tarixiy nutqida ham zamonamizning dolzarb muammolari, ularni yechishga qaratilgan aniq takliflarni ilgari surdi.
Birinchidan, Oʻzbekiston BMT Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish oʻrinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusni qoʻllab-quvvatlaydi. Ushbu tashabbus doirasida tajriba almashish uchun davlatimiz rahbari 2024-yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yoʻl” butunjahon konferensiyasini yurtimizda oʻtkazishni taklif qildi.
Ikkinchidan, majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashni butun dunyo miqyosida kuchaytirishga chaqirdi. Kerak boʻlsa, hayotda oʻzini oqlagan Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish tavsiya etildi. Zero, Prezidentimizning qatʻiy siyosiy irodasi tufayli mamlakatimizda bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga batamom barham berildi.
Uchinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha ishchi guruh tashkil etish, uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish taklif etildi. Chunki aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari boʻlgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish masalasi ayniqsa, dolzarb ahamiyatga ega. Ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Dushanbeda boʻlib oʻtgan sammiti doirasida mintaqamiz davlatlari tomonidan Yoshlar siyosatining umumiy yoʻnalishlari haqidagi bitim imzolandi.
Toʻrtinchidan, 2024-yili Oʻzbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini oʻtkazish taklif etildi. Bu bejizga emas. Xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi bugungi kunning dolzarb masalasiga aylangan. Oʻzbekiston milliy siyosati markazida turadigan eng ezgu maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini taʻminlashdan iborat boʻlib, gender tenglikka erishish borasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, oʻtgan yili oliygohlarga qabul qilingan talabalarning 49 foizini qizlar tashkil etdi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi va parlamentdagi ulushi birinchi marta 35 foizga yetdi. Ayollar va voyaga yetmaganlarni zoʻravonlikdan himoya qilish maqsadida alohida qonun qabul qilindi. Shu maʻnoda Oʻzbekiston “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor.
Beshinchidan, davlatimiz rahbari oʻz nutqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari boʻyicha maxsus vakili lavozimi taʻsis etilishini qoʻllab-quvvatlashini maʻlum qildi. Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasini yaratish jarayonida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – suv resurslari” mexanizmini ishga solib, eng ilgʻor texnologiyalarni jalb etish va tatbiq qilishga daʻvat etdi. “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etish taklif etdi.
Zero, hozirgi vaqtda dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilmoqda. Sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz, yaʻni iqlim oʻzgarishi, bioxilma-xillik yoʻqolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchaymoqda. Ana shunday murakkab sharoitda Orol dengizi fojiasini boshdan kechirayotgan Markaziy Osiyo iqlim oʻzgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanmoqda.
Sir emaski, keyingi 30 yilda mintaqamizda havo harorati bir yarim darajaga koʻtarildi. Bu – dunyodagi oʻrtacha isishdan ikki karra koʻpdir. Oqibatda muzliklar umumiy maydonining qariyb uchdan bir qismi yoʻqolib ketdi. Ushbu tendensiya saqlanib qolsa, yaqin yigirma yilda mintaqamizdagi ikkita yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizga qisqarishi mumkin. Jon boshiga suv bilan taʻminlanish darajasi 25 foizga, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligi esa 40 foizga kamayishi kutilmoqda.
Agar oʻz vaqtida taʻsirchan choralar koʻrilmasa, ushbu muammolar oqibatlari mintaqamizdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka jiddiy putur yetkazadi. Ushbu muammoli vaziyatdan kelib chiqib, Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yoʻlida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Uning asosiy mazmuni kelgusi yil Samarqandda boʻlib oʻtadigan xalqaro iqlim forumida muhokama qilish taklif etildi.
Ishonchim komilki, Prezidentimizning BMT yuksak minbaridan turib ilgari surgan aniq taklif va amaliy tashabbuslari mintaqada va dunyoda mustahkam tinchlik va farovonlikka, oʻzaro ishonch, birdamlik va hamkorlik ruhi qaror topishiga xizmat qiladi.
Abdumalik AKROMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Vazir oʻrinbosari xotinini aldagani uchun ishdan boʻshatildi
- Qurilish materiallari uyushmasi qoshida sinov laboratoriyasi tashkil qilinadi
- Oʻzbekistondagi MCHJlar soni 470 mingtaga yaqinlashdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi koʻtarildi
- Dollar kursi uzoq vaqt koʻtarilishdan soʻng pastladi
- Dollar kursi koʻtarilishda davom etomoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring