Oʻzbekistondagi ilmiy jurnallarni xalqaro maʼlumotlar bazalariga kiritilishi yuzasidan davra suhbati oʻtkazildi

14:20 11 May 2021 Jamiyat
181 0

Joriy yilning 11-may kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazida Oʻzbekistondagi ilmiy jurnallarni xalqaro maʼlumotlar bazalariga kiritilishi yuzasidan davra suhbati oʻtkazildi. Davra suhbatida 230 ga yaqin vazirlik va idoralar, respublikadagi mavjud ilmiy nashriyot hamda OTM, ITM masʼul xodimlari onlayn va oflayn tarzda ishtirok etdilar.

Davra suhbatida Springer Nature nashriyotining tahririyat taraqqiyoti boʻyicha menejeri Robens Djeffrey, Springer Nature nashriyotining Strategik hamkorlik boʻyicha menejeri. Elizabet Detisova, Rossiya ilmiy elektron kutubxonasining – “eLibrary.Ru” tahliliy boʻlimi boshligʻi Pavel Arefev, Clarivate kompaniyasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi rasmiy vakili Mukasheva Laziza, John Wiley & Sons, Rossiya va MDH davlatlarining hududiy rasmiy vakili Sergey Paramonov oʻz maʼruzalari bilan qatnashdilar. Maʼruzachilar tomonidan hozirgi vaqtda xalqaro maʼlumotlar bazalarida ilmiy noshirlik ishlarining koʻpayishi jahon bozorida jadal rivojlanayotgan raqobatni keltirib chiqarayotgani, ilmiy davriy nashrlarning sifatini yaxshilash mamlakat ilmiy jamoatchiligining samaradorligini oshirishning dolzarb vazifalaridan biri ekani taʼkidlandi.

Mazkur davra suhbati mahalliy jurnallarni Scopus, Web of Science yoki boshqa umumeʼtirof etilgan maʼlumotlar bazalariga kiritishga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilgan boʻlib, unda xorijiy ekspertlar ishtirokidagi davra suhbati ilmiy davriy nashrlarning sifatini yaxshilash boʻyicha hamda yetakchi maʼlumotlar bazalarida mahalliy jurnallarning bosqichma-bosqich kiritilishi yuzasidan “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi.

Taʼkidlash joizki, hozirgi kunda yurtimizda soha yoʻnalishlari boʻyicha 200 ga yaqin ilmiy jurnallar oʻz faoliyatini olib bormoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazining 2021-2023-yillarga moʻljallangan rivojlanish strategiyasida mahalliy olimlarning ilmiy natijalarini xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazalariga kiritish vazifasi belgilangan.

Tadbir davomida xalqaro nashriyotlar vakillari ishtirokchilarga, ilmiy jurnallarni yetakchi maʼlumotlar bazasiga indeksatsiya qilish va kriteriylar boʻyicha tajriba almashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?