O‘zbekistonda yagona ovchi ayol ekanligi aytilayotgan Iqlima opa cho‘lda ekoturizmni yo‘lga qo‘ydi

11:40 04 May 2023 Welcome to uzbekistan
1818 0

Foto: «Xalq so‘zi»

Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida istiqomat qiluvchi Iqlima Jo‘rayeva yangilikka o‘ch tadbirkorlar sirasiga kiradi. Jamoat ishlarida faol bu ayol turli yillarda turli tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan tanlovlarning “Eng zo‘r pazanda”, “Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli”, “Turizm sohasining eng shijoatkor ayoli” kabi yo‘nalishlarida g‘olib chiqqan. 

Iqlima opa bilan suhbatlashsangiz, meni boshqalar qo‘l urmagan ishlar o‘ziga ohanrabodek tortadi, deydi. U boshqarayotgan “Firdavs O‘ktam Amon Omadi” mas’uliyati cheklangan jamiyati Gʻijduvonda birinchi bo‘lib ekologik turizmni yo‘lga qo‘ydi. Aniqrog‘i, cho‘lda joylashgan “Baraka” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan yer olib ekomaskan barpo etdi. Bir milliard so‘m miqdoridagi sarmoya va AQSH xalqaro taraqqiyot agentligining 31 ming dollari evaziga yuzaga kelgan maskanda tabiat shaydolari, xususan, xorijiy sayyohlar uchun zarur barcha shart – sharoitlar yaratilgan. Bu yerda cho‘lning musaffo havosidan bahramand bo‘lib, miriqib dam olish, ot va tuyalarda sayr etish, o‘tovlarda hordiq chiqarish mumkin. Baliq ovlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida maskan hududida suv havzasi ham barpo qilinayapti. Hududda qirq ming tup atrofida daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, o‘ziga xos “yashil zona” hozirlangani ham diqqatga sazovor.

Tinib-tinchimas opaxonning biyday cho‘lda amalga oshirayotgan ishlari viloyat hokimi B. Zaripov e’tiboridan ham chetda qolmadi. Yaqinda hokim ushbu ekomaskan faoliyati bilan tanishdi, uning bioxilma – xillikni asrab – avaylash, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish hamda ekoturizmni rivojlantirishdagi o‘rni yuzasidan tadbirkor va soha mas’ullari bilan fikrlashib oldi. 

Iqlima opaga kelsak, aytishlaricha, u mamlakatimizdagi yagona ovchi ayol sanaladi. Bu ishni maxsus ruxsatnoma asosida bajaradi, albatta. Gʻijduvon shahrida quyon, kaklik, ilon go‘shtidan parhezbop, shifobaxsh taomlar tayyorlashga ixtisoslashgan tamaddixonasi ham bor. 

Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер