Oʻzbekistonda turizm industriyasi jadal surʼatlarda taraqqiy etyapti

08:27 09 Sentyabr 2021 Welcome to uzbekistan
30943 0

Soʻnggi yillarda turizm sohasi mamlakatimizda milliy iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biriga aylandi. Bu borada sohani jadallik bilan rivojlantirishga qaratilgan 90 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

2021-yilning 15-mart holatiga koʻra, 90 ta xorijiy mamlakat uchun vizasiz rejim tatbiq etildi. 2018-yil 15-iyuldan elektron kirish vizalarini berish tizimi yoʻlga qoʻyildi va bu tizimdan 57 ta davlat fuqarolari foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi.

2016-yilda 1,3 million nafar xorijiy davlat fuqarolari mamlakatimizga sayyoh sifatida tashrif buyurdi. Bu koʻrsatkich 2019-yilda 6,7 million nafarga yetdi.

Tahlillarga koʻra, Oʻzbekistonga ziyorat maqsadida uzoq xorij davlatlaridan tashrif buyurayotgan sayyohlarning sonida oʻsish kuzatilmoqda. Xususan, 2018-yilda uzoq xorij davlatlaridan 325 ming nafar sayyoh tashrif buyurgan boʻlib, ularning 35 foizi, yaʼni 115 ming nafari musulmon sayyohlari hisoblanadi. 2020-yilda uzoq xorij mamlakatlaridan yurtimizga jami 83 ming nafar sayyohlar tashrif buyurgan boʻlib, bunda musulmon sayyohlarning soni 49 787 nafar (59 foiz) ni tashkil qildi.

Mazkur tashriflar sonining ijobiy oʻsishi, oʻz navbatida, turizm xizmatlari eksportining ortishiga olib keldi. 2016-yilning koʻrsatkichlari bilan taqqoslanganda 2019-yilda turizm xizmatlarining eksporti 3 baravarga oshib, 2019-yilda 1,3 mlrd. AQSH dollarini tashkil qildi.

Xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash va muhofaza qilishga qaratilgan choralar natijasida, 2021-yilning 1-iyun holatiga turistik tashkilotlarning soni 2016-yilda 484 tadan 1 400 taga, joylashtirish vositalari 750 tadan 1 061taga (oilaviy mehmon uyi va xosteldan tashqari), oilaviy mehmon uylari 106 tadan (2018-yilda) 1 729 taga, xostellar esa 30 tadan 257 taga yetdi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2016-yilda 8,8 million nafar mahalliy sayyohlar sayohat qilgan. 2020-yilning 1-yanvar holatiga mahalliy tashriflar soni 14,7 millionga yetdi. Oʻrtacha ichki sayyohlar tashrif sonining yillik oʻsishi 18 foizni tashkil qilgan.

Turizm infratuzilmasini tartibga keltirish, jumladan, turizm obyektlarida Wi-Fi nuqtalari va yoʻl koʻrsatkichlari tashkil qilinmoqda. 2020-yilda 1 480 ta yangi sanitariya-gigiyena shoxobchasi (SGSH) foydalanishga topshirildi. 2021-yilning 15-iyun holatiga koʻra, respublikadagi 4114 ta avtomobilga yoqilgʻi quyish stansiyalaridan 3491tasida SGSH tashkil qilindi va ularning SGSH bilan taʼminlanganlik darajasi 86,2 foizga yetdi. Sayyohlar uchun126 ta axborot markazlari barpo etildi, 440 ta yangi turizm obyektlari oʻrganilib, ushbu obyektlarning 250 tasi turizm marshrutlariga kiritildi.

Oʻzbekiston «Nyu York Tayms» (AQSH) va «Gardian» (Buyuk Britaniya) nashrlarining reytinglarida Dunyoning turizm boʻyicha eng ommabop mamlakati«Wegoplace» sayohatchilar portali tomonidan Dunyoning eng xavfsiz 5 mamlakatidan biri hamda «CrescentRating» (Singapur) va «Mastercard» tashkilotlari tomonidan Dunyoning ziyorat turizmi boʻyicha eng ommabop 10 mamlakatidan biri sifatida eʼtirof etildi.

Ichki turizmni ragʻbatlantirish maqsadida “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi jadallashtiriladi, “Ichki turizm oyligi”“Ichki turizm haftaligi”“Ichki turizm kunlari” tashkillashtiriladi, “oilaviy sayohat taʼtili”tizimi orqali tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan xodimlar sayohati tashkil qilinadi, avia va temiryoʻl chiptalari40 foizgacha subsidiyalanadi.

Sayohatni ommalashtirish va sayohat qilishga qulaylik yaratish maqsadida 5 ta rasmiy bayram kunlarini (Mustaqillik kuni, Navroʻz umumxalq bayrami, Yangi yil bayrami hamda Ramazon hayit (Iyd al-Fitr) va Qurbon hayit (Iyd al-Adha) bayramlari)) nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlar 3 kundankam boʻlmagan muddatga belgilandi.

Mazkur chora-tadbirlar natijasida mamlakatning yalpi ichki mahsulotida turizm ulushini 5 foizgacha (2019-yil yakuni boʻyicha — 2,6%) va 2026-yil yakuniga qadar xorijiy turistlar sonini 9 milliongacha yetkaziladi, shu jumladan, uzoq xorijdan — 2 million turist jalb qilinadi.

Hududlarning turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanish va oʻsish nuqtalarini belgilash — asosiy maqsad

Bugungi kunda sayyohlar Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent shaharlariga tashrif buyurmoqda va bu shaharlarda sayyohlar “tirbandlik”lari vujudga kelmoqda. Boshqa tomondan infratuzilmada (transport, joylashtirish vositasi va B.) muammolar kelib chiqmoqda.

Hududlarning salohiyatidan samarali foydalanish, anʼanaviy turizm bilan birgalikda boshqa turizm turlarni taklif qilish va har bir hududni turizmga ixtisoslashtirish choralari koʻrilmoqda.

Jumladan, Andijon viloyatida eko, agro va gastronomik turizm salohiyati mavjud. Xoʻjaobod tumanida“Imomota” turizm mahallasi, Xonobod tumanida “Afsona dam olish maskani”, Shahrixon tumanida “Hunarmandlar markazi» va Andijon shahrida “turizm koʻchasi” tashkil qilinadi.

Buxoro viloyati mahalliy va xorijiy sayyohlar orasida ziyorat turizm salohiyati bilan tanilgan. Buxoro viloyatida jami 829 ta moddiy-madaniy meros obyektlari davlat muhofazasiga olingan boʻlib, 2022-2026-yillarda sayyohlar tashrif buyuradigan madaniy meros obyektlari soni 139 tadan 200 taga yetkaziladi.

Viloyatda xalq amaliy sanʼatining zardoʻzlik, zargarlik va anʼanaviy hunarmandchilik, gilamdoʻzlik, qandolatchilik shakllari rivojlangan boʻlib, sayyohlar tomonidan mazkur mahsulotlar keng xarid qilinadi. Buxoro shahridagi YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan “Tarixiy markaz” infratuzilmasi yaxshilanadi.

2022-2026-yillarda Abu Ali ibn Sino tugʻilgan joy - Peshkoʻ tumani Afshona qishlogʻida “X asr etnik qishlogʻi”ni barpo etish, Buxoro shahrida «Turki Jandi», Vobkent tumani “Shirin”, Gʻijduvon tumanining“Qoʻrgʻon” mahallalarida turizm qishloqlari, Buxoro shahrida “gastronomik koʻcha”, Qorovulbozor tumanidagi“Jayron” ekomarkazida turistik majmua barpo etiladi.

Fargʻona viloyati mintaqada organik va sifatli meva-sabzavot yetishtirish – agroturizm imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, sayyohlar viloyatga Rishton kulolchilik maktabi, Margʻilon ipakchilik va atlas mahsulotlari, togʻ turizmi, gastronomik va ziyorat turizmi bilan tanishish maqsadida tashrif buyuradi. Viloyatda tibbiyot turizmini rivojlantirish imkoniyatlari yuqori boʻlib, nafaqat Oʻzbekiston, balki qoʻshni respublika fuqarolari ham sogʻlomlashtirish va tibbiyot xizmatlaridan foydalanadi.

Fargʻona shahrining Sayilgoh, Yuksalish, Al Fargʻoniy va Kashtanzor koʻchalarini mujassamlashtirgan “Turizm mavzesi” (Tourism avenue), Fargʻona tumanidagi “Avval”“Vodil” MFY hududida turizm qishlogʻi va mahallasi tashkil etiladi, Oltiariq tumanida tibbiyot turizmi yoʻnalishida loyihalar amalga oshiriladi hamda Rishton kulolchilik markazi sayyohlar tashrif obyektiga aylantiriladi.

Jizzax viloyatida eko, agro, gastronomik, togʻ va tibbiyot turizmi rivojlangan boʻlib, 2021-2026-yillarda “Zomin”turistik-rekreatsion zonasi, «Suffa platosi 2 400» xalqaro umummavsumiy kurorti va «Oʻriklisoy» turizm majmuasi ishga tushiriladi. Forish tumanidagi “Uxum”, Zomin tumanidagi “Duoba”, Baxmal tumanidagi“Moʻgʻol” qishloqlarida turizm qishloqlari tashkil qilinadi.

Namangan viloyatida eko, etno, togʻ, agro (baliqchilik, mevali bogʻlar, yilqichilik), gastronomik, ziyorat, ekstremal, tibbiyot turizm turlarini rivojlantirish imkoniyatlari mavjud.

2022-2026-yillarda Namangan viloyatining Pop tumanida “Chodak”, Yangiqoʻrgʻon tumanida “Nanay», Chust tumanida “Gʻova», Kosonsoy tumanida “Olmazor” turizm qishloqlarini tashkil etish yuzasidan ishlar olib boriladi. Namangan shahrida “Gullar saylgohi” ekoturizm obyekti yaratiladi va “Namangan - gullar shahri” brendi yanada ommalashtiriladi va viloyatdan oʻtuvchi xalqaro yoʻl boʻyida turizm hamda xizmat koʻrsatish obyektlari tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, viloyat hududidan oqib oʻtuvchi Sirdaryo va Norin daryosi qirgʻoqlarida eko va agro turizm loyihalari amalga oshiriladi va sayyohlar uchun joylashtirish, ovqatlanish, koʻngilochar xizmatlar tashkil qilinadi.

Navoiy viloyatiga sayyohlar geoturizm, rekreatsion (Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi, Tudakoʻl suv havzasi), ziyorat, etno, tibbiyot sarguzasht turizmi yoʻnalishlarida tashrif buyuradi.

2022-2026-yillarda Nurota tumanining «Sar Koriz» qadimiy yer osti suv yetkazib berish quvurini rekonstruksiya qilish orqali ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish va “Sentob” MFYda “Sentob turizm qishlogʻi”ni tashkil qilish, Navbahor tumani Sarmishsoy darasidagi noyob qoyatosh suratlari (petrogliflar), arxeologik-madaniy meros yodgorliklarini muhofaza qilish maqsadida YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi yodgorliklari roʻyxatiga kiritish va Karmana tumanidagi “Amir Olimxon chorbogʻi” tarixiy maskanini rekonstruksiya qilish choralari koʻriladi.

Qashqadaryo viloyatida eko, ekstremal, astro, etno, agro, gastranomik turizm turlarini rivojlantirish uchun imkoniyatlar mavjud boʻlib, qoʻshimcha ravishda trekking, chodirli kemping, parashyutdan sakrash, alpinizm, otda sayr qilish kabi xizmatlar tashkil qilinadi.

Kelgusi besh yilda Shahrisabz shahridagi “Shahrisabz tarixiy markazi”da “Shahrisabz gilamlari va doʻppilari” xalqaro muzeyi, Qamashi tumanida “Langar ota” ziyoratgohi yaqinida «Hattotlik» maktabini yaratish va Shahrisabz tumanining “Miraki», “Suvtushar”, «Koʻl», “Gʻyelon” qishloqlari, Kitob tumanining“Bashir”, “Qaynar” va “Varganza” qishloqlari, Yakkabogʻ tumanining “Tatar” va Mirishkor tumanining“Jeynov” qishloqlarida “turizm qishloqlari” tashkil qilinadi.

Samarqand viloyatida 1 607 ta moddiy madaniy meros obyektlari mavjud boʻlib, viloyatda ziyorat, tarixiy-madaniy, ekstremal, ekologik, togʻ va tibbiyot turizmi turlari rivojlangan. 2020-yilda respublikada dastlabki “Konigil” turizm qishlogʻi tashkil etildi.

2022-2026-yillarda viloyatda “Samarqand turistik markazi” va MICE-turizm obyektlari barpo etiladi. Madaniy meros obyektlari raqamlashtiriladi, Samarqand shahridagi Amir Temur barpo ettirgan“Bogʻibaland” mahallasi hamda “Sharq” mahallalari “turizm mahallasi”, Urgut tumanidagi “Tersak” hamda Payariq tumanidagi “Choshtepa” qishloqlarida “turizm qishloqlari” tashkil etiladi. Nurobod tumanida Hazrati Dovud ziyoratgohi atrofida osma dor yoʻllari, Nurbuloq termal zonasi va sogʻlomlashtirish markazlaririvojlantiriladi.

Mahalliy va xorijiy ziyoratchilar uchun Samarqand shahrida tematik xiyobon, Imom al-Moturidiy maqbarasiniziyorat markaziga aylantirish, oliy taʼlim muassasalari qoshida ziyorat turizmi yoʻnalishida qayta tayyorlash kurslari tashkil etiladi.

Sirdaryo viloyati agro, eko hamda tibbiyot turizm yoʻnalishlarida yuqori salohiyatga ega. Viloyatda “Barxan», “Chinor”, «Kalgansir» ekoturizm maskanlari oʻz faoliyatini olib bormoqda.

Kelgusi yillarda viloyatda yoʻl boʻyi infratuzilmasini rivojlantirish orqali turizm va savdo xizmatlari tashkil qilinadi, Sirdaryo daryosi boʻyida yengil konstruksiyali joylashtirish vositalari va koʻngilochar xizmatlar istiqboldagi sayyohlarga taqdim etiladi. Agroturizm yoʻnalishida intensiv bogʻlar, sitrus mevalar yetishtiriladigan issiqxonalar, anorchilik va baliqchilik xoʻjaliklari faoliyatini yoʻlga qoʻyish orqali sayyohlarga qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatiladi.

Surxondaryo viloyatida arxeologik, eko, agro, ziyorat, tibbiyot, gastronomik, ekstremal turizm yoʻnalishlarini rivojlantirish imkoniyatlari mavjud.

2022-2026-yillarda viloyatning Sariosiyo tumanida “Sangardak”, Sherobod tumanida “Chorbogʻ”, Oltinsoy tumanida «Xoʻjaipok» va Boysun tumanida “Omonxona” hamda “Sayrob” turizm qishlogʻi tashkil etish, Termiz shahrida “Gastronomik koʻcha”“Turizm koʻchasi”, “Kushonlar davlati tarixi” muzeyini barpo etish, arxeologik va ziyorat turizmi obyektlarni saqlab qolish, Boysun tumanidagi Xoʻjamayxona darasida“geologik park” tashkil etish, tibbiyot turizmiga qoʻshni davlatlar fuqarolarini jalb etish yuzasidan ishlar olib boriladi.

Toshkent viloyatida agro, eko, togʻ, tibbiyot, gastronomik, ekstremal, tarixiy-madaniy, ziyorat turizmi istiqbolli yoʻnalishlari hisoblanadi. Viloyatning soʻlim tabiati yilning toʻrt fasli davomida sayyohlarni oʻziga jalb qiladi. Viloyatdagi «Amirsoy» togʻ-changʻi kurorti yirik investitsion loyihalardan biri hisoblanadi. Toshkent viloyatidagi turizm obyektlari boʻylab sayohat qilish uchun «Oltin xalqa» turizm yoʻnalishi ishlab chiqilgan.

2022-2026-yillarda Toshkent viloyatining Ohangaron tumani «Ovjazsoy» va “Ertoshsoy» turizm qishloqlari, Angren shahrining «Yangiobod” MFY hududlarida “turizm mahallasi”ni tashkil etish, Parkent tumani Soʻqoq qishlogʻida “gastronomik turizm koʻchasi” tashkil qilish yuzasidan amaliy choralar koʻriladi. Shu bilan birga, mahalliy aholi bandligini taʼminlash va sayyohlarga maqbul narxlarda joylashtirish xizmatlarini taqdim etish maqsadida oilaviy mehmon uylari tashkil qilishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Toshkent shahrida biznes (ishchi), tarixiy-madaniy, MICE, gastronomik, etno, shopping turizmni rivojlantirish imkoniyatlari mavjud. Kelgusi 5 yilda shaharda xizmat koʻrsatish sohasi rivojlantiriladi va xizmat sifati yaxshilanadi. Toshkent shahrining tarixda mavjud boʻlgan 12 ta ramziy darvozasini tiklash choralari koʻriladi.

Toshkent shahrida xorijiy tajribadan kelib chiqib “Kechki turizm bozorlari”, Yangihayot tumanida«Ekstremal turizm zonasi”, Yashnobod tumanidagi yer usti metrosi boʻylab zamonaviy «Food truck»larni tashkil etish, Olmazor tumanida ziyoratchi turistlarga xizmat koʻrsatuvchi “Halol turizm markazi» faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda Ramazon oyida xorijiy tajribadan kelib chiqib, yarmarka va turli koʻngil ochar tadbirlarni Suzuk ota, Xasti Imom, Shayx Zayniddin ziyoratgohlari hududida tashkil qilinadi.

Xorazm viloyatiga sayyohlar tarixiy-madaniy, tibbiyot, gastronomik, etno, agro, eko, ziyorat turizm yoʻnalishlarida tashrif buyuradi. Bogʻot va Xonqa tumanlarida uzumchilik rivojlanganligi bois agroturizm yoʻnalishida degustatsiya markazi tashkil qilinadi.

Shovot tumanida joylashgan «Yusuf Hamadoniy», Xiva shahridagi “Sayid Mohi Roʻyi Jahon”, Yangiariq tumanidagi “Shayx Muxtor vali”, Xazorasp tumanidagi “Shoh Pir” kabi ziyoratgohlar obodonlashtiriladi va qoʻshimcha xizmatlar yaratish orqali sayyohlar oqimi oshiriladi. Mavjud tabiiy va sunʼiy koʻllarni qamrab olgan «Khorezm EcoRing» ekoturizm halqasi tashkil qilinadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida tarixiy-madaniy, arxeologik, eko hamda etno turizm yuqori salohiyatga ega boʻlib, hududda «Aqchakoʻl»«Ashshikoʻl» sohil boʻyi rivojlantirilmoqda. “Quyi-Amudaryo davlat biosfera rezervati» salohiyatidan samarali foydalaniladi, Chimboy tumanida etnoturizm va hunarmandchilik rivojlantiriladi. Madaniy meros obyektlarini taʼmirlash, muhofaza qilish va zaruriy infratuzilmani yaxshilash choralari koʻriladi.

Ellikqalʼa tumanidagi Guldursun, Sahtiyon va Moʻynoq tumanidagi Doʻstlik fuqarolar yigʻinlari hududida “turizm qishlogʻi” tashkil qilinadi.

Bularning bari Oʻzbekistonda turizm industriyasining jadal surʼatlarda oʻsishiga turtki beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер