Oʻzbekistonda sudlarda audioyozuvdan foydalanishni majburiy qilish taklifi ilgari surilmoqda

01:50 16 Avgust 2022 Jamiyat
696 0

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan oʻtkazilgan tahlillarga koʻra ayni paytda Respublikada 665 ta sud zali audioyozuvdan foydalanish tizimi bilan, 385 ta sud zali esa videokonferensaloqa tizimlari bilan taʼminlangan.

Amaldagi qonunchilikka koʻra sud majlislarini audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borishning ixtiyoriy tartibi joriy etilgan. Bundan kelib chiqadiki, bugun sudlarda ayrim holatlarda eski tizimdan foydalanish, yaʼni sud majlislarini bayonnomalarda qayd etib borish tizimi hamon davom etmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, hatto tajribali yordamchi ham sud majlisida boʻlib oʻtayotgan va ish uchun muhim boʻlgan barcha holatlarni yozib borish imkoniyatiga ega boʻlavermaydi. Bu esa oʻz oʻzidan sudlanuvchi, jabrlanuvchi va sudda ishtirok etuvchi boshqa ishtirokchilarning koʻrsatmalari tushunarsiz, yuzaki bayon etilayotgani, hatto, sudya, prokuror, advokat tomonidan berilgan savollar ham bayonnomada oʻz aksini topmayotgan holatlarni yuzaga keltirishi ehtimoli yuqori.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda sud majlisi audioyozuvini majburiy olib borish tartibini joriy etish, manfaatdor shaxslarning murojaatiga asosan sud majlisining audioyozuvlarini “E-XSUD” axborot tizimi orqali elektron taqdim etish tartibini yoʻlga qoʻyish, jinoyat, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar hamda iqtisodiy sudlarni audioyozuvlarni matn shakliga oʻgiradigan dasturiy taʼminot bilan taʼminlash taklif etilmoqda.

Xorijiy davlatlar tajribasiga qaralganda Ispaniya, Gretsiya, Slovakiya, Ruminiya, Chexiya, Gruziya, Ukraina, Moldova, Ozarbayjon, Rossiya, Belorussiya, Qirgʻiziston va Qozogʻiston jinoyat-protsessual qonunchiligida sud majlisini audioyozuv vositalaridan foydalangan holda qayd etib borish sud majlisini tashkil etishning majburiy sharti sifatida belgilangan.

Xoʻsh bu tizim qulayliklari nimalarda koʻrinadi?

Birinchidan, sudlarda ishni koʻrish vaqtida audioyozuvdan foydalangan holda sud majlisining yozib olinishi sudyaning ishni koʻrish boʻyicha masʼuliyatini kuchaytiradi va sud protsesslarining sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, sud majlisi bayonnomasini oʻzgartirib qoʻyish yoki uni yoʻqolib qolishi kabi salbiy holatlarga barham beradi, sud majlisi kotibining ish yuklamasini ham birmuncha yengillashtiradi, chunki sud majlisini audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish sud majlisida boʻlib oʻtgan hodisalarni oʻzida toʻliq aks ettiradi.

Uchinchidan, sud protsessida qonuniylik va shaffoflikni taʼminlash imkoniyati oshadi, sud protsessida yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni aniqlash osonlashadi hamda sud xizmatlarini koʻrsatish samaradorligi oshadi.

Toʻrtinchidan, sudya yordamchilarining ish hajmi keskin kamayadi, protsess ishtirokchilari sud majlisining audio yoki videoyozuvi bilan onlayn tanishish imkoniga ega boʻladi. Qogʻoz boʻyicha sudlarning sarf-xarajatlari keskin kamayishi va eng muhimi mamlakatning sud tizimi boʻyicha amaliyoti Xalqaro reyting va indekslarda yuqori baholanadi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki mamlakatda adolatli sudlovni amalga oshirish avvalo inson qadrini, uning shaʼni va manfaatlarini himoya qilish yoʻlida xalq ishonchiga sazovor boʻla olsin.

Z. Ergashev, Huquqiy siyosat tadqiqot instituti bosh maslahatchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер