Oʻzbekistonda startap gʻoyalarini tijoratlashtirishning yangi bosqichi

12:50 08 Yanvar 2026 Jamiyat
583 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan murojaatnomasida mamlakatimizni raqamli texnologiyalar va ilmiy-innovatsion salohiyatni yanada oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bizga maʼlumki, zamonaviy dunyo texnologik yutuqlar asosida rivojlanmoqda va mamlakatimiz ham bu jarayondan chetda qolmasligi lozim. Shu nuqtayi nazardan, startap gʻoyalarini tijoratlashtirish va transfer texnologiyalarini rivojlantirish masalasi bugungi kunning eng dolzarb mavzularidan biriga aylandi. Zero, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “startap gʻoyasidan to eksportgacha koʻmaklashadigan yangi tizimni yoʻlga qoʻyishimiz lozim”.

Startaplarning anʼanaviy tadbirkorlikdan asosiy farqi shundaki, u innovatsion yechimlar taqdim etish, bozorga hali kirib kelmagan yoki mavjud boʻlmagan mahsulot yoki xizmatlarni yaratish hamda keng miqyosda oʻsish imkoniyatiga ega boʻlishiga qaratilgan. Eʼtiborli jihati “Google”, “Apple”, “Amazon”, “Alibaba” kabi axborot texnologiyalari sohasidagi kompaniyalar dastlab kichik startaplar sifatida ish boshlagan va bugungi kunga kelib global iqtisodiyot va savdoning yetakchi kuchlariga aylangan.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda startap ekotizimi jadal rivojlanmoqda. Xususan, 2024-yil 14-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan raqamli texnologiyalar sohasidagi startap loyihalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan Raqamli startaplar dasturi va 2024–2026-yillarda startap ekotizimini rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Bundan tashqari, mamlakatimiz Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2025-yil 20-avgustdagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklida oʻtkazilgan uchrashuvidagi nutqida 2025-yilning yetti oyi mobaynida startaplarga rekord miqdorda 264 million AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiya kiritilganligi va bu koʻrsatkich 2024-yil davomida kiritilgan sarmoyalardan 4 barobar koʻp ekanligi alohida qayd etildi. Shuningdek, yoshlarning 1 mingta startap gʻoyasi tijoratlashtirilishi va shundan 200 tasi xalqaro bozorga olib chiqilishi va bu maqsadlar uchun 100 million AQSH dollari berilishi qayd etildi.

Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan startap gʻoyalarini tijoratlashtirish yoʻnalishidagi islohotlar oʻzining natijalari qisqa vaqtda bermoqda. Xususan, “StartupBlink” global startap ekotizimining indeksining 2025-yil reytingida Oʻzbekiston birinchi marta global Top-100 talikka kirdi. Bu koʻrsatkich rekord darajadagi oʻsish deya baholanib, indeks natijalari mamlakatimizni Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan startap markaziga va mintaqada ikkinchi oʻringa olib chiqdi. Toshkent shahri ham global reytingda 350-oʻrinni egallab, Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan shahar sifatida eʼtirof etildi va mintaqaviy texnologik markaz sifatidagi muhim rolini sezilarli oʻsish bilan mustahkamlandi. Maʼlumki, startap nafaqat yangi mahsulot yoki xizmatni yaratish tashabbusi, balki bilimga asoslangan iqtisodiyotning muhim elementi sifatida namoyon boʻlmoqda. Startap gʻoyalarning negizida ilmiy izlanishlar, intellektual mehnat natijalari va texnologik yangiliklar yotadi.

Startap gʻoyalar va ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-390-son qarori bilan 2030-yilga qadar Fanlar akademiyasi va uning tizim tashkilotlarida yangi ilmiy ishlanmalar soni va tijoratlashtirishdan olinadigan mablagʻlar hajmini
3 baravarga oshirish, ilm-fan va sanoat tarmoqlari oʻrtasidagi oʻzaro integratsiyani kuchaytirish, Fanlar akademiyasining yangi ishlanmalarini tijoratlashtirish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Fan va sanoat integratsiyasi kengashi tashkil etilishi belgilandi.

Intellektual faoliyat natijalari va startaplarni tijoratlashtirish sohasidagi amaliy harakatlar sifatida 2025-yil noyabr oyida Oʻzbekiston Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasini ishga tushirilganligini qayd etish lozim. Mazkur loyiha “Bir million dasturchi” tashabbusining davomi boʻlib, loyiha doirasida loyiha doirasida 2030-yilga qadar 4 million 750 ming maktab oʻquvchilari va talabalar, 150 ming nafar oʻqituvchilar hamda 100 ming nafar davlat xizmatchilarini oʻqitish koʻzda tutilgan. Yuqoridagi loyihani ishga tushirish jarayonida mamlakatimiz Prezidenti Sh. Mirziyoyev tomonidan “Kelajak markazlari”da sunʼiy intellekt maktab dasturi joriy qilinishi, mamlakatimizdagi maktablar oʻrtasida har yili sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap gʻoyalari boʻyicha tanlov oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyilishi va gʻoyalarni tijoratlashtirish boʻyicha ilgʻor kompaniyalar bilan hamkorlik oʻrnatilishi belgilandi.

Fikrimizcha, startap gʻoyalarini tijoratlashtirish jarayonida bir qator muammolar ham mavjud. Birinchidan, ilm-fan va sanoat oʻrtasida yetarli aloqa yoʻqligi sababli tadqiqot natijalari koʻpincha amaliy tatbiq etilmasdan qolmoqda. Ikkinchidan, startaplariga mentorlik koʻrsatish sohasida malakali kadrlar yetishmasligi sezilmoqda. Uchinchidan, startaplarning xalqaro bozorlarga chiqishi uchun marketing va eksportini qoʻllab-quvvatlash tizimi yanada kuchaytirilishi kerak.

Xulosa qilib aytganda, startap gʻoyalarini tijoratlashtirish va transfer texnologiyalarini rivojlantirish Oʻzbekistonning innovatsion iqtisodiyotini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimizning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga murojaatnomasida belgilangan vazifalar doirasida bu sohada izchil ish olib borilishi lozim. Davlat tomonidan yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari va xalqaro hamkorlik startap ekotizimini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, yoshlarimiz orasidagi innovatsion gʻoyalar amaliy natijaga aylantirilishi va bu orqali mamlakatimiz iqtisodiyotiga haqiqiy hissa qoʻshilishi lozim.

Abdumumin Yuldashov

Toshkent davlat yuridik universiteti

Intellektual mulk huquqi shoʻbasi

professori v.b., yu.f.f.d. (PhD), dotsent

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?