Oʻzbekistonda shokolad mahsulotlaridan salmonellyoz infeksiyasi tarqalishi qayd etilgani yoʻq

10:01 29 Aprel 2022 Jamiyat
1172 0

Foto: Illustrativ foto

Shu kunlarda dunyoning ayrim mamlakatlarida “Kinder” savdo belgisi ostida Belgiyada ishlab chiqarilgan shokolad mahsulotlari sotuv rastalaridan olib tashlanmoqda.

Chunki Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, hozirgacha dunyoning 11 davlatida salmonellyoz kasalligiga chalinish holatlari keskin oshib ketishi ayni shu shirinliklar bilan bogʻliq. Zararlangan shokolad mahsulotlari kamida 113 mamlakatga tarqatilgani aytilmoqda.

Ayni paytga qadar salmonellyoz bilan bogʻliq 151 holatdan 150 tasi Yevropada roʻyxatga olingan boʻlsa, qolgan biri AQSHda kuzatilgan. Shu sababli ana shu va boshqa hududlarda “Kinder Surprise”, “Kinder Mini Eggs”, “Kinder Surprise Maxi" va “Kinder Schoko-Bons” nomli mahsulotlar doʻkonlardan qaytarib olinyapti.

Mutaxassislar izohiga koʻra, salmonellyoz insonning oshqozon-ichak traktiga zarar yetkazuvchi bakteriyalardir. Ushbu infeksiya koʻp hollarda bemorlarda yengil alomatlar bilan kechsa, baʼzi turlari odamlarda oʻtkir kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Umumiy simptomlar orasida diareya, isitma, qorin ogʻrigʻi va koʻngil aynishi koʻp kuzatiladi. Kasallikka aniq tashxis qoʻyish uchun mikrobiologik va bakteriologik tahlillar zarur.

Xoʻsh, bu borada Oʻzbekistonda vaziyat qanday?

Hozirgacha mamlakatimizda shokolad orqali salmonellyoz infeksiyasini yuqtirish holatlari qayd etilgani yoʻq.

Shunga qaramay, ehtiyot choralari kuchaytirilib, yurtimizga kirib kelayotgan va savdoga chiqarilayotgan barcha shirinliklar qatori, “Kinder” savdo belgisi ostidagi mahsulotlarning xavfsizligi ham nazoratdan oʻtkazilyapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер