Oʻzbekistonda qonunga xilof ravishda eng koʻp foydalaniladigan firma nomlari maʼlum qilindi

20:50 17 Iyul 2021 Iqtisodiyot
1210 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi Botir MARDAYEV bu haqda shunday deb yozadi: 

"Bugungi texnologik taraqqiyotda intellektual mulk har bir davlat iqtisodiyoti rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu sohada mustahkam himoya tizimining mavjudligi ilmiy tadqiqotlarni ragʻbatlantirish, iqtisodiyot, innovatsiyalar, madaniyat, adabiyot va sanʼatni rivojlantirish, fan-texnika yutuqlarini amaliyotga samarali tatbiq etish, pirovardida mamlakatning iqtisodiy va intellektual salohiyatini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 28-yanvardagi tegishli qaroriga muvofiq, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi. Unda “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi va “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish ham nazarda tutilgan.

Qonun loyihasi partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari yigʻilishlarida koʻrib chiqildi. Mazkur masalalarning dolzarbligi, ahamiyati haqida soʻz borar ekan, qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatda intellektual mulkning huquqiy himoyasini mustahkamlash, ana shunday mulk obyektlaridan foydalanuvchi barcha shaxslarda masʼuliyat hissini kuchaytirish, undan foyda kelishini haqiqiy maʼnoda taʼminlashga ham xizmat qilishi taʼkidlandi.

Xoʻsh, biz koʻp eshitadigan, ammo aksariyat hollarda amal qilmaydigan intellektual mulk huquqi oʻzi nima? Nima sababdan intellektual mulk muhofazasi va rivojiga eʼtibor bu qadar kuchaymoqda?

Uni oddiygina qilib, inson tomonidan yaratiladigan ijodiy-aqliy faoliyat mahsuli, deb taʼriflash mumkin. Intellektual mulk iqtisodiyot taraqqiyotining tarkibiy qismlaridan biri hamdir. Dunyoning rivojlangan mamlakatlari iqtisodiyotida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar katta daromad keltiruvchi sohaga aylanib ulgurgan. Masalan, Jahon intellektual mulk tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, mashhur kino qahramonlari va oʻquv-ilmiy nashrlardan foydalanish huquqiga litsenziya berish natijasida tegishli davlatlar milliardlab dollar daromad koʻrmoqda.

Shu bois, rivojlangan mamlakatlarning deyarli barchasida intellektual mulk rivojiga katta eʼtibor qaratilgani holda, ularning investitsiyaviy jozibadorligi yaxshilangan, uning ichki yalpi mahsulotdagi ulushi keskin ortib bormoqda. Misol uchun, intellektual mulk Yevropada yalpi ichki mahsulotning 45 foizini, Xitoyda 12, Rossiyada esa 7 foizni tashkil etadi. Xalqaro tajribalar tahlilidan koʻrinadiki, bugungi taraqqiy etgan aksariyat davlatlar iqtisodiyoti yuqori oʻsishining asosiy omillaridan biri aynan intellektual mulk va uning mustahkam huquqiy himoyasi taʼminlanganidir.

Mamlakatimizda izchil iqtisodiy faollikning oshib borishi bilan intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini taʼminlash borasida ham aniq chora-tadbirlar koʻrilyapti. Jumladan, intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarga barham berish, davlat xizmatlari koʻrsatish tizimida samaradorlikni taʼminlash, idoralararo ishonchli va tezkor hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha ishlar soha rivojiga xizmat qilmoqda.

2019-yildan tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisi va tovar kelib chiqqan joy nomini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnomalar topshirilgach, bir ish kuni mobaynida ushbu talabnomalar haqidagi maʼlumotlarni veb-saytga joylashtirish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquq egalari murojaatiga muvofiq, himoya jarayoni 2020-yildan boshlab yana-da faollashtirildi.

Hisob-kitoblarga koʻra, 2020-yilda mahalliy va xorijiy talabnoma topshiruvchilardan roʻyxatdan oʻtkazish uchun 1 088 ta ixtiro, foydali model va sanoat namunasi hamda 4 123 ta tovar belgisi uchun talabnoma qabul qilingan boʻlib, ulardan 493 ta ixtiro, foydali model va sanoat namunasi, 1 459 ta tovar belgisi roʻyxatdan oʻtkazildi. Bu yurtimizda tovar belgilariga ega boʻlish talabining oshish tendensiyasi kuzatilayotganidan dalolatdir.

Huquqbuzarliklar, afsuski, davom etmoqda

Biroq bugungi kunda qonunchilikda intellektual mulk obyektlaridan noqonuniy foydalanganlik, nomulkiy huquqlarga daxl qilganlik uchun javobgarlikning qatʼiylashtirilmagani, maʼmuriy va jinoiy qonunchilikda umumiy uygʻunlikning yoʻqligi, belgilangan maʼmuriy jazoni, aynan jarimani yuridik shaxsning rahbari mansabdor shaxs sifatida toʻlab, bu kabi huquqbuzarliklarni takror davom ettirayotganlik holatlari uchramoqda.

Natijada intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish va ularni huquqiy himoyalash boʻyicha huquq egalaridan asosli murojaatlar bildirilyapti. Birgina 2020-yil davomida sudlarda intellektual mulk obyektlariga oid 241 ta ish koʻrilgan boʻlsa, ularning 90 foizi aynan tovar belgilariga taalluqli ekani qayd etildi. Shu yili Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashi tomonidan intellektual mulkka oid 34 ta ish koʻrildi. Sohadagi islohotlar, oʻz navbatida, mavjud qonunchilikni jahon tajribasi va xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirish, ayniqsa, iqtisodiyotni innovatsiyalashtirish intellektual mulk muhofazasini mustahkamlashni taqozo etadi.

Yuqoridagi qonun loyihasida esa ana shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Unda, shuningdek, intellektual mulk obyektlariga oid qonun buzilishi holatlarini sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan qoʻllaniladigan moliyaviy sanksiyalar va ularning qoʻllanilish mexanizmi, tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisining faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazilishiga nisbatan qonunchilikda mavjud cheklovlarning bekor boʻlishi oʻz ifodasini topgan.

Muhim jihatlardan yana biri shuki, tovar belgisini davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayoni muayyan muddatni (8 oy) talab qilishini inobatga oladigan boʻlsak, tadbirkorlik subyektini davlat roʻyxatidan oʻtkazmasdan yoki tadbirkorlik faoliyatini amalda boshlamasdan oldin tovar belgisi (xizmat koʻrsatish belgisi)ni roʻyxatga olish yuzasidan talabnoma topshirish maqsadga muvofiq boʻladi. Bu esa kelgusida oʻzganing tovar belgisi (xizmat koʻrsatish belgisi)ni noqonuniy ishlatish kabi nizolarning oldini olishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasiga intellektual mulk sohasidagi ayrim huquq buzilishi holatlari, xususan, ixtiro, foydali model va sanoat namunasiga boʻlgan huquqlarni buzish hamda oʻzganing tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi yoki firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun tegishli yuridik shaxsga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobaridan 200 barobarigacha miqdorda moliyaviy sanksiya (jarima) qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi norma kiritilmoqda.

Oʻzganing “nomi”dan foydalanish qonunga xilof!

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda firma nomlariga boʻlgan huquqlarning buzilishi bilan bogʻliq nizolar soni borgan sari koʻpaymoqda. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda belgilangan sanksiyalar miqdorining kamligi, qonunchilikda boshqa huquqiy taʼsir choralarining mavjud emasligi esa huquqbuzarlik koʻlamining ortib borishiga sabab boʻlyapti.

Amaliyotda ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarning boshqa yuridik shaxslarning keng jamoatchilikka mashhur boʻlgan firma nomidan huquq egasining ruxsatisiz oʻzining firma nomlarida foydalanishi natijasida yuridik shaxslarning ishchanlik obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatishiga, isteʼmolchilarda ushbu subyektlar tomonidan oʻzgalarning tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalangan holda ishlab chiqarilgan kontrafakt mahsulotlar sabab firma nomining asl egalari haqida yanglish tasavvurlar paydo boʻlishiga olib kelmoqda. Xususan, “Knauf Gips KG”, “Marmaks”, “The Coca-Cola Company” singari nomlar mamlakatda qonunga xilof ravishda eng koʻp foydalaniladigan firma nomlari sirasiga kiradi.

Kontrafakt oziq-ovqat, kiyim-kechak, gigiyena va parfyumeriya hamda boshqa xoʻjalik mahsulotlari boʻyicha Intellektual mulk agentligi tomonidan ishlab chiqilgan katalogdagi 300 dan ortiq mahsulotni ruxsat berilmagan tarzda tayyorlash, qoʻllash, olib kirish, savdoga taklif etish, sotish, oʻzgacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish yoki ularni shu maqsadda saqlash yoxud ular bilan adashtirib yuboradigan darajada aynan oʻxshash boʻlgan bir xildagi tovarlarni, yaʼni tovar belgisiga oid mutlaq huquqning buzilayotganini koʻrishimiz mumkin.

Yuridik shaxslar tomonidan oʻzganing mulki boʻlgan intellektual mulk obyektlaridan huquq egasidan ruxsat olmagan holda foydalanilishi ushbu tashkilotlarning faoliyatiga bevosita tegishlidir. Aynan mazkur faoliyat katta daromad koʻrishga qaratilgan. Shundan kelib chiqib, qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari ham mutanosib ravishda boʻlishi maqsadga muvofiq.

Shu nuqtayi nazardan, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi yuridik shaxslarning korporativ javobgarligi boʻyicha normalarning kiritilishi hamda intellektual mulk sohasi oʻsishiga katta yoʻl ochadi. Intellektual mulk obyektlariga ega boʻlish rivojlanish yoʻliga qadam qoʻygan milliy kompaniyalar uchun oʻziga xos nufuzni va eʼtirofni anglatadi. Bu boradagi qonunchilikni qatʼiylashtirish mamlakatga oʻz tovar belgisi yoki sanoat namunasi bilan kirish istagida boʻlgan chet ellik investorlar uchun yaxshi maʼnoda “qoʻngʻiroq” boʻladi".

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?