Oʻzbekistonda qaysi oliygoh talabalari eng koʻp jinoyat sodir etgani maʼlum qilindi

23:11 05 Sentyabr 2025 Jamiyat
140 0

Joriy yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonda talabalar tomonidan 300 dan ortiq jinoyat sodir etildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy Majlis Senati yalpi majlisida talabalar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish masalasi koʻrib chiqilib, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipovga parlament soʻrovi yoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Taʼkidlanishicha, oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonini samarali tashkil etish, talabalarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar olib borish hamda ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirishga yetarli eʼtibor qaratilmayapti. Bu esa sogʻlom muhit shakllanmasligiga, ayrim hollarda huquqbuzarlik va jinoyatlarga olib kelayotgani qayd etildi.

2025-yil yanvar-iyun oylarida 102 ta oliygoh talabalari jami 307 ta jinoyat sodir etgan.

Senat maʼlumotlariga koʻra, jinoyatlarning asosiy qismini yoʻl-transport hodisalari, oʻgʻirlik, tan jarohati yetkazish, bezorilik va firibgarlik holatlari tashkil etadi. Hududlar kesimida eng koʻp jinoyat Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Namangan, Andijon, Samarqand, Fargʻona va Surxondaryo viloyatlariga toʻgʻri kelmoqda.

Oliygohlar kesimida esa jinoyatlar koʻp qayd etilgan taʼlim muassasalari quyidagilar:

— Toshkent davlat transport universiteti,

— Oʻzbekiston Milliy universiteti,

— Toshkent davlat texnika universiteti,

— Toshkent axborot texnologiyalari universiteti,

— Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.

Shuningdek, ayrim oliygohlarda dars jarayonini muntazam nazorat qilish yoʻlga qoʻyilmagani va davomat yetarlicha monitoring qilinmayotgani bois, jinoyatlar hatto dars vaqtida – soat 08:00 dan 16:00 gacha sodir etilgani qayd etildi.

Bundan tashqari, ayrim oliygohlarda tyutorlarni biriktirish tartibiga rioya etilmayotgani, talabalarning yotoqxonaga kirib-chiqishi, yashashi va kechasi turishi yetarlicha nazorat qilinmayotgani ham maʼlum qilindi.

Senatorlar taʼkidlashicha, keyingi yillarda oliy taʼlim sohasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilganiga qaramay, bu sohada faoliyat yuritayotgan ayrim shaxslarga nisbatan korrupsiya holatlari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

“Bu esa aholining qonuniy eʼtirozlari koʻpayishiga, adolatsizlikka oid shikoyatlar keskin ortishiga olib kelmoqda”, — deyiladi Senat axborotida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер