Oʻzbekistonda noshirlik faoliyati sohasi takomillashtiriladi

19:43 19 Avgust 2025 Siyosat
167 0

Foto: Oliy Majlis Senati

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining majlisida “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish haqida»gi Qonun hamda Gender tenglikka erishish strategiyasining ijro holati muhokama qilindi.

Majlisda taʼkidlanishicha, mamlakatimizda noshirlik faoliyati sohasini takomillashtirishga, sifatli adabiyotlarni chop etishni qoʻllab-quvvatlashga, kitobxonlik madaniyatini ommalashtirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Soʻnggi 4-yilda nashriyotlar soni 3,5 barobarga koʻpayib, 590 taga yetgan, shundan xususiy nashriyotlar 531 tani (90 foiz) tashkil etmoqda. Nashriyotlarning ishlab chiqarish quvvati 2 barobar oshib, har yili oʻrtacha 11 ming nomda (oldin 7 ming) 40 mln nusxada kitoblar nashr etilmoqda.

Sohaga 25 mln dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar kiritilib, 2025-yil 1-yanvardan boshlab nashriyot korxonalari foyda soligʻini toʻlashdan 5-yil muddatga ozod qilindi.

Tahlillar amaldagi qonunchilikni yanada takomillashtirish zarurligini koʻrsatmoqda.

Xususan, hozirda nashriyot bosh muharririning huquqiy maqomi, unga qoʻyiladigan talablar va masʼuliyatiga oid normalarning yoʻqligi amaliyotda ayrim muammo va kamchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Jumladan, kitoblarda qonunchilik va ijtimoiy axloqqa zid, bolalarning yosh xususiyatlarga mos boʻlmagan, tarixiy faktlar va tibbiyotga oid kitoblarda notoʻgʻri maʼlumotlar nashr etilishi, shuningdek, chop etilgan kitoblar davlat standartlari talablariga mos emasligi kuzatilmoqda. Nashriyotlarning 248 tasida bosh muharrir lavozimi yoʻq.

Qonunda bir qator yangi normalar belgilanmoqda. Xususan, bosh muharrir lavozimiga oliy maʼlumotga va noshirlik faoliyatida kamida uch yil ish stajiga ega boʻlgan shaxs tayinlanishi mumkinligi qayd etilmoqda. Bunda bosh muharrir nashriyotning ijodiy faoliyati uchun qonunchilikka muvofiq javobgar boʻlishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, bosh muharrir nashrlarning mavzu yoʻnalishlaridan kelib chiqib, tegishli ekspertlar va olimlarning yoki ilmiy-tadqiqot muassasalarining taqrizlarini mustaqil ravishda olishga yoki muallifdan (mualliflardan) ularning taqdim etilishini talab qilishga haqli ekanligi belgilanmoqda.

Muhokama davomida Qonunning qabul qilinishi kitoblarni milliy standartlar asosida chop etilishiga, kitoblarda qonunchilik va ijtimoiy axloqqa zid mazmundagi axborotlarning tarqatilishini oldini olishga hamda nashriyotlarning ijtimoiy masʼuliyatini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, majlisda gender tenglikka erishish strategiyasining ijro holati muhokama etildi.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik, Ichki ishlar vazirliklari, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi masʼullarining masala yuzasidan axboroti eshitildi.

Senatorlar tomonidan ijrosi ortda qolayotgan vazifalar ijrosini, xususan mazkur yoʻnalishlardagi xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston oʻrnini yaxshilash boʻyicha ishlarni yanada jadallashtirish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Shu bilan birga, gender tenglikka erishish strategiyasining ijro holatiga doir dolzarb masalalar yuzasidan tahliliy maʼlumotlarni Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasiga taqdim etish nazarda tutilmoqda.

Majlis yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер