Oʻzbekistonda kraxmal ishlab chiqariladigan birinchi korxona ishga tushirildi

16:15 20 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
5445 0
Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Toshkent shahrida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Golden Corn” kraxmal-patok zavodi foydalanishga topshirildi. Bu mamlakatimizdagi ushbu turdagi mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan yagona korxona hisoblanadi.

Darhaqiqat, shu paytgacha qandolatchilik, oziq-ovqat, farmatsevtika sanoati korxonalarining kraxmal, kraxmal patoki, yaʼni qiyomiga boʻlgan ehtiyoj import hisobiga taʼminlanar edi. Yangi quvvat chetdan kirib kelayotgan mahsulot hajmini kamaytirish orqali ishlab chiqaruvchilar moddiy resurslarini tejashga xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatlidir. Chunki makkajoʻxori donidan olinadigan kraxmal tannarxi turdoshlariga qaraganda toʻrt barobar arzondir.

Mazkur investitsiyaviy loyiha oʻtgan yili Prezidentimizning Chilonzor tumaniga tashrifida doirasida taqdim etilgan edi. Uning umumiy qiymati qariyb 5 million AQSH dollariga teng boʻlib, shundan 2 million AQSH dollari “Qishloq qurilish bank” ATB tomonidan moliyalashtirildi.

— Bank krediti evaziga Xitoydan eng zamonaviy texnologik uskunalar olib kelib, 10 turdagi mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirdik, — deydi korxona rahbari Shamsiddin Shukurov. — Loyihaning dastlabki bosqichida kuniga 50 tonna xom ashyo qayta ishlanib, oʻrtacha 35 tonna kraxmal kukuni, u asosida esa qandolatchilikda eng muhim xom ashyo hisoblanadigan kraxmal qiyomi, maltoza qiyomi tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, salomatlik uchun nihoyatda foydali boʻlgan joʻxori yogʻi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Hozirgi paytda korxonada 100 kishi mehnat qilayotgan boʻlsa, u toʻliq quvvat bilan ishlay boshlagach, yana 50 ta ish oʻrni yaratiladi. Yiliga salkam 20 ming tonna xom ashyo qayta ishlanib, ichki bozorga 9,6 million AQSH dollarilik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar yetkazib beriladi.

Eʼtiborlisi, xorijliklar Oʻzbekiston kraxmaliga hozirdanoq katta qiziqish bildirilmoqda. Masalan, qoʻshni davlatlardan buyurtmalar tusha boshladi. Bu, oʻz navbatida, korxona rahbariyatiga ishlab chiqarish quvvatini oshirish, eksportni yoʻlga qoʻyish saʼy-harakatlarini jadallashtirishga turtki bermoqda.

Loyiha tashabbuskorlarining aytishicha, amaliyotga chiqitsiz texnologiya joriy etilgan. Natijada asosiy mahsulotlardan tashqari, chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik uchun omixta yem, turli bioqoʻshimchalar, shuningdek, yogʻ-moy sanoati uchun ikkilamchi xom ashyolar tayyorlash, pirovardida qoʻshimcha daromad topish imkoniyati paydo boʻldi.

Zavodning ochilish marosimida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev ishtirok etdi.
Said RAHMONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Suratlar muallifi: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

​​​​​​​Reklama huquqi asosida

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер