Oʻzbekistonda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash uchun jamgʻarma tuziladi. Unga har yili byudjetdan 300 milliardgacha pul va turli imtiyozlar beriladi

14:25 03 Fevral 2021 Jamiyat
1363 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Loyihada keltirilishicha, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligining Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi negizida “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi” tashkil etiladi.

Xotin-qizlar va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi orqali Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Obod va xavfsiz mahalla” jamgʻarmasiga (jami mablagʻning 20 foizi) va “Mahalla va oila” institutiga (jami mablagʻning 10 foizi) Davlat byudjetidan ajratib kelingan mablagʻlar 2021-yildan boshlab Moliya vazirligi tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri “Obod va xavfsiz mahalla” jamgʻarmasiga va “Mahalla va oila” institutiga ajratiladi.

Jamgʻarmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni, shu jumladan, nogironligi boʻlgan, I yoki II guruh nogiron farzandlarini tarbiyalayotgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlarga

uy-joylarni boshlangʻich badalini toʻlab berish;

xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, sogʻligʻini saqlash, ayollar sportini rivojlantirish, mehnat va oʻqish sharoitlarini yaxshilash bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirishga koʻmaklashish;

xotin qizlarga ularning tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun tijorat banklariga resurs mablagʻlarini joylashtirish;

xotin-qizlarga mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha bilim va koʻnikmalarni egallashi uchun zarur sharoitlar yaratish bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirishga koʻmaklashish.

Respublika kengashiga xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, ularning bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish boʻyicha yangi innovatsiyalarni joriy etish sohasida tadqiqotlar oʻtkazish, qonunchilikni takomillashtirish, shuningdek oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni samarali bajarish uchun Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan jismoniy va yuridik shaxslarni, shu jumladan malakali xorijiy olim va mutaxassislarni shartnomalar (kontraktlar) asosida jalb qilish huquqi beriladi.

Jamgʻarma Ijro etuvchi direksiyasiga Vasiylik kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan ijrochi direktor rahbarlik qiladi.

Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilanadi:

Respublika kengashining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq har yili 300 milliard soʻmgacha boʻlgan miqdorda ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni bilan tasdiqlangan Davlat byudjeti mablagʻlari;

vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Jamgʻarma tomonidan AT Xalq bankiga har yili 100 milliard soʻm miqdoridagi resurs Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada yoʻnaltiriladi.

Mazkur mablagʻlar Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan maʼqullangan dasturlar asosida tashkil etilgan oʻquv kurslari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb hunarga oʻqitish markazlari, mahallalardagi kasb-hunarga oʻqitish maskanlari hamda Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari yoki nodavlat taʼlim muassasalarining kasbga oʻrgatish oʻquv kurslarining maxsus oʻqitish dasturlarini muvaffaqiyatli oʻzlashtirgan xotin-qizlarga tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining xotin-qizlar masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari tavsiyasiga koʻra tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 3 yil muddatgacha 6 oygacha boʻlgan imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasida bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha boʻlgan miqdorda yoʻnaltiriladi.

Bunda, ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz stavkalari istisno tariqasida 2022-yil 1-yanvarga qadar Markaziy bankning asosiy stavkasi doirasida, 2022-yil 1-yanvardan tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda oʻrnatiladigan stavkalarda beriladi. Tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda oʻrnatiladigan stavkalarda beriladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarning bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmi qoʻllaniladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?