Oʻzbekistonda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasi yaratiladi
Foto: Arxiv surat
Oʻzbekiston Prezidentining “Futbol-taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga koʻra, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tizimida Milliy futbol markazi, Futbol boʻyicha respublika oliy sport mahorati maktabi negizida Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi, Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazi tashkil etiladi. Shuningdek, Futbol boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash markazi Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi etib, Respublika bolalar va oʻsmirlar futbol akademiyasi Respublika futbol akademiyasi etib qayta nomlanadi.
Qarorga muvofiq, 2025-yil 1-yanvardan hududiy futbol akademiyalari, maktablari va boshqa davlat futbol-taʼlim muassasalari trenerlarining Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazidan majburiy ravishda tegishli litsenziyalarni olgandan soʻng faoliyat koʻrsatish amaliyoti joriy qilinadi.
Bundan tashqari, 2024-yil sentyabrda Oʻzbekistonda futzal boʻyicha Jahon chempionati oʻtkazilishi munosabati bilan hududlarda futzal jamoalari tashkil etiladi, shu jumladan professional futbol klublari huzuridagi futzal boʻyicha asosiy, yoshlar va ayollar jamoalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
2024-yil 1-yanvardan professional futboldagi faoliyatini yakunlagan futbolchi va mutaxassislarga Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining ijobiy xulosasi asosida ularning xususiy sektorda amalga oshiradigan futbolni rivojlantirish loyihalari uchun milliy valyutada 1,5 milliard soʻmgacha 5 yildan kam boʻlmagan muddatga imtiyozli kredit ajratiladi.
Qarorda Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazida “futbol treneri”, “futbol hakami”, “futbol tahlilchisi”, “futbol seleksioneri” (skaut), “sport psixologi”, “futbol menejeri”, “futbol marketologi” kabi mutaxassisliklarga oʻqitishga oid vazifalar ham qayd etilgan.
2024/2025-oʻquv yilidan Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filialida “sport shifokori”, “sport diyetologi”, “sport farmakologi” bilan birga “sport psixologi” mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlanadi.
2024-yil 1-martgacha respublikadagi barcha stadion va futbol maydonlarining yagona elektron reyestri ishlab chiqiladi.
Qarorda, shuningdek, 2024-yil 1-iyungacha futbol uchrashuvlarini namoyish qilish, futbolni aholi oʻrtasida keng targʻib qilish maqsadida futbol boʻyicha maxsus telekanal tashkil qilish vazifalari nazarda tutilgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq milliy futbol markazi hamda futbol boʻyicha maxsus telekanal tashkil qilinadi. Shuningdek, futbol boʻyicha 2034-yilgi jahon chempionati Saudiya Arabistonida oʻtkazilishi aytilgandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring