Oʻzbekistonda ilk bor yogʻ-moy kombinatlari chiqindisidan qurilish bitumi yaratildi

15:14 24 Oktyabr 2019 Jamiyat
1331 0

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻz xarajatlarini oʻzi qoplash asosida moliyalashtiriladigan startap loyihalaridan biri “Gossipol smolasidan neftsiz qurilish bitumi olish texnologiyasini ishlab chiqarishga tatbiq qilish” boʻlib, mazkur loyiha Xorazm viloyatidagi “Korroziyaga qarshi izolyatsiya ilmiy markazi” xususiy korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida bugungacha model uskunada neftsiz bitumlar ishlab chiqarishning texnologik parametrlari toʻliq oʻrganildi. Tajriba-sanoat namunalari ishlab chiqarilib, ularning fizik-mexanik xossalarini “GOST” talablari asosida aniqlandi. Shuningdek, tegishli laboratoriyalarida sinovdan oʻtkazildi hamda yurtimizning turli sanoat obyektlarida qoʻllanilib, yangi tur mahsulotga xalqaro ISO 9001 muvofiqlik sertifikati olindi. Natijada mahalliy isteʼmolchilarga dastlabki mahsulotlar yetkazib berila boshlandi.

Shunday qilib, gossipol smolasidan jahon miqyosida analogi yoʻq yangi turdagi neftsiz bitumlarning texnologiyasi ilk bor Oʻzbekistonda yaratildi. Ushbu loyihani bajarish orqali sanoat chiqindisi boʻlmish gossipol smolasi hamda ikkilamchi mahalliy resurslarni qayta ishlash innovatsion texnologiyasi amaliyotga joriy etiladi va raqobatbardosh neftsiz bitumlar keng koʻlamli ishlab chiqarishga qoʻyilib, jahon bozorlarida sotishga erishiladi.

Masalaning ikkinchi tomoni shundaki, hozirgi kunlarda gossipol smolasi respublikamiz yogʻ-moy kombinatlarida chiqindi boʻlib, qoʻshimcha ekologik muammolarni tugʻdirmoqda. Endilikda ushbu chiqindidan xalqaro darajadagi bitum mahsulotlari olinadi va bu chiqindi bilan bogʻliq ekologik masalalarga oʻz-oʻzidan barham beradi.

Neftsiz bitumlarning tajriba — sanoat namunalari Osiyo, Yevropa, Amerika va MDH davlatlarida oʻtkazilgan xalqaro yarmarkalarda namoyish etildi.

Loyiha doirasidagi ilmiy hajmdor mahsulot — bitumning tannarxi tonnasiga 2 500 000 — 2 600 000 soʻm atrofida. Bugungi kundagi sotilish bahosi ichki bozorga 3 500 000 soʻmni, chet ellarga 600 AQSH dollarini tashkil etmoqda. Ayni kunlarda neftdan ishlab chiqarilayotgan bitumlarning tannarxi baland boʻlgani bois, birjada sotilish bahosi tonnasiga taxminan 4 500 000 — 5 000 000 soʻmni tashkil etmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizga 700 000 tonna bitum valyuta hisobiga import qilinayotganiga eʼtibor qaratmoqchimiz. Mazkur loyiha doirasida esa 2020-2021-yillarga moʻljallangan yillik ishlab chiqarish hajmi 500 tonnani tashkil etishi kutilmoqda. Keng miqyosda ishlab chiqarish tashkil etilsa, respublika boʻyicha yiliga 30 000 tonnadan ortiq neftsiz bitum ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Bu oʻz navbatida mamlakatimizning ushbu mahsulotga boʻlgan taqchilligini taʼminlaydi va eksport qilishga zamin yaratadi.

Nazokat ABDUQUNDUZOVA,

Innovatsion rivojlanish vazirligi
Matbuot xizmati rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?