Oʻzbekistonda ilk bor UNWTO Bosh Assambleyasi sessiyasi oʻtkaziladi
Samarqand shahrida 16–20-oktabr kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon Turizm Tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasi oʻtkazilishi kutilmoqda. Taʻkidlash lozimki, Oʻzbekiston oʻz tarixida birinchi marta BMT oilasiga kiruvchi tashkilotning eng muhim tadbiri hisoblangan va ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan Bosh assambleyaga mezbonlik qiladi.
Tadbir 160 ga yaqin davlatdan turizm yoʻnalishida faoliyat yurituvchi davlat idoralari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va sayyohlik biznesi vakillarini birlashtiradi.
Bugunga kelib, Saudiya Arabistoni, Albaniya, Ozarbayjon, Bagama, Bahrayn, Gvatemala, Gaiti, Kot-dʻIvuar, Indoneziya, Monako, Niger, Panama, Portugaliya, Syerra-Leone, Ukraina, Urugvay, Yaman kabi mamlakatlarning turizm idoralari rahbarlari Samarqandga kelishi kutilmoqda.
Qayd etish joizki, Oʻzbekiston keyingi 2023–2027-yillar uchun UNWTO Ijroya kengashining Vakolatlar boʻyicha qoʻmitasi aʻzoligiga qabul qilindi. Bu UNWTO Ijroiya kengashi tomonidan qabul qilinadigan muhim qaror va hujjatlar, ularda aʻzo davlatlar ishtirokining haqqoniyligi va tamoyillarga mosligini nazorat qilish vakolati Oʻzbekistonga ishonib topshirilganini bildiradi.
Mamlakatimizga xalqaro miqyosda bildirilgan bunday ishonch yurtimizning nafaqat jahon turizm bozoridagi pozitsiyasi mustahkamligini, balki xalqaro munosabatlardagi faoliyatining ham nechogʻli samarali ekanini namoyon qiladi.
Bosh Assambleyaning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirish, madaniy va turizm salohiyatini targʻib qilishda yangi imkoniyatlarni taqdim etadi.
Bosh Assambleyaning 25-sessiyasi doirasida turizm sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalari yalpi sessiyalar va boshqa qator keng miqyosli anjumanlarda muhokama qilinadi.
Jumladan, UNWTO doirasida tashkillashtirilishi rejalashtirilayotgan Investitsiya forumi Oʻzbekistonning barcha hududlaridagi investitsiyaviy salohiyati yuqori boʻlgan obyektlar, hududlar, loyihalar yirik xorijiy investorlarga taqdim etilishi, yurtimizga faol maqsadli va manzilli sarmoyalar jalb etilishi boʻyicha koʻplab muhim biznes kelishuvlariga erishilishi koʻzda tutilmoqda.
Forum turizm sektoridagi imkoniyatlarni oʻrganish uchun global manfaatdor tomonlarni, sanoat rahbarlarini va investorlarni birlashtiradi. Ushbu tadbir mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsion muhit hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etishning mustahkam huquqiy asoslarini namoyish etish, shuningdek, ishtirokchilar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Investforumdagi asosiy sessiyalar davomida mamlakatimizning sarmoyaviy muhiti haqida jahon jamoatchiligida ijobiy fikrni shakllantirish, yirik xorijiy investorlarda Oʻzbekistonga sarmoya kiritishga qiziqishni oshirish maqsadi koʻzlangan. Tadbir yakuniga koʻra, yurtimizga kiritiladigan investitsiyalar koʻlamini oshirish orqali barqaror rivojlanishga koʻmaklashish, Oʻzbekistonning sarmoyaviy salohiyatini yanada oshirish va global miqyosda sektorlar boʻylab hamkorlikni kuchaytirishga erishish kutilmoqda.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonning boy madaniy merosi va tabiiy resurslarini saqlab qolgan holda, mamlakatimizning iqtisodiy oʻsishiga hissa qoʻshadigan investitsiyalarni jalb qilish koʻzlanmoqda.
Bosh Assambleya doirasida oʻtkazilishi kutilayotgan Taʻlim forumi turizm sohasidagi taʻlimning bugungi kundagi holatini namoyon etish, malaka oshirish va barcha uchun inklyuziv imkoniyatlar yaratishga sarmoya kiritish naqadar muhim ekanini namoyon qiladi.
Tadbirda UNWTO tomonidan oʻrta, oliy va boshqaruvchi taʻlim boʻyicha yetakchi akademik hamkorlar bilan ishlab chiqilgan qoʻshimcha tashabbuslar, innovatsion taʻlim vositalari toʻplami, Xalqaro barqaror turizm boʻyicha yangi fanlar boʻyicha oʻqitish har bir sohadagi soʻnggi yutuqlar namoyish etiladi. Forumning keng qamrovli dasturi manfaatdor tomonlar, siyosatchilar, professorlar va sanoat rahbarlarini jamoaviy harakatlarga ilhomlantirish va safarbar etishga intiladi.
Bundan tashqari, tadbir doirasida UNWTO tomonidan yilning eng yaxshi sayyohlik qishloqlari (Best Tourism Villages) eʻlon qilinadi. Buning uchun hududning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan barqarorligini taʻminlashga qaratilgan, aholining anʻanaviy hayot tarzi va qadriyatlarini saqlab qolgan holda, taraqqiyot va farovonlikni taʻminlaydigan ilgʻor turizm sohalariga ega butun dunyodagi turizm qishloqlari tanlab olinadi. Mazkur tanlovda mamlakatimizdan ham qator qishloqlar ishtirok etayotgani barchamiz uchun quvonarli.
Butunjahon Turizm Tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasi 25-yubiley sessiyasining qadimiy Samarqand shahrida oʻtkazilishi mamlakatimizning madaniy, turizm, investitsiya va intellektual salohiyatini dunyoga tanitishi barobarida, jahon hamjamiyati bilan olib boriladigan savdo-iqtisodiy, turizm va madaniy sohalardagi xalqaro aloqalarining yanada mustahkamlanishi yoʻlida xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Maktablarda yangi o’quv yili boshlandi — Fotoreportaj
- Hotdogdan choʻchqa yogʻigacha: maktab oshxonasida qanday oziq-ovqatlarni sotish taqiqlangan?
- Soliq inspeksiyasi xodimi 2 sinf oʻquvchilaridan nimani xohlaydi (video)?
- Talabalar diqqatiga: ijara pulining bir qismini qoplab berish boʻyicha onlayn ariza berish boshlandi
- Eldor Shomurodov “Roma”ning mavsumdagi debyut golini urdi. Italiyaliklar futbolchini “Oʻzbek Messi”si deb atamoqda (+video)
- Asila Mirzayorova Paralimpiya oʻyinlari rekordini oʻrnatdi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring