Oʻzbekistonda elektr energiyasi isteʼmoli rekordi yangilandi
Illyustrativ foto
Oʻzbekistonda birinchi marta yozgi isteʼmol hajmi qishki isteʼmol hajmini ortda qoldirdi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Milliy dispetcherlik markazi maʼlumotlariga koʻra, 2025-yil 16-iyuldan 21-iyulgacha boʻlgan anomal issiq davrda Oʻzbekiston energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi isteʼmoli va yuklamasi boʻyicha yangi tarixiy rekordlar qayd etilgan.
Xususan, birinchi marta elektr energiyasi isteʼmolida yozgi koʻrsatkichlar qishki maksimal koʻrsatkichlardan oshgani qayd etilgan. Jumladan, 2025-yil 18-iyul kunlik isteʼmol miqdori 272,6 mln kVt•soat, bu qishki maksimumdan (271,8 mln kVt•soat) va avvalgi yozgi rekorddan (253,3 mln kVt•soat) oshib ketgan.
Kecha, 21-iyul kuni soat 17:00 da energetika tizimining maksimal quvvati 13,3 GVtga yetgan, bu qishki rekorddan (12,5 GVt) va 2024-yil iyul oyidagi koʻrsatkichlardan (11,8 GVt) yuqori.
Eng katta oʻsish Toshkent shahrida qayd etilgan. Xususan:
- Sutkalik isteʼmol — 32,4 mln kVt•soat (2024-yilda kuzatilgan maksimal isteʼmol — 30,5 mln kVt•soat)ga yetib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 33%ga koʻpni tashkil etdi.
- Eng yuqori yuklama soat 14:52 da — 1811 MVt (2024-yilda — 1680 MVt)ni tashkil qilgan;
- Joriy isteʼmol darajasi 2024-yil iyul oyining shu davriga nisbatan 7,6 foizga yuqori boʻlib, oy boshidan buyon oʻsish 11,0 foizni tashkil etgan.
Taʼkidlanishicha, isteʼmol yuqori paytlarda elektr tarmoqlarida uzilishlarning oldini olish va bartaraf etish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning filiallarida tunu kun ishlaydigan avariyaga qarshi maxsus brigadalar tashkil etilgan. Ular yuzaga kelgan nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etib borishmoqda.
“Ayrim joylardagi elektr taʼminotida kuzatilayotgan uzilishlar tufayli isteʼmolchilardan uzr soʻraymiz”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, isteʼmolchilardan elektr energiyasidan imkon qadar tejamkorlik bilan foydalanishlari soʻralgan. Zarurat boʻlmagan hollarda elektr jihozlaridan foydalanmaslik tizimda yuklamaning ortishi, nosozlik va uzilishlar sodir boʻlishini oldini olishga katta hissa qoʻshishi qayd etilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring