Oʻzbekistonda chiqindidan yoqilgʻi olish boʻyicha 78 mln dollarlik loyiha amalga oshiriladi

13:17 23 Iyun 2025 Iqtisodiyot
178 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekistonda Saudiya Arabistonining “Vision International Investment” va Fransiyaning “Suez international” kompaniyalari bilan xavfli sanoat chiqindilarini boshqarish boʻyicha yirik loyiha bitimi imzolandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi maʼlum qildi.

Ushbu umumiy qiymati 78 million AQSH dollariga teng boʻlgan bitim xavfli sanoat chiqindilarini boshqarish boʻyicha istiqbolli loyihani ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni koʻzda tutadi. Loyiha 3 bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda chiqindilarni barqarorlashtirish va poligonlarga joylashtirish majmualari hamda mintaqaviy uzatish stansiyalarini yaratish koʻzda tutilgan boʻlsa, ikkinchi bosqichda chiqindidan yoqilgʻi olish (RDF — Refuse-derived fuel) uskunasi, yoqish inshootlari va issiqlik bilan ishlov berish korxonasining muhandislik oldi loyihasini ishlab chiqish va tajriba asosida sinovdan oʻtkazish rejalashtirilgan.

Umumiy qurilish va qayta qurilish tajriba sinovlari muvaffaqiyatli yakunlanganidan soʻng uchinchi bosqichga oʻtiladi. Bu bosqichda toʻliq miqyosdagi chiqindidan yoqilgʻi olish, issiqlik bilan ishlov berish inshootini barpo etish va ishga tushirish maqsad qilingan.

Maʼlumot uchun, Fransiyaning “Suez International” kompaniyasi 160-yildan ortiq tarix va tajribaga ega suv va chiqindilarni boshqarishga ixtisoslashgan kompaniyasi hisoblanadi. U butun dunyoda suv taʼminoti va tozalash, oqova suvlarni boshqarish, shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash, jumladan, xavfli chiqindilarni boshqarish boʻyicha yechimlar taklif qiladi. Kompaniya Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika, Afrika va Yaqin Sharq mintaqalarida koʻplab sanoat tarmoqlariga xizmat koʻrsatadi.

Saudiya Arabistoni tegishli boʻlgan “Vision International Investment Company” (VIIC) esa 2002-yilda tashkil etilgan yirik investitsiya xoldingi boʻlib, 96 milliard AQSH dollari atrofidagi aktivlarni boshqaradi. Faoliyat yoʻnalishlari energetika, infratuzilma, kommunal xizmatlar, suv resurslarini boshqarish, elektr energiyasi ishlab chiqarish, konsalting hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini qamrab oladi.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekistonda yiliga 14 million tonna chiqindilar hosil boʻladi, lekin ularning 4-5 foizigina qayta ishlanadi. Shuningdek, chiqindi poligonlaridan 7 million tonnadan ortiq issiqxona gazlari atmosferaga chiqadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер