Oʻzbekistonda bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish yanada kuchaytiriladi

Bola – jamiyatning ertangi kuni, kelajak poydevori. Bolalarning sogʻlom, baxtli va xavfsiz muhitda oʻsishi har bir davlatning ustuvor vazifasidir. Zoʻravonlik esa nafaqat bola ruhiyati, balki uning kelajakdagi hayotiga ham jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Bolalarga nisbatan zoʻravonlik jismoniy, psixologik, jinsiy va iqtisodiy shakllarda namoyon boʻlishi mumkin. Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasida bolalarni har qanday zoʻravonlikdan himoya qilish boʻyicha qator huquqiy va institutsional choralar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bola huquqlari alohida eʼtirof etilgan boʻlib, xususan 78-moddada bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan toʻlaqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi mustahkamlangan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston 1992-yil 9-dekabrda BMTning “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyasiga qoʻshilgan va shu orqali xalqaro majburiyatlarni oʻz zimmasiga olgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni esa bola huquqlarining kafolatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni nazarda tutadi.
2024-yilning 14-noyabr kuni “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni imzolangani, bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish, ularning shaxsiy daxlsizligi, erkinligi va shaʼnini himoya qilish borasida mustahkam huquqiy poydevor boʻldi. Mazkur qonunda bolalarni taʼlim muassasalarida, oilada, davlat muassasalarida va boshqa joylarda zoʻravonlikdan himoya qilish boʻyicha aniq talab va mexanizmlar nazarda tutilgan. Shuningdek mazkur qonunda bolalarga nisbatan zoʻravonlikning bir qancha turlari, xususan jismoniy zoʻravonlik, ruhiy zoʻravonlik, jinsiy zoʻravonlik, iqtisodiy zoʻravonlik kabi tushunchalarga aniq taʼriflar berib oʻtildi.
Endilikda, bolaning hayotiga, sogʻligʻiga, jinsiy daxlsizligiga, shaʼniga, qadr-qimmatiga hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan, jismoniy yoki ruhiy azob yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin boʻlgan hamda asosiy ehtiyojlariga zid boʻlgan, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internet butunjahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda amalga oshiriladigan, qasddan sodir etiladigan harakat (harakatsizlik) bolalarga nisbatan zoʻravonlik deb eʼtirof etiladi. Shuningdek, zoʻravonlikdan jabrlanuvchi va uning qonuniy vakili moddiy va maʼnaviy zararni qoplash toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilganda qonunga muvofiq davlat bojini toʻlashdan ozod etiladi.
Hozirgi kunda bola huquqlarini taʼminlash doirasida bir qator institutlar faoliyat olib boradi. Jumladan, Bola huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman), Ichki ishlar organlari, Psixologik xizmatlar, Mahalla va oila boʻlimi va boshqalardir. Bundan tashqari, taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarida ham bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish boʻyicha maxsus oʻquv kurslari, profilaktik tadbirlar oʻtkazilib kelinmoqda.
Hozirgi kunda koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, yanada samarali himoya tizimini yaratish uchun quyidagi yoʻnalishlarda ish olib borish maqsadga muvofiq deb oʻylayman:
- Bolalarning oʻz huquqlarini bilishini taʼminlash — maktablarda bola huquqlari boʻyicha majburiy darslar joriy etilishi lozim.
- Ota-onalar va ustozlarni oʻqitish — bolaga zoʻravonliksiz munosabat madaniyatini shakllantirish kerak.
- Media va internet orqali zoʻravonlikka qarshi tashviqot — keng jamoatchilikka zoʻravonlikning oqibatlari haqida yetkazish.
- Qonunbuzarlarga nisbatan qattiq jazo choralari — zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan mustahkam huquqiy javobgarlikni taʼminlash.
Xulosa oʻrnida shuni aytishimiz joizki, Oʻzbekistonda bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda, lekin bu yoʻnalishdagi ishlarni yanada chuqurlashtirish, mukammal tizim yaratish zarur. Bolalar baxti – millat kelajagining kafolatidir. Shuning uchun ham har birimiz bolalar huquqlarini himoya qilishda oʻz hissamizni qoʻshishimiz shart.
TDYU Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi
dotsenti, (PhD) Dilfuza Abdullayeva
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring