Oʻzbekistonda Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, ehtiyojmand oilalarning farzandlarini, chin yetimlarni, ogʻir kasallikka chalingan va nogironligi boʻlgan bolalarni davolash, ularning taʼlim olishini, uy-joy bilan taʼminlanishini hamda kasb egallashlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasining Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondini (keyingi oʻrinlarda – Bolalar jamoat fondi)tashkil etish va unga muassislik qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Bolalar jamoat fondining eng muhim vazifalari etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
ogʻir vaziyatga tushgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash va ularga manzilli ijtimoiy va moddiy yordam koʻrsatish tadbirlarini tashkil etish va moliyalashtirish;
bolalarning hayoti uchun xavf soluvchi ogʻir, surunkali hamda kam uchraydigan (orfan) kasalliklarga oʻz vaqtida tashxis qoʻyish va ularni respublikada yoki zarur hollarda xorijiy davlatlarda davolash uchuntibbiy, ijtimoiy va moliyaviy yordam koʻrsatishning qoʻshimcha mexanizmlarini joriy etish;
ehtiyojmand oilalarning farzandlari hamda imkoniyati cheklangan bolalarni bepul dori vositalari, tibbiy va protez-ortopedik buyumlar bilan taʼminlash;
jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalarni taʼlim olishlarida koʻmaklashish, shu jumladan, maxsus oʻquv adabiyotlar va oʻquv qurollari bilan taʼminlash;
nogironligi boʻlgan bolalarni ijtimoiy moslashtirish, ularga qiziqishlaridan kelib chiqib kasb-hunar oʻrgatish va ularni uy sharoitida oʻzini oʻzi band qilishi uchun asbob-uskunalar bilan taʼminlash;
ogʻir tashxisli kasalliklari boʻlgan bolalarni parvarish qilayotgan kam taʼminlangan oilalarni homiylikka olish;
nogironligi boʻlgan bolalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga doir, shu jumladan, ularga yuqori texnologik ixtisoslashgan reabilitatsion tadbirlarni tashkil etish va moliyalashtirish.
3. Quyidagilar:
Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining Vasiylik kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi Vasiylik kengashining yordamchi organi sifatida Ekspertlar guruhi tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi ijro direksiyasining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 10 nafar boʻlgantuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi ijro direksiyasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning homiylikyordamlariniolish boʻyicha murojaatlarni qabul qilish va koʻrib chiqish sxemasi 4-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
4. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
Bolalar jamoat fondi boshqaruvining yuqori organi uning muassislari umumiy yigʻilishi hisoblanib, ushbu yigʻilish har yili kamida bir marta oʻtkaziladi;
Bolalar jamoat fondining Vasiylik kengashi Bolalar jamoat fondi boshqaruvining umumiy yigʻilishlari oraligʻidagi rahbar organidir;
Bolalar jamoat fondi ijrochi direktori lavozimga Bolalar jamoat fondining Vasiylik kengashi tomonidan muassislar umumiy yigʻilishi taqdimnomasiga muvofiq tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;
Bolalar jamoat fondi ijro direksiyasining shtat birliklarini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar uning shakllantirilgan mablagʻlari hisobidan qoplab boriladi.
5. Bolalar jamoat fondining asosiy pul mablagʻlari quyidagilar hisobiga shakllantiriladi:
Davlat byudjeti hisobidan 2021-2022-yillarda mablagʻlarni amalda oʻzlashtirilishiga qarab 100 milliard soʻm miqdoridagi begʻaraz moliyaviy yordam;
jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy xayriyalari;
davlat, xorijiy va xalqaro tashkilotlar, chet davlatlar ajratadigan grantlar;
kraudfanding mexanizmlari orqali kelib tushgan mablagʻlar;
vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Bolalar jamoat fondi Vasiylik kengashining (B.Musayev) asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq Bolalar jamoat fondining asosiy vazifalarini amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarning Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
Bolalar jamoat fondiga homiylik qilingan mablagʻlar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiritiladi;
Bolalar jamoat fondi soliqlarning barcha turlaridan ozod etiladi (ijtimoiy soliq bundan mustasno).
7. Belgilansinki, 2024-yil 1-yanvarga qadar davolanishga muhtoj boʻlgan bolalar uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha Bolalar jamoat fondi tomonidan olib kelinadigan dori vositalari, tibbiyot uskunalari va protezlash vositalari bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinadi.
8. Bolalar jamoat fondiga:
oʻz mablagʻlarini oluvchilar kesimida, shu jumladan, ularning shaxsini ochiqlamagan holda yoshi, jinsi, ijtimoiy holati hamda moliyalashtirish manbai kesimida, shuningdek, Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar va ularning ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hisobot oyining yakuni bilan keyingi oyning 25-sanasiga qadar rasmiy veb-saytiga joylashtirib borish;
oʻz mablagʻlari xarajatlari masalalarini muhokama qilishga jamoatchilikni jalb etish;
faoliyatining auditorlik tekshiruvi natijalari hisobotini keng jamoatchilikka, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro va boshqa tashkilotlarga taqdim etib borish tavsiya etilsin.
9. Bolalar jamoat fondi Vasiylik kengashi (B.Musayev):
a)2021-yil 20-oktyabrga qadar Bolalar jamoat fondi ijro direksiyasini yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirish hamda Bolalar jamoat fondi ustavini tasdiqlash choralarini koʻrsin;
b) 2021-yil 15-noyabrga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda keng jamoatchilik fikrini va ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi “Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilishini taʼminlasin:
Bolalar jamoat fondining maqomi, faoliyati kafolatlari, huquq va majburiyatlari;
Bolalar jamoat fondining davlat organlari va tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi;
Bolalar jamoat fondi faoliyatini moliyaviy taʼminlash va mablagʻlaridan foydalanish tartibi;
Bolalar jamoat fondiga homiylik qilgan shaxslarga imtiyoz va preferensiyalar berish hamda uning faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish tartibi;
v)2021-yil 1-dekabrga qadar Bolalar jamoat fondi hisobidan uning platformasi va yagona elektron bazasi faoliyatini yoʻlga qoʻysin hamda Bolalar jamoat fondi faoliyati toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlarning platformada joylashtirib borilishini va ommaviy axborot vositalari orqali keng targʻib etilishini taʼminlasin.
10. Toshkent shahar hokimligi (J.Artikxodjayev) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.Ortiqov) bilan birgalikda biroy muddatda Bolalar jamoat fondini tekin foydalanish huquqi asosida uning faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur sharoitlarga ega boʻlgan maqbul binoga joylashtirsin.
11. Yoshlar ishlari agentligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.M. Xadjibayev, xalq taʼlimi vaziri Sh.X.Shermatov, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B. Xusanov hamda moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga 2022-yil 1-martga qadar axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2021-yil 4-oktyabr
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring