Oʻzbekistonda 5 oyda 65 nafar maktab oʻquvchisi YTH oqibatida halok boʻldi

15:10 25 Iyun 2024 Jamiyat
1888 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Oʻzbekistonda 2024-yilning 5 oyi davomida jami 359 nafar maktab oʻquvchi bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar oʻquvchi halok boʻlgan, 294 nafar oʻquvchi esa turli darajada tan jarohatlari olgan. Bu haqda bugun, 25-iyun kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, majlisda avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holati tahlil qilingan. Shuningdek, unda mazkur masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati, Transport, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirliklari hamda Bosh prokuratura va Hisob palatasi masʼul rahbar xodimlarining axborotlari eshitilgan.

Taʼkidlanishicha, umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 9 548 tasi transport qatnovi koʻp hududlarda joylashgan va aksariyat maktablar oldida piyodalar uchun yoʻlaklar mavjud emas, tegishli svetoforlar oʻrnatilmagan.

Buning oqibatda joriy yilning 5 oyi davomida jami 359 nafar oʻquvchi bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar oʻquvchi halok boʻlgan, 294 nafar oʻquvchi esa turli darajada tan jarohatlari olgan.

Maʼlumotlarga koʻra, 2024-yil 1-yanvar holatiga respublikadagi jami 209,3 ming km avtomobil yoʻllarining 56,1 ming km qismi yoki 27 taʼmirtalab holatdaligi aniqlangan.

2023-yil va 2024-yilning 5 oy davomida Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining masʼul xodimlari tomonidan yoʻl infratuzilmasi bilan bogʻliq qariyb 11 000 ga yaqin kamchiliklar aniqlangan boʻlib, ularni bartaraf etish yuzasidan avtomobil yoʻllari egalariga jami 5 500 ta yozma koʻrsatma va taqdimnomalar kiritilgan.

Mutasaddilar tomonidan taqdim etilgan axborotlarda qayd etilganidek, avtomobil yoʻllarida yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash yuzasidan taʼsirchan nazorat toʻliq va samarali oʻrnatilmaganligi sababli 2023-yilda jami 16 milliondan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgan.

Sodir etilgan 9 839 ta yoʻl-transport hodisasi oqibatida 9 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 282 nafar fuqaro halok boʻlgan. Eng achinarlisi, 2023-yilda bolalar bilan bogʻliq 1 794 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok boʻlgan.

Joriy yilning 5 oyida esa mamlakat boʻyicha sodir boʻlgan umumiy yoʻl-transport hodisalarining soni har 100 ming aholiga 7,2 tani tashkil etgan bir paytda ushbu salbiy koʻrsatkich Toshkent shahrida 12,8 tani, Toshkent viloyatida 12,2 taga, Namangan viloyatida 9,1 taga va Fargʻona viloyatida 8,4 taga yetgan.

Oʻlim bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalarining salmogʻi Samarqand, Toshkent (80 tadan), Fargʻona (69 ta), Qashqadaryo va Surxondaryo(53 tadan) viloyatlarida hamon yuqoriligicha qolmoqda.

Muhokamalardan soʻng, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining ushbu kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan aniq takliflari aks etgan qarori qabul qilindi.

Jumladan, ikki oy muddatda Toshkent shahri, Fargʻona, Toshkent va Namangan viloyatlarida yoʻl-transport hodisalarining oshishi sabablarini chuqur oʻrganib, ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq choralarni belgilash va masʼullarning javobgarligini yanada kuchaytirish koʻrsatib oʻtildi.

Shuningdek, oʻlim bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalarining salmogʻi ortib borayotgan hududlarda vaziyatni yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrish, yoʻlni belgilanmagan joyda kesib oʻtish holatlarini kamaytirish maqsadida amaldagi davlat standartlarini xalqaro talablar asosida qaytadan koʻrib chiqish va boshqa vazifalar belgilandi.

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?