Oʻzbekistonda 16 yoshdan avtomobil boshqarishga ruxsat berish haqidagi taklifga munosabat bildirildi

11:46 21 Oktyabr 2020 Jamiyat
6390 0

2020-yil 19-oktyabr kuni fuqaro Baqoyev Javoxir Yaxyo oʻgʻli “Oʻzbekistonda 16 yoshdan avtomobil boshqarishga ruxsat berish haqida” “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga taklif joylashtirgan edi. IIV YHXBB ushbu taklif yuzasidan oʻz munosabatini bildirdi.

"Mamlakatimiz avtomobil yoʻllarida sodir etilgan avtohalokatlar tahliliga nazar tashlar ekanmiz, 18 yoshga toʻlgan oʻgʻil-qizlar tomonidan haydovchilik guvohnomasini olib, yoʻl-transport hodisasini sodir qilayotganlar ham kam emas. Raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida haydovchilik guvohnomasini olganiga 2 yil boʻlmagan haydovchilar tomonidan 612 ta yoʻl-transport hodisalari sodir etilgan boʻlib, ularning oqibatida 191 nafar fuqarolarimiz hayotdan bevaqt koʻz yumishgan boʻlsa, yana 571 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olishgan. Yoʻl-transport hodisalarining oldini olishda haydovchining yoʻl harakati qoidalarini oʻzlashtirganligi, tajribasi, yoshi va madaniyati juda muhim oʻrin tutadi.

Fuqaro Baqoyev Javoxir Yaxyo oʻgʻlining “Oʻzbekistonda 16 yoshdan avtomobil boshqarishga ruxsat berish haqidagi” “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga joylashtirilgan taklifi yuzasidan IIV YHX Bosh boshqarmasi quyidagilarni maʼlum qiladi.

Boshqa davlatlarda boʻlgani kabi yurtimizda ham haydovchilik guvohnomasi olish uchun bir qancha talablar belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni talablari asosida ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 408-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomda “A” toifadagi mototransport vositasini boshqarish huquqiga ega boʻlish uchun 16 yoshga, “V” va “VS” toifaga ega boʻlish uchun 18 yoshga hamda “D” toifaga ega boʻlish uchun esa 21 yoshga (jumladan tramvay va trolleybuslar) toʻlgan shaxslarga ruxsat etiladi.

Ushbu normalar qaror loyihalari ishlab chiqilish jarayonida xorijiy davlatlarning tajribalari oʻrganilib kiritilgan va bu talablar Yoʻl harakati toʻgʻrisidagi (1968-yildagi Vena Konvensiyasi) Konvensiya normalariga mosdir.

16 yoshdan haydovchilik guvohnomasini berish tartibi joriy qilingan xorijiy davlatlar oʻrganib chiqildi.

Misol uchun: Shvetsiya, Fransiya, Avstriya, Estoniya, Norvegiya va ayrim Yevropa davlatlarida xuddi bizning normativ hujjatlarda belgilanganidek 16 yoshda uncha katta boʻlmagan mototsikllarni, 18 yoshda avtotransport vositasini boshqarishga ruxsat etiladi.

16 yoshli bola hali maktab yoki kasb-hunar kolleji oʻquvchisidir. Aynan ushbu yoshdagi bolalar oʻqishini davom ettirishi, boshqa ishlar bilan chalgʻimasligi, jamiyat uchun foyda keltiradigan bilimli insonlar boʻlib ulgʻayishlari zarur.

16 yoshli bolalarda tirishqoqlik, izlanuvchanlik bilan birga maqtanchoqlik, oliftalik kabi xislatlar ham eng avjiga chiqqan vaqt hisoblanadi. Bu yoshdagi bolalarning transport vositasini oʻzboshimchalik bilan boshqarishi salbiy oqibatlar bilan yakun topganligi holatlari uchramoqda.

16 yoshli bolalarda hali “Men” degan fikr soʻnmagan boʻlishi, maqtanishni, “oliftalikni” yaxshi koʻrishi, buning oqibatida esa yoʻl harakati qoidalariga amal qilmaslik, mensimaslik yoki qasddan tengdoshlariga, doʻstlariga avtomobilini maqtanish uchun yoʻl harakati qoidalariga qarshi harakat qilishi mumkin, bu esa fojiali oqibatlarga sabab boʻlishi mumkin" deyiladi YHXBB maʼlumotida.  

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?