Oʻzbekiston yoki Oʻmon. Qaysi jamoa kuchliroq?

Foto: OʻFA
30-avgust kuni Toshkentda “CAFA National Cup” musobaqasining “A” guruhi oʻyinlari start oladi. Oʻsha kuni Oʻzbekiston milliy terma jamoasi turnirning dastlabki turi doirasida Oʻmon Sultonligi terma jamoasi bilan kuch sinashadi.
Xoʻsh, terma jamoalarning imkoniyatlari qanday? Quyida ularning natijalarini solishtiramiz.
Umumiy maʼlumotlar
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ayni paytda FIFA reytingda 1449,12 ball jamgʻargan holda 55-oʻrinni egallab turibdi. Bu ayni paytda Timur Kapadze boshchiligidagi jamoa Osiyoda 6-oʻrinda ekanligini bildiradi.
Oʻmon Sultonligi terma jamoasi esa FIFA reytingdagi 1314,4 ball jamgʻargan 79-oʻrinda bormoqda. Bu Osiyoda ummonliklar 11-oʻrinda ekanini anglatadi.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi “CAFA National Cup” turnirida shu vaqtga qadar 4 ta oʻyin oʻtkazgan. Ulardan 3 tasi terma jamoamizning gʻalabasi bilan yakunlangan, 1 ta bahsda esa magʻlubiyat qayd etilgan.
Xuddi shunday, Oʻmon Sultonligi terma jamoasi CAFA aʼzosi hisoblanmasa-da, oʻtgan galgi turnirga ham mehmon sifatida jalb etilgan va 4 ta oʻyin oʻtkazgan. Jamoa 2 ta oʻyinda gʻalaba qozongan, 1 ta oʻyinda magʻlubiyatga uchragan va yana bitta oʻyinni durang natija bilan yakunlagan.
Bosh murabbiylar
Yaxshi bilasiz, Oʻzbekiston milliy terma jamoasini mahalliy mutaxassis Timur Kapadze boshqarmoqda. Timur Tohirovich 1981-yilning 5-sentyabr sanada tavallud topgan.
Murabbiylik faoliyatini “Lokomotiv” yoshlar jamoasida boshlagan Timur keyinchalik Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi va Vadim Abramovga terma jamoadagi yordamchi murabbiy sifatida ishlagan. Keyinchalik, Kapadze yoshlar futboliga jalb etilgan. U dastlab, Oʻzbekistonning U-20 jamoasini boshqargan. Keyinchalik, Timur Kapadzega “Olimpik” loyihasi va Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi ishonib topshirilgan.
Uning qoʻl ostida Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi Osiyo chempionatida 2-marta vitse-chempionlikni nishonladi. Oʻz tarixida birinchi bor Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etdi.
Shu yilning yozida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ham aynan ushbu murabbiy qoʻl ostida birinchi marotaba Jahon chempionati musobaqasining yoʻllanmasiga ega chiqdi.
Kapadze ayni vaqtda nafaqat Oʻzbekistonda, balki Osiyoda ham eng yaxshi murabbiylardan biri hisoblanadi. U 2-marta Oʻzbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.
Oʻmon terma jamoasini esa ayni paytda portugaliyalik mutaxassis Karlos Keyrush boshqarmoqda. Ushbu mutaxassis oʻzbekistonlik futbol muxlislariga juda yaxshi tanish.
Keyrush murabbiylikdagi faoliyatini Portugaliyaning U-20 terma jamoasida boshlagan. Keyinchalik milliy terma jamoaga ham ustozlik qilgan. 2003/2004-yillarda dunyoga mashhur “Real Madrid” klubini boshqargan.
Karlosning butun Osiyoda nom qozonishiga bogʻliq voqea 2011-yilda yuz bergan. Ayni shu yil portugaliyalik mutaxassis Eron milliy terma jamoasini qabul qilib olgan. Uning 8 yillik boshqaruvida Eron terma jamoasi Osiyodagi eng kuchli TOP-3 ta jamoadan biriga aylangan. 2-marta Jahon chempionatida oʻynagan va ushbu musobaqalarda Portugaliya, Ispaniya va Argentina kabi terma jamoalar bilan oʻyin jihatdan teng oʻynab, butun dunyo futbol jamoatchiligining eʼtiborini tortgan.
Karlos keyinchalik, Kolumbiya, Misr, Qatar kabi terma jamoalarda ishladi. Bir necha oy ilgari Oʻmon Sultonligi terma jamoasi bosh murabbiyligini qabul qilib oldi
Futbolchilar
Oʻzbekiston milliy terma jamoasining oʻzagini tashkil etadigan futbolchilar — legionerlar hisoblanadi. Terma jamoamiz yetakchilari Angliya, Turkiya, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda toʻp surishmoqda.
Oʻmon Sultonligi terma jamoasining asosiy futbolchilari esa mamlakat chempionatida oʻynaydi. Legioner futbolchilar ham qoʻshni mamlakatlar — Iordaniya, Iroq kabi davlatlarning chempionatlarida faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, Tayland va Chili mamlakatlari chempionatida ham ummonlik baʼzi futbolchilarni koʻrish mumkin.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasining eng qimmat futbolchisi Abduqodir Husanov hisoblanadi. Ayni paytda “Manchester Siti” klubida toʻp surayotgan futbolchini “Transfermarkt” portali 35 million yevroga baholagan.
Oʻmon Sultonligi terma jamoasining eng qimmat futbolchisi esa ayni paytda Tailandning “Bangkok Yunited” jamoasida toʻp surayotgan Muhsin Al-Gʻassani hisoblanadi. “Transfermarkt” portali uni 1 million yevroga baholagan. Solishtirish uchun aytish mumkinki, Oʻzbekiston termasining eng qimmat futbolchisi, Oʻmon termasining eng qimmatbaho futbolchisidan 34 million yevroga qimmatroq.
Oʻzaro oʻyinlar statistikasi
Oʻzbekiston va Oʻmon Sultonligi terma jamoalari shu vaqtga qadar 7-marta toʻqnash kelgan. Ushbu oʻyinlarning 4 tasida Oʻmon Sultonligi terma jamoasi gʻalaba qozongan boʻlsa, 3 ta bahs Oʻzbekiston milliy terma jamoasining gʻalabasi bilan tugagan.
Qizigʻi, ushbu jamoalar soʻnggi bor aynan “CAFA National Cup” musobaqasida oʻzaro toʻqnash kelgan. 2023-yilning 11-iyun sanada oʻtgan ushbu bahsda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 3:0 hisobida gʻalaba qozongan.
Ushbu oʻyindagi imkoniyatlar
Tarkib jihatdan qaraganda, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ustunroqdek. Lekin oʻyin FIFA kunlari doirasida oʻtmasligini inobatga olsak, ushbu bahsda Timur Kapadze jamoasiga qator yetakchi futbolchilari yordam bera olmasligi mumkin.
Ammo bu holat Oʻmon terma jamoasiga ham muammo tugʻdiradi. Demak, tushunish mumkinki, har ikki jamoa dastlabki oʻyinni optimal tarkib bilan oʻtkaza olmaydi. Biroq Oʻzbekiston terma jamoasiga mezbon boʻlish faktori katta yordam beradi. Uni ustiga Oʻmon Sultonligi terma jamoasida murabbiy alishganiga koʻp boʻlmadi. Bu holat jamoa oʻyiniga salbiy taʼsir koʻrsatishi ham mumkin.
Xullas, birinchi tur oldidan Oʻzbekiston milliy terma jamoasining imkoniyatlarini yuqori baholashga haqlimiz. Aslida nima boʻlishini esa 30-avgust kuni bilib olamiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring