Oʻzbekiston XVI «Yevroosiyo» xalqaro kinofestivalida uchta mukofotga sazovor boʻldi

16:56 19 Dekabr 2022 Madaniyat
919 0

Foto: Kinematografiya agentligi Axborot xizmati

2022-yilning 12-dekabridan 18-dekabriga qadar Olmaota shahrida XVI «Yevroosiyo» xalqaro kinofestivali boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Ushbu keng koʻlamli tadbirda oʻzbekistonlik rejissyor Ali Hamroyev “Markaziy Osiyo kinosi rivojiga qoʻshgan hissasi uchun” mukofoti, rejissyor Qamara Kamalova “Yoʻl boʻlsin” filmi uchun hakamlar hayʼatining maxsus mukofoti bilan taqdirlandi. Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov «Yevroosiyo festivallar harakatini rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun» faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi.

Shu bilan birga festival doirasida Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov Qozogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport vaziri oʻrinbosari Nurkisa Dauyeshov, Qozogʻiston Kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Yesetjan Kosubayev va «Kinopark» eng yirik kinoteatrlar tarmogʻi rahbari Yerlan Buxarbayev bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Uchrashuvlar davomida oʻzaro hamkorlikda olinadigan kino loyihalar, kino sanʼati va sanoatining boshqa yoʻnalishlarida amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha muhokamalar boʻldi.

VGIK Toshkent filiali va Turon universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumining imzolanishi kinofestival doirasidagi muhim voqea boʻldi. Hujjatda talabalarning birgalikdagi rasmlari, oʻquv dasturlari va kurslari, anjumanlar, forumlar yaratish, talabalar va oʻqituvchilar almashinuvi, mahorat darslari oʻtkazish, shuningdek, ikki oliy oʻquv yurti diplomlarini oʻzaro tan olish koʻzda tutilgan.

Qayd etish joizki, «Yevroosiyo» xalqaro kinofestivali 2 yillik tanaffusdan soʻng qayta tiklangan mamlakatdagi eng yirik va eʼtiborli kinoforumlardan biri hisoblanadi. Kim Ki Duk, Emir Kusturitsa, Jan-Klod Van Damm, Mishel Plasido, Ketrin Denev va boshqalar kabi yulduz mehmonlar turli yillarda oʻtgan kinofestivallarda qatnashgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?