Oʻzbekiston va Vyetnam turizm boʻyicha hamkorlikni yanada kuchaytiradi

17:11 03 Iyun 2023 Madaniyat
932 0

Bugun, 29-may kuni Toshkent shahrida joylashgan “International Tashkent Hotel” mehmonxonasida Oʻzbekiston va Vyetnam davlatlari turizm tadbirkorlarining ikki tomonlama ochiq muloqoti oʻtkazildi. Tadbir Oʻzbekistonning “Prestige Travel” turistik kompaniyasi tashabbusi bilan Madaniyat va turizm vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

Unda Madaniyat va turizm vazirligining masʼul xodimlari, ikki davlatning yetakchi mehmonxona brendlari va turizm kompaniyalari rahbarlari: jumladan, “Prestige Travel” kompaniyasi asoschisi Oybek Ahmedov, Vyetnamning “VinGroup” korporatsiyasi asoschisi hamda Vyetnamdagi yirik “VinPearl” mehmonxonalar tizimi rahbari Aleksandra Nguyen xonim va "Amega Travel Vyetnam” kompaniyasi boshqaruv raisi Sonya Nguyen Thi Xuan xonimlar ishtirok etishdi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Vyetnam oʻrtasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik kengayib bormoqda. Jumladan, ikki davlatlar oʻrtasida sayyohlar oqimi ham avvalgi yillarga nisbatan keskin ortdi. 2022-yilning yakunlariga koʻra, Vyetnamdan Oʻzbekistonga ming nafar sayyoh kirib kelgan.

Maʼlumot uchun, 2023-yilning iyun oyidan boshlab Oʻzbekiston va Vyetnamning Nyachang shaharlari oʻrtasida doimiy toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar qatnovi yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu oʻz navbatida ikki mamlakat turizm sohasida faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat va muhim qulayliklar yaratadi.

“Mamlakatimiz aholisi uchun hamyonbop tur-paketlar ishlab chiqish va ularning sifatli sayohatlarini tashkil etish hamda Vyetnamdan Oʻzbekistonga kirib keluvchi sayyohlar sonini keskin koʻpaytirish maqsadida yangi loyihalar ustida ish olib boryapmiz. Jumladan iyun oyidan boshlab poytaxtimiz Toshkent va Vyetnamning Nyachang shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar ishga tushiriladi. Oʻtgan yili “Prestige Travel” tomonidan 10 ming nafarga yaqin oʻzbekistonliklarning Vyetnamga sayohatlari tashkil etilgan edi. Shu qatorida minglab vyetnamliklarni turist sifatida mamlakatimizga olib kirdik. Yana bir bor taʼkidlayman: amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatlar aholisining sifatli hordiq chiqarishlari uchun muhimdir. Bizning kompaniya bu borada yetarli tajribalar asosida faoliyat koʻrsatadi. Sababi biz Oʻzbekistonda ilk bor Misrga, Chernogoriyaga, Vyetnamga hamda qator Yevropa davlatlariga birinchi marta toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar qoʻyib, sayohat uchun yoʻl ochganmiz”, deb taʼkidladi “Prestige Travel” kompaniyasi asoschisi Oybek Ahmedov.

“Mamlakatimiz turizmini rivojlantirishda bizdagi salohiyatni xorijda yanada kengroq targʻib qilish, xalqaro aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish va noodatiy tarzda xorijiy sayyohlar eʼtiborini jalb qilish muhim hisoblanadi. Shu boisdan bugungidek ikki tomonlama ochiq muloqotlar qator yangiliklarga qoʻl urishimiz uchun asosdir. Vyetnamlik tadbirkorlarning Biz Vyetnam davlatida yurtimizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va goʻzal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida boʻlganlar soni ortib borayotganligini qadrlaymiz va ularni mamlakatimizda koʻrishdan mamnun boʻlamiz”, deb aytib oʻtdi ochiq muloqotda Madaniyat va turizm vazirligi departamenti rahbari Temur Majidov.

Turizmning Oʻzbekiston iqtisodiyotida tutgan oʻrni jadal oʻsib bormoqda. Buni joriy yilning birinchi choragida mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2 mln nafardan ortgani va turistik xizmatlar eksporti salkam 650 mln AQSH dollariga yetganidan ham bilish mumkin. Joriy yilda xorijdan Oʻzbekistonga kirib keluvchi sayyohlar soni 7 mln nafardan ortishi kutilmoqda. Bunda Vyetnam davlati bilan turizm sohasida olib borilayotgan ikki tomonlama hamkorlik ham alohida oʻrin tutadi.

Tadbir davomida dastlab, xorijlik tadbirkorlarga Oʻzbekistonda turizm yoʻnalishida yaratilgan imkoniyatlar va oxirgi erishilgan yutuqlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Shundan soʻng tomonlar ikki mamlakatning turizm imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishish borasida muloqotga kirishdi.

Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda 5 mingga yaqin mehmonxonalar faoliyat koʻrsatmoqda, respublika boʻyicha sayyohlarni qabul qiluvchi oʻrinlar soni 100 mingdan ortdi.

Madaniyat va turizm vazirligi sohada mehnat qilayotgan tadbirkorlar faoliyatini qoʻllab quvvatlagan holda mamlakatimizda yangi turizm yoʻnalishlari faoliyati uchun imkoniyatlar yaratib berish ustida ish olib borilmoqda. Bu bilan aholining turizm madaniyatini oshirish va ularning sifatli dam olishi uchun sharoit yaratilmoqda.

Ushbu tadbirni tashkil etishda tashabbus koʻrsatgan “Prestige Travel” kompaniyasiga 2018-yilda asos solingan boʻlib, kompaniya tomonidan shu vaqtga qadar Oʻzbekiston uchun yangi yoʻnalishlarda aviareyslar qoʻyilishida muhim tashabbuslar koʻrsatib kelmoqda.

Jumladan, “Prestige Travel” kompaniyasi tomonidan 2018-yili Toshkentdan Misrning Sharm-al-Shayx shahriga ilk marta toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar amalga oshirila boshlandi. Shuningdek, 2021-yil may oyida Misrning eng yirik turistik markazlaridan biri Hurgada shahriga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, shu yilning oʻzida Vyetnamning Phu Quok oroliga ham yangi yoʻnalish ochildi. Bundan tashqari, 2022-yilning yozida Vyetnamdagi kurort shaharlardan biri hisoblanmish Nha Trang shahriga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar qoʻyildi. Joriy yilning avvalida esa Chernogoriyaga toʻgʻridan toʻgʻri reyslar amalga oshirila boshlangan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?