Oʻzbekiston va ShHT oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi

16:18 16 May 2022 Siyosat
1151 0

Foto: Sirojiddin Vohidov/“Xalq soʻzi”

2022-yil 16-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min bilan uchrashdi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston bilan ShHT oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Oʻzbekistonning ShHTga raisligidagi tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar Oʻzbekiston raisligida Tashkilotning shu kungacha 40 dan ortiq tadbirlari muvaffaqiyatli oʻtkazilganini qayd etdi hamda joriy yilning may-sentyabr oylariga moʻljallangan yuqori darajadagi uchrashuvlarning tashkiliy masalalari va kun tartibini muhokama qildilar.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston tashabbusi bilan ShHT doirasidagi hamkorlikning yangi yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ular Tashkilot kun tartibini zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda boyitishga xizmat qilmoqda. Xususan, ShHTga aʼzo davlatlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha ilk bor vazirlar yigʻilishlari tashkillashtirildi. 17-may kuni esa Toshkent shahrida oʻsimliklar karantini boʻyicha masʼul idoralar rahbarlarining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtadi.

ShHT Bosh kotibi asosiy voqea — 2022-yil 15-16-sentyabr kunlari boʻlib oʻtadigan SHHTga aʼzo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining majlisiga tayyorgarlik koʻrish, mamlakatimiz tomonidan Samarqand sammitini mazmunan boyitish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarni yuksak baholadi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar boʻlajak sammit doirasida imzolanishi rejalashtirilgan hujjatlarni kelishish jarayonini tezlashtirish boʻyicha faol saʼy-harakatlarni davom ettirish zarurligini taʼkidladilar.

ShHT faoliyatini yanada rivojlantirish, uning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralarda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ayrim masalalari, jumladan, Afgʻonistondagi mavjud vaziyat ham koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?