Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish choralari muhokama qilindi

21:50 26 Fevral 2023 Siyosat
664 0

25-fevral kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy investitsiya agentligi direktori Umbriyel Temiraliyev bilan uchrashdi. Muloqot chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning joriy yil yanvar oyida Qirgʻiz Respublikasiga davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning bugungi holati va kelgusidagi chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Tomonlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik doirasidagi ikki tomonlama koʻp qirrali munosabatlarni mustahkamlashga kuchli turtki bergan mazkur tashrif tarixiy ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladilar.

Shu nuqtayi nazardan, tashrif chogʻida imzolangan muhim hujjatlarning oʻz vaqtidaligi va keng koʻlamga ega ekanligi qayd etildi. Kimyo va toʻqimachilik sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish materiallari, elektrotexnika, shuningdek, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport, logistika va turizm sohalarida erishilgan kelishuvlar joriy etilishining hozirgi holati va ularni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshma rejalar koʻrib chiqildi.

Xususan, ikki davlat hududlarida intensiv bogʻlar va yuqori texnologiyali issiqxonalar tashkil etish boʻyicha kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Qoʻshma loyihalarning aniq manzillari va tashabbuskorlari belgilangan. Loyihalar yuzasidan ishlarni jadallashtirish uchun tadbirkorlik vakillariga har tomonlama yordam berishga tayyorlik bildirildi.

Shuningdek, energetika sohasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. Qambarota GES-1 qurilishi doirasida zarur boʻlgan hujjatlar tayyorlanmoqda.

Ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va oʻzaro bogʻlangan qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratish maqsadida investitsiya tashabbuslarini birgalikda moliyalashtirishning muhim vositalaridan biri hisoblangan Oʻzbekiston-Qirgʻiziston taraqqiyot jamgʻarmasi faoliyati koʻrib chiqildi.

Muzokaralar yakunida muhokama qilingan barcha yoʻnalishlar boʻyicha yaqin hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga tayyorlik bildirildi va muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish doirasida kelgusida hamkorlik qilish formati kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер