Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida kelishilmay qolgan 35 ta uchastka – jami 302 km chegara boʻyicha yakuniy kelishuvga erishildi — Abdulla Aripov

Foto: Gazeta.uz
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisda deputatlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida oʻzbek-qirgʻiz Davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisidagi Shartnomani (Bishkek, 2022-yil 3-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda «Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish toʻgʻrisidagi Bitimni (Bishkek, 2022-yil 3-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihalari muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov boshchiligidagi hukumat aʼzolari ishtirok etib, qonun loyihalari yuzasidan axborot berdi. Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida samarali xalqaro hamkorlik oʻrnatishga, bunda eng avvalo milliy manfaatlarimiz, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur jarayonda ochiq va amaliy, faol tashqi siyosat olib borilayotgani tufayli Oʻzbekiston xalqaro miqyosda ishonchli hamkor sifatida tan olinmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy siyosiy irodasi va doimiy qoʻllab-quvvatlashi tufayli qisqa vaqt ichida mamlakatimiz va qoʻshni davlatlar chegara chiziqlarining eng murakkab hududlari boʻyicha oʻzaro maqbul yechimlar topishga erishilmoqda.
Majlisda deputat Doniyor Gʻaniyev Oʻzbekiston tomonidan Qirgʻizistonga yoki Qirgʻizistondan Oʻzbekistonga berilayotgan yer maydoni ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlayotganligini aytib, ushbu yer maydonlarining toifasi boʻyicha maʼlumotlarga oydinlik kiritishni soʻradi. Deputatning savoliga Bosh vazir Abdulla Aripov tahliliy maʼlumotlar asosida javob qaytardi.
"Qayd etilganidek, haqiqatdan ham, Internet tarmoqlarida tarqalgan maʼlumotda sizlar aytgandek tasdiqlanmagan raqamlar muhokama qilingan. Andijon suv ombori uchun Qirgʻizistonga Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumanidan 1 ming 19 gektar yaylov yer maydoni berilyapti. Albatta suv ombori maydoni 5 ming gektarga yaqin, qolgan yer maydonini qanday kompensatsiya qilindi degan tabiiy savol tugʻiladi.
Qolgan 4 ming gektardan ortiq yer maydonlari sobiq Ittifoq davrida (1970-yillarda) Andijon suv ombori uchun Oʻzbekiston tomonidan kompensatsiya tariqasida berilgan. Arxiv hujjatlarini oʻrganish jarayonida maʼlum boʻldiki, sobiq Ittifoq davrida Oʻzbekiston tomonidan 200 km dan ortiq Kampirobod chap qirgʻoq kanalini qurib berish majburiyati olingan. Afsuski, har xil sabablar bilan ushbu kanal qurilmasdan qolib ketgan. Aynan shu majburiyat bajarilmaganligi sababli, katta miqdordagi 8 mingdan 18 ming gektargacha boʻlgan yer maydonlari oʻzlashtirilmasdan qolganligi Qirgʻiziston tomonidan uzoq yillar davomida taʼkidlab kelingan.
Agar “Andijon” suv omboridan Qirgʻizistonning Botken viloyatigacha ushbu kanal va qoʻshimcha gidrotexnik inshootlarni qurib beradigan boʻlsak, respublikamiz byudjetidan koʻp mablagʻ talab etiladi. Bundan tashqari, Andijon va Fargʻona viloyatlaridagi 20 dan ortiq aholi punktlarini koʻchirishga majbur boʻlamiz.
Eng achinarlisi, 2 ming gektardan ortiq qishloq xoʻjaligida foydalanilayotgan yer maydonlarini yoʻqotishimiz mumkin edi. Shu bois, Namangan viloyatining Pop va Chust tumanlaridagi Gʻovasoy uchastkasidagi togʻli hududdan 12 ming 700 gektar atrofida yaylov yer maydoni kompensatsiya tarzida berilishi taklif etilmoqda. Namangan viloyatidan saylangan deputatlarimizning xabari bor, taklif etilayotgan Gʻovasoy uchastkasining 6 ming gektari bahsli hudud boʻlib, amalda Qirgʻiziston fuqarolari tomonidan foydalanib kelinmoqda. Hisob-kitob qiladigan boʻlsak, 8 ming gektardan ortiq oʻzlashtirilmagan qishloq xoʻjaligi yer maydoni uchun 12 ming 700 gektar yaylov maydonini taklif qilyapmiz.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, hozirda amaliyotda chegara boʻyicha muhokamalarda oʻrtacha bir gektar ekin yeri uchun 2,5 barobar koʻp yaylov yeri berish qoʻllab kelinmoqda. Taklif etilayotgan qonun loyihasida 19,5 ming gektar emas, balki 13 ming 719 gektar yaylov yer maydonlarini kompensatsiya tariqasida Qirgʻiziston tomoniga ajratilishi nazarda tutilmoqda (4 ming 127 gektari oldin berilgan)".
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring