O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida adabiy aloqalar yangi bosqichda

16:36 24 Aprel 2025 Jamiyat
258 0

Foto: Davronbek Ernazarov / “Xalq soʻzi”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yilda Qirg‘izistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida adabiy-madaniy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgan edi. Mazkur kelishuvlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonga Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi raisi Qanibek Imonaliyev boshchiligidagi ijodkorlar delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Ushbu tashrif mamlakatlar o‘rtasidagi adabiy aloqalarning yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolatdir. Tashrif doirasida bir qator adabiy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, Chingiz Aytmatov ijodiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman, o‘zbek tarjimonlari tomonidan qirg‘iz adabiyoti namunalarining taqdimoti hamda Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romani qirg‘iz tilidagi nashri namoyish etildi.

Delegatsiya a’zolari tashrif avvalida Abdulla Qodiriy uy-muzeyida bo‘lishdi hamda Chingiz Aytmatov haykali poyiga gul qo‘ydilar.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida bo‘lib o‘tgan «Chingiz Aytmatov — turkiy olamning umumiy iftixori» xalqaro anjumani tashrifning eng muhim tadbirlaridan biri bo‘ldi. Anjumanda ikki davlat vakillari — O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Majidov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Duyshonqul Chotonov so‘zga chiqib, Chingiz Aytmatov ijodi xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik timsoli ekanini ta’kidladilar.

Anjumanda Chingiz Aytmatov tavalludining 100 yilligini jahon miqyosida nishonlash va 2028 yilni «Chingiz Aytmatov yili» deb e’lon qilish yuzasidan BMTga taklif yo‘llash to‘g‘risida rezolyusiya qabul qilindi.

Tadbir doirasida Roza Aytmatovaning «Xat keldi» va Qanibek Imonaliyevning «Qirg‘iznoma» kitoblari taqdimoti ham o‘tkazildi. Roza Aytmatova — Chingiz Aytmatovning singlisi bo‘lib, u o‘z asarida ukasi Ilgiz Aytmatovning o‘smirlik yillarini yoritgan. «Qirg‘iznoma»da esa Qanibek Imonaliyev qirg‘iz xalqining mentaliteti va tarixiy tajribasini hayotiy hikoyalar orqali qalamga olgan.

Ikki asar ham taniqli yozuvchi Nurali Qobul tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan bo‘lib, ularning nashri o‘zbek adabiyotidagi tarjima boyligini yanada kengaytiradi.

Mazkur tashrif ikki xalq o‘rtasidagi adabiy aloqalarni yanada mustahkamlash, madaniy hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqish sari qo‘yilgan muhim qadam sifatida tarixga muhrlanadi.

Foto: Davronbek Ernazarov / “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер