Oʻzbekiston va Misr bir-biridan uzoq masofada joylashganiga qaramay, ularni tarixiy va madaniy mushtaraklik
Misr poytaxti Qohira shahrida “Oʻzbekiston va Misr: hamkorlik istiqbollari” mavzusida davra suhbati oʻz ishini boshladi.
Tadbirda Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori oʻrinbosari Bobur Usmanov soʻzga chiqib, ikki davlat siyosiy munosabatlariga alohida urgʻu berdi.
Mutaxassisning fikricha, Oʻzbekiston va Misr bir-biridan uzoq masofada joylashganiga qaramay, ularni tarixiy va madaniy mushtaraklik, samimiy doʻstlik rishtalari birlashtirib turadi. “Eng asosiysi – bizning munosabatlarimizda siyosiy toʻsiqlar yoʻqligidir”, – dedi u.
Uning soʻzlariga koʻra, Misr – arab davlatlari orasida birinchilardan boʻlib, mamlakatimiz mustaqilligini tan olgan davlat sifatida tarixga kirgan. Oʻzbekiston Misr bilan xalqaro maydonda ilk diplomatik aloqalarni yoʻlga qoʻygan davrdan boshlab, to hozirgi vaqtga qadar ishonchli hamkor ekanligini namoyon etdi.
“Movarounnahr va Misr diyorida yashab ijod qilgan buyuk bobokalonlarimizning noyob ilmiy-maʼrifiy merosi va asarlari nafaqat xalqlarimizning, balki butun musulmon olamining bebaho boyligi sanaladi”, – deya taʼkidladi Usmonov.
“Buyuk ajdodimiz Ahmad Fargʻoniy Misrda yashab, misli koʻrilmagan kashfiyotlarni amalga oshirgan. Qohira shahrida, Nil boʻyida uning sharafiga oʻrnatilgan haykal tomonlar oʻrtasidagi azaliy doʻstlikning yorqin ramziga aylangan”, – qoʻshimcha qildi ekspert.
SMTI direktori oʻrinbosarining fikricha, Oʻzbekiston Misrni nafaqat Afrika mintaqasida va xalqaro maydondagi muhim hamkori, balki arab va musulmon olamidagi yetakchi mamlakatlardan biri deb biladi. Qayd etilishicha, ikki tomonlama munosabatlar asrlar osha mustahkam doʻstona aloqalar, chuqur hurmat va oʻzaro manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslanadi.
Shuningdek, ikki davlatning mintaqaviy va global masalalarga yondashuvlari bir-biriga yaqinligiga alohida urgʻu berildi. Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston Misrning Yaqin Sharq muammosini tinch yoʻl va diplomatik vositalar orqali hal etish borasidagi amaliy va adolatli siyosatini qoʻllab-quvvatlaydi.
“Misr oʻz navbatida Oʻzbekistonning Afgʻonistonda mustahkam tinchlik va barqarorlik oʻrnatish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini va Toshkentning diplomatik faolligini mintaqada xavfsizlikni taʼminlashda muhim omil deb biladi”, – deya xulosa qildi mutaxassis.
Maʼlumot uchun: Davra suhbati Oʻzbekiston Respublikasining Qohiradagi elchixonasi tomonidan Misrning “Hivar” siyosiy va axborot tadqiqotlar markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda ikki mamlakatning yetakchi tahlil va ilmiy-tadqiqot tuzilmalarining 45 dan ortiq yetakchi ekspertlari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbir ishtirokchilari muzokaralar doirasida Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbolini atroflicha tahlil qilish va oʻzaro aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan ustuvor yoʻnalishlarni belgilab olishni rejalashtirgan.
Uchrashuvda Oʻzbekiston tomonidan Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, TIV huzuridagi Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi hamda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbarlari va mutaxassislari qatnashmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring