Oʻzbekiston va Malayziya hamkorligida “Islom sivilizatsiyasining buyuk allomalari” mavzusiga bagʻishlangan uchinchi xalqaro anjuman tashkil etildi

13:35 02 Iyun 2023 Siyosat
587 0

Joriy yil 24-25-may kunlari Malayziya Islom sivilizatsiyasi institutida “Islom sivilizatsiyasining buyuk allomalari” mavzusidagi uchinchi xalqaro ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Seminar Oʻzbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari bilan oʻzaro hamkorlikda gibrid shaklda boʻlib oʻtdi.

Anjuman ishida 100 dan ortiq ishtirokchi, xususan, ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot markazlari va oliy taʼlim muassasalari vakillari, yetakchi olimlar qatnashdilar.

Tadbirning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Malayziya din ishlar vaziri Mohd Naim bin Moxtar ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar sohada samarali hamkorlikni ijobiy baholar ekan, doʻstona aloqalarni yanada rivojlantirishdan Malayziya tomoni manfaatdor ekanligini alohida taʼkidladi.

Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarni, islom dinining asl insonparvarlik va maʼrifatparvarlik mohiyatini hamda islom sivilizatsiyasining boy merosini xalqaro miqyosda targʻib etishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli chora-tadbirlarga yuqori baho berdi.

Vazir Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar tarixda ikkita Maʼrifiy Renessansga asos solganini alohida eʼtirof etdi. “Ularning ilmiy-ijodiy kashfiyotlari umumbashariyat taraqqiyoti rivojiga mislsiz hissa qoʻshgan. Mazkur boy merosni oʻrganishga Malayziyada ham katta qiziqish mavjud. Ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot markazlari oʻrtasidagi hamkorlik ushbu merosimizni chuqur tadqiq qilish va keng targʻib etishga katta hissa qoʻshayotgani quvonarli holdir”, dedi u.

Vazir har yili tashkil etilayotgan mazkur ilmiy forum xalqlarimizning azaliy tarixiy aloqalari va mushtarak qadriyatlari asosida doʻstona munosabatlarni mustahkamlash uchun muhim poydevor boʻlib xizmat qilayotganini qayd etdi.

Tadbir davomida Malayziya va Oʻzbekiston olimlari hamkorligida nashr etilgan “Islom sivilizatsiyasining mutafakkirlari” nomli kitobning taqdimot marosimi ham oʻtkazildi.

Tadbir ishtirokchilariga Oʻzbekiston hayotining barcha jabhalarida, xususan, diniy-maʼrifiy sohada tatbiq etilayotgan keng koʻlamli islohotlar, islom sivilizatsiyasining maʼnaviy-intellektual merosini tadqiq qilish va targʻib etish borasida respublikada keyingi yillarda amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar va loyihalarga oid batafsil maʼlumot berildi.

Anjuman davomida jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan musulmon dunyosining buyuk allomalari hayoti va ilmiy merosi boʻyicha taqdimotlar oʻtkazildi. Jumladan, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Muhammad Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi mutafakkirlarning merosi haqida atroflicha fikr yuritildi.

Shuningdek, Malayziya tomoni vakillarining eʼtiboriga Oʻzbekistonning ziyorat turizmi salohiyati, “Oʻzbekiston – islom sivilizatsiyasi markazi” va “Samarqand – Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” brendlari toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar havola qilindi.

Shu oʻrinda qayd etish joizki, elchixona tashabbusi bilan 2021-2022-yillarda Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy- tadqiqot markazi oʻrtasida Hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumlar imzolangan.

Birinchi onlayn seminar Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi doirasida 2021-yil 8-9-aprel kunlari “Islom sivilizatsiyasining buyuk allomalari” mavzusida oʻtkazilgan edi. 2022-yil 19-may kuni esa “Sharq allomalarining islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi” mavzusida ikkinchi xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya tashkil etilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер