O‘zbekiston va Buyuk Britaniya parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik yanada rivojlantiriladi

18:13 25 Yanvar 2024 Siyosat
394 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva London shahrida Buyuk Britaniya Parlamentining Lordlar palatasi spikeri Jon MakFoll bilan uchrashdi.

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi siyosiy-diplomatik muloqotni kengaytirish, parlament diplomatiyasini faollashtirish, savdo-iqtisodiy aloqalarga yangi tus berish hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar muzokaraning asosini tashkil etdi.

Dastavval, keyingi yillarda O‘zbekistonda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jamiyatni yana-da demokratlashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni rivojlantirishga qaratilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi yuzasidan batafsil maʼlumotlar berildi.

Suhbat chog‘ida davlatlarimiz o‘rtasida iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishga ustuvor masala sifatida qaralishi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish mamlakatlarimiz uchun manfaatli ekani, bunda O‘zbekiston-Britaniya investitsiya forumi ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun samarali platformaga aylangani alohida taʼkidlab o‘tildi.

O‘zaro investitsiyalarni jalb etish, iqtisodiyotning turli tarmoqlari o‘rtasidagi aloqalar ko‘lamini kengaytirish, taʼlim, texnologiyalar sohasida xamkorlikni kuchaytirish borasida ikki davlat parlamentlari imkoniyatlaridan keng foydalanish yuzasidan fikr almashildi.

Buyuk Britaniya va O‘zbekistonda, umuman, jahonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni hisobga olgan holda parlamentlararo muloqotni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, qonunlarni qabul qilish, parlament nazoratini amalga oshirish yo‘nalishlarida tajriba almashish, o‘zaro aloqa va yaqin munosabatlarni mustahkamlash uchun ikki mamlakat parlamentlari aʼzolarining tashriflarini amalga oshirish, shuningdek, xalqaro parlament tuzilmalari, doirasida konstruktiv hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida o‘tkazilgan muzokara va erishilgan kelishuvlar natijalaridan kelib chiqib, hamkorlik bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?