Oʻzbekiston va Belarus: oliy va professional taʼlim hamda ilmiy sohadagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi

11:41 07 Fevral 2024 Siyosat
174 0

6-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga Belarus Respublikasi Taʼlim vaziri Andrey Ivanes boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Delegatsiyani oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov qabul qildi.

Uchrashuv davomida tomonlar oliy taʼlim sifatini oshirish, yuqori texnologik ishlab chiqarishga asoslangan zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beruvchi kadrlarni hamkorlikda tayyorlash masalalarini muhokama qildilar.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Q. Sharipov soʻnggi yillardagi islohotlar natijasida yurtimizda 100 ta yangi oliy taʼlim muassasalari tashkil etilganini, xususan koʻplab xorijiy universitetlar ham faoliyat yuritayotganini taʼkidlab, Toshkent shahridagi Belarus-Oʻzbekiston qoʻshma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti faoliyatiga alohida urgʻu berdi.

— Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor jihatlaridan kelib chiqib, muhandislik va texnik yoʻnalishlarda taʼlim, energetika, metallurgiya, mashinasozlik, neft-gaz, qurilish, yengil sanoat, tibbiyot va qishloq xoʻjaligi sohalariga kadrlar tayyorlash sifatini oshirishimiz kerak, — dedi vazir.

A. Ivanes ikki mamlakat olimlari oʻrtasida Ilmiy-texnik konsorsium tashkil etish, masofaviy taʼlim yoʻnalishini rivojlantirish, yurtimiz kollej va kasb-hunar maktablari oʻqituvchilarini Belarus davlatida stajirovkadan oʻtishlarini tashkil etish, texnoparklar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, talabalar otryadlarini tashkil qilish kabi takliflarni berdi.

Shuningdek, tomonlar Oʻzbekiston-Belarus qoʻshma ilmiy loyihalar dasturlarini yanada rivojlantirish, yirik yuqori texnologik korxonalarda talabalarning amaliyot oʻtashlarini tashkil etish, professional taʼlim muassasalari oʻquvchilari orasida tashkil etilayotgan professional taʼlim mahorati boʻyicha xalqaro tanlovlarda Oʻzbekistonning ishtirokini yanada kengaytirish, fanlararo yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Bundan tashqari, hududlarda professional va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Ikki davlat oliy taʼlim muassasalari tomonidan yaratilgan yuqori texnologik mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga olib chiqishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish zarurligi boʻyicha fikr almashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер