Oʻzbekiston uchun Chevrolet Trailblazer ishlab chiqaradigan zavod sotiladigan boʻldi

10:11 17 Fevral 2020 Iqtisodiyot
2470 0

Hasan Paydoyev("Xalq so'zi")

AQSHning General Motors kompaniyasi Tailanddagi avtozavodini Xitoyning Great Wall Motor Co Ltd. kompaniyasiga sotadigan boʻldi. Bu haqda GM rasmiy saytida maʼlum qilingan.

Amerika kompaniyasi investitsiyalardan zarur daromad bermayotgan bozorlardan chiqib ketish strategiyasi doirasida Avstraliya, Yangi Zelandiya va Tailanddagi faoliyatini boshqa joyga koʻchirishga qaror qilgan.

Xususan, 2021-yilda Avstraliyada Holden brendini ishlab chiqarish toʻxtatilsa, yil oxirigacha Tailanddagi Rayong zavodini sotish ishlari yakunlanadi.

Kompaniya ushbu zavod faoliyatini tahlil qilib, kam yuklanish va prognoz qilingan hajmlar asosida u yerda ishlab chiqarishni davom ettirishni foydasiz deb topdi.

Shunday qilib Chevrolet oʻzining xususiy ishlab chiqarishisiz endilikda Tailanddagi yangi avtomobillarga raqobat tugʻdira olmaydi. Sababi kompaniya yil oxirigacha ushbu mamlakatdan Chevrolet brendini olib chiqib ketadi.

General Motors bosh direktori Meri Barra kompaniyasi yuqori daromad keltiradigan bozorlarga eʼtiborini qaratishini bildirgan.

Kompaniya rahbari qator, shu jumladan, Oʻzbekiston bozori bilan ham sheriklik aloqalarini optimallashtirish davom ettirilishini alohida taʼkidlagan. Bunday hamkorlik aktivlar taqdim etish va oʻsib borayotgan bozorlarda xarajatlarni kamaytirish uchun yetkazib berishning mustahkam zanjirlarini yaratish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

Maʼlumot uchun, Tailanddagi Rayong zavodida Colorado va Trailblazer modellari ishlab chiqariladi. Oʻtgan yil noyabr oyida ushbu korxonadan yurtimizga Chevrolet Trailblazerʼning birinchi partiyasi joʻnatilgan edi.

2019-yil oxirida esa UzAuto Motors Chevroletʼning toʻrtta rusumi — Equinox, Traverse, Trailblazer va Tahoeʼni taqdim etgan edi. Yanvar oyida kompaniya birinchi bosqichda AQSH, Xitoy va Tailanddan tayyor avtomobillarni keltirishga qaror qilingani haqida xabar bergandi.

Agar dastlabki olti oy davomida sotuv hajmlari oʻsib borsa, UzAuto Motors bu segmentda aniq oʻrnini egallab, mazkur modellarni respublika ichida ishlab chiqarishga ham mablagʻ ajratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер