Toshkentda “Mirabror Usmonov xalqaro xotira turniri – 2025” boʻlib oʻtdi

22:41 28 Iyul 2025 Sport
344 0

Shu yilning 22–28-iyul kunlari Toshkentdagi JAR stadionida futbol boʻyicha anʼanaviy “Mirabror Usmonov xalqaro xotira turniri” boʻlib oʻtdi.

Ushbu nufuzli musobaqada Oʻzbekiston, Yaponiya va Saudiya Arabistoni olimpiya (U-23) terma jamoalari ishtirok etdi. Birinchi turda Oʻzbekiston terma jamoasi Saudiya Arabistonini 3:1 hisobida magʻlub etdi.

Ikkinchi turda Yaponiya terma jamoasi saudiyaliklar ustidan yirik — 5:1 hisobida gʻalaba qozondi. Bu bahsda samuraylar oʻzlarining yuqori darajadagi tayyorgarligi, aniq taktikalari va jamoaviy oʻyinlari bilan koʻzga tashlanishdi.

Turnirning hal qiluvchi — final uchrashuvi Oʻzbekiston va Yaponiya jamoalari oʻrtasida boʻlib oʻtdi. Qizgʻin va murosasiz oʻtgan oʻyinda yaponlar 0:2 hisobida gʻalaba qozonib, turnir gʻolibiga aylanishdi. Uchrashuvda kiritilgan gollarga Yudai Shimamoto va Alen Inoue mualliflik qildi.

Aytish joizki, “Mirabror Usmonov xalqaro xotira turniri” — yosh futbolchilar uchun xalqaro tajriba orttirish, oʻz mahoratlarini namoyon etish va kelajakdagi yirik musobaqalarga tayyorgarlik koʻrishda muhim maydon hisoblanadi.

Anʼanaviy ravishda har yili oʻtkaziladigan ushbu turnir — marhum davlat va jamoat arbobi, milliy sport taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan Mirabror Usmonov xotirasiga hurmat ramzi sifatida tashkil qilib kelinmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Mirabror Usmonov 2006–2017-yillarda Oʻzbekiston futbol federatsiyasi, 2013–2017-yillarda Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda 2015–2017-yillarda Markaziy Osiyo futbol federatsiyasi prezidenti sifatida faoliyat yuritgan va milliy futbol rivojiga katta hissa qoʻshgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?